Izg'irinda qolgan qalb

Qish bo'yi uyquda bo'lgan tabiat bahor kelishi bilan o'z go'zalligini yana bir bor ko'z-ko'z qilmoq uchun uyg'ona boshlaydi. Daraxtlar o'z oshig'ini kutgan ma'shuqa misol gullardan libos kiyib, uyalgannamo jilmayib turgandek...

Qushlar ham fazoi baxtdan sarmast qanot qoqishadi. Yigit-qizlar qalbida o'zgacha hissiyotlar jo'sh ura boshlaydi... Yosh bolakaylar allaqachon ko'klam o'yinlarini boshlab yuborishgan. Hamma yerda bahor tarovvati...

Faqatgina... Faqatgina mening qalbim hamon qishning izg'irinida qolgan, yupun kiyingan kimsadek qaltirab turibdi. Qayerga kelib qolganini ham, qayerga ketayotganini ham bilmaydigan telbadek. Ortga qaytay desa, shuncha masofani bosib o'tdi, oldinga yurishga esa na bir manzil, na bir yo'l topolmay sarson. Yuraveradi, yuraveradi... Foydasiz. Yana turgan joyiga kelib qolaveradi. Yordam so'ray desa hech kim ko'mak bermaydi. Bu shunday joyki, bu yerdan hech kimning yordamisiz, o'zing yo'l topmog'ing kerak. O'z qalbingni o'zing zulmatdan olib chiqishing lozim. Ammo qanday qilib?!

Qayga qaramay, barcha baxtiyor... Mening yuragim esa hali-zamon devorlari g'am, har oni azob bo'lgan kishining zindonda zanjirband bo'lgandek diydirab turibdi...

Zahro
Manba: www.hazon.uz

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish