Asir yurakning ozodligi

Bitiruv kechamizda telefonimga "Tashqariga chiq, muhim gapim bor", degan SMS keldi. Xabar egasini tanimasam-da, ichimda nimadir shuv etdi.  "U sirli kishi kim?" deya asta tashqariga mo'raladim. Tashqarida esa sinfdoshlarim Odil va Jamol gaplashib turishgan ekan. Pardaning qimirlaganini sezgan Jamol Odildan uzoqlashdi. Shunda SMS yozgan Jamol ekanligini payqadim.

Jamol sinfimizdagi eng ko'rkam, o'ziga qarab yuradigan, otasining erka o'g'li edi. Uni kuttirib qo'ymaslik uchun asta tashqariga otlandim.  Ikkimiz sassiz sal naridagi kattakon daraxt tagiga bordik.
- Saida, - dedi Jamol tomog'ini qirib olarkan, - anchadan beri senga bir gapni aytaman, deyman-u, negadir tilim bormaydi.
- Gapiraver, qulog'im senda… - Mening ham tilim aylanmas, yuragimning urishini Jamol eshitib qolishidan qo'rqib, entikib ketayotgandim.
- Maktabni bitirib, hammamiz har yoqqa ketamiz. Sen bilan uchrashishning mavridi bo'ladimi-yo'qmi, bilmayman, lekin men  kollejga hujjatlarimni topshirmoqchiman. U yerdagi tartibni bilasan. Men chiroyli so'zlarni bilmayman, shuning uchun bir gapimni unutma: men uchun o'zingni asra! Balki, yillab meni kutarsan, ko'zlaring yo'limda intizor bo'lar, ammo meni kutishdan charchama. Diling ham, yuraging ham, o'y-xayollaring ham meniki bo'lishini istayman.

Men o'zim orzu qilgan, cho'rtkesar, ko'rkam va gapidan qaytmaydigan yigit menga dil izhor qilayotganidan ich-ichimga sig'mayotgandim.

Oradan kunlar, ketidan oylar o'tdi. Men hujjatlarimni hamshiralikka topshirdim. Jamol esa o'zi aytganiday harbiy bilim yurtini tanladi. O'quv yili ham boshlandi. U meni birinchi bo'lib telefon orqali tabrikladi. Biz bir-birimizni kam ko'rsak-da, har kuni telefonda gaplashardik. Gapimiz esa sira tugamasdi.

Shunday kunlarning birida uyimizga sovchi keldi. Sovchi uzoq qarindoshimizdan bo'lib, yoshligimizda ota-onalarimiz kelishib qo'yishganini vaj qilib, onamning boshini rosa garang qilishdi. Shunda yuragim shuv etdi. Otam tomondan bo'lgan qarindoshlarimiz gaplarida turib olishsa-chi? Unda nima bo'ladi?

Darrov Jamolga qo'ng'iroq qildim. Aksiga olib, telefoni o'chirilgan ekan. Telefon yoqilganligi haqidagi xabarni olishim bilan tanish raqamlarni izlay boshladim. Nazarimda, Jamolning raqamini bir umr qidirgandek bo'ldim.
- Allo, - degan tanish ovozdan sapchib tushdim-u, ko'zlarimda yosh aylandi.
- Allo, men.. … menga sovchi keldi uzoq qarindoshimizdan, - dedim hiqillab.
- Kim ekan u seni mendan tortib oladigan? Yig'lama, men borman-ku…

Jamolning oldida o'zimni xuddi kattakon tog' qarshisida turgandek his qilardim. Chunki u meni doim asrab-avaylashi, himoya qilishiga ishonardim…

Oradan hech qancha vaqt o'tmay, yana o'sha qarindoshlarimizdan sovchi keldi va bu safar aynib qolishganini, yigitning sevgan qizi borligini aytib ketishdi. Bu, albatta, Jamolning ishi ekanini yuragimdan his qilardim. Endi muhabbatimiz tobora kuchayib borar, u mensiz, men esa usiz turolmasdik. Shu asnoda yillar o'tdi. Men kollejni bitirib, o'qishimni davom ettirishga bel bog'ladim. Jamol ham harbiy kollejni tugatib, chegara qo'shinlariga serjant bo'lib jo'nadi.

Endi bizlarni uzoq masofa ajratib turar, istasak-da, ko'risha olmasdik. O'qishga sho'ng'ib ketsam-da, Jamolni uchratolmayotganim uchun jizzaki bo'lib qolgandim.

Bir kuni uyimizga yana sovchilar keldi. Onam meni qo'yarda-qo'ymay yigit bilan uchrashishga ko'ndirdi.
- Bir martagina, nomiga bo'lsa ham chiq, sovchilarning oldida yuzim shuvut bo'lmasin, - deya yalindi onam.

Agar shu uchrashuv hayotimni ostin-ustun qilishini bilganimda…

Xullas, uchrashuvga chiqdim. Uzoqdan ko'rkam, bo'yi baland yigitni ko'rib, ataylab qadamimni sekinlatdim. Uning qarshisiga borarkanman, menga sovchi qo'ygan yigitning yuz ko'rinishi qanaqa ekan, deb o'ylardim. Ne ko'z bilan ko'rayki, u sinfdoshimiz Erkin ekan. U Jamol bilan munosabatimizdan xabardor edi.
- Erkin, senmisan?  - to'g'risini aytsam, kulib yuboray dedim. Chunki bir paytlar Erkin juda bo'sh-bayov bola, buning ustiga sinfdoshlarimizdan kaltak yeb yurardi.
- Salom, yaxshimisan?

Erkinning shunchalik o'zgarganini endi ko'rib turibman. Jiddiy, nigohi qat'iy..
- Bilasanmi Saida, men senga o'shandayoq ko'ngil qo'ygandim. Ammo Jamol uddaburonroq chiqib, seni ilib ketdi. Sen ham unga moyilligingni bildirding. Endi esa u bizdan yiroqda. Agar unga turmushga chiqsang, boshing ko'ch-ko'chdan chiqmaydi. Nahotki shunday turmushga rozi bo'lsang?

Men unga tikilib "Bu mening hayotim, sening ishing bo'lmasin", dedimu orqamga o'girilib, ketishga chog'landim.
- Bilib qo'y, baribir, seni o'zimniki qilaman!

Erkinning hayqirgan ovozi xiyobonni tutdi.
- Hech qachon, hech qachon! - deya olg'a odimlardim. Oradan bir-ikki kun o'tib, telefonim jiringladi. Qarasam, notanish raqam.
- Allo…
- Allo!

Jamolning ovozidan ko'nglim yorishdi.
- Sog'lig'ingiz yaxshimi?
- Haminqadar… Toki sen tomondan yomon mujda eshitmaganimga qadar yaxshiydi…
- Bu nima deganingiz?
- Erkin bilan nima qilib qo'l ushlashib yuribsan, senga nima degandim? Uchrashuvlarga chiqmayman, deb va'da bergan kim?

Ustma-ust savollardan esankirab qoldim.
- Menmas, oyim, oyim qo'ymadi…
- Ko'ngling uchrashuvni tusab qolgan bo'lsa, katta ko'cha senga, xayr!  Bugundan boshlab hammasi tamom!

Aloqa uzildi. Nima qilishimni bilmay, yig'lab yubordim.

Ko'z oldimga tirjayib turgan Erkinning siymosi keldi. Hammasiga Erkin aybdor, degan o'yda unga telefon qildim.
- Allo, senga nima degandim? Jamolning sevgisini bila turib, menga sovchi qo'yding, maqsading nima edi?
- Maqsadimmi? Maqsadim senlarni ayirish! Senga ega bo'lish!

Undan nafratlanib ketdim.
- Senga xotin bo'lgandan ko'ra, o'lganim yaxshi…

Shu o'yda shaht bilan hovliga otildim. Ko'zlarimdan tirqirab yosh oqar, dunyo men uchun tor edi. Jamolning oldida nima degan odam bo'ldim? Pok sevgimizga dog' tushdi. U meni kechirmaydi. Erkin esa… U menga sovchi qo'yganiga bir umr afsuslanib yuradi. Hammasi afsuslanadi, Jamol ham, Erkin ham, onam ham…

Hovliga chiqsam, eshikdan kirib kelayotgan sovchilarga ko'zim tushdi. Onam ularni xushmuomalalik bilan ichkariga boshladi. Hammasini barbod qilishning yo'lini topdim. Sovchilarga Jamolni sevishimni, boshqaga turmushga chiqmasligimni aytaman.

Choy bahona ichkariga kirdim. Menga zimdan tikilayotgan ayollarga yer tagidan qararkanman, ich-ichimdan g'azab qaynab chiqardi.
- Men.. men Jamolni sevaman, Erkinga turmushga chiqish niyatim yo'q! Faqat Jamolni deyman…
- Hayosiz! Nimalar deyapsan?

Onamning dashnomlari ham menga kor qilmadi. Bor gapni aytib, chiqib ketdim. Baxtim uchun kurashishim kerak edi.

Tashqariga chiqqach yengil nafas oldim. Mana, hammasi tamom! Endi nima bo'lsa bo'lar…

Shu payt ichkaridagi ayollarning ovozi baland chiqa boshladi:
- Hoy, kim bor? Yordam beringlar!..

Ichkariga kirishga botinolmasdim. Singlimni kiritdim. Ichkaridan uning "Oyijon!" degan ovozi keldi. Men ham xonaga chopdim. Onam yerda og'zidan ko'pik chiqib, tipirchilab yotardi. Darrov qo'limga qoshiq olib, nafas yo'lini ochdim. Ammo oyimning qorachiqlari tepaga keta boshladi.
- Oyi, oyi…
- Sevging boshingga yetdi, qizgina, o'zingga balosi ursa ham mayli edi, shuncha yil senlarni bir ko'zlab boqqan onangning boshiga yetding… - deya notanish ayol oyimning boshini ko'tarib, yelpidi.
- Hozirgi qizlarga hayronsan, bunaqa kelin olgandan ko'ra, o'g'lim xotinsiz o'tsin-a!

Bu Erkinning onasi edi.

"Tez yordam" onamni olib ketdi. Hovlida opa-singil ikkimiz qoldik. Oradan hech qancha o'tmay qo'shnimiz Ziyod aka bizni kasalxonaga olib bordi. Jonlantirish bo'limi oldida doktorlarning javobini kutardik. Tinmay kirib-chiqayotgan shifokorlarning yuz-ko'zidagi xavotirni ko'rib, qilib qo'ygan ishimdan afsuslandim. Ammo endi juda kech edi. Tongga yaqin onamning ahvoli yaxshilandi.
- Xudo bir qaytarib berdi, - dedi shifokor ayol xushmuomalalik bilan. - Endi onangizni asrang, unga faqat yaxshi gaplarni ayting, yomon xabar, asabiylashish umuman mumkin emas…

Onam yotgan palataga asta kirdim. Turli naychalar ulangan onamning tanasi bir kunda shalvirab qolgan edi. "Bizni deb yonib-kuydi, otasi yo'qligi bilinmasin, deya yaxshi yedirib-kiydirdi, o'qitdi. Men esa birgina yigitni deb, onamdan ajralib qolishimga bir bahya qoldi. Eh, nimalar qilib qo'ydim, a?.."

Onajonimning nim yumuq ko'zlarini, qo'llarini silar ekanman, tinmay yig'lardim.
- Oyijon, meni kechiring, men xato qildim…

Kunlar o'tib, oyim sekin-asta oyoqqa tura boshladi. Kasalxonadan chiqishiga ular yaxshi ko'rgan taomlarni pishirdim. Ammo onam negadir men bilan ilgarigidek gaplashmasdi.

Oradan bir hafta o'tgach, onam yoniga chaqirib:
- Anavi Jamolingdan qachon sovchi keladi? Sevsa, shu paytgacha odam jo'natib, boshingni bog'lab qo'ymasmidi? Ayt, odamini jo'natsin! - dedi.

Nima deyishimni bilmasdim. Chunki o'tgan kunlar orasida unga qo'ng'iroq qilib charchadim. Jamol raqamini o'zgartirgan edi, nazarimda. Uyidagilardan so'rash noqulay. Qo'limdan hech narsa kelmasdi shu tobda. Taqdirga tan berib yashash esa og'ir edi.

O'sha voqeadan keyin uyimizdan sovchilarning qadami uzildi. Ishga borib qaytar chog'imda mahalladagi ayollarning meni ko'rishi bilan ola qarash qilib, pichir-pichirlaridan toqatim toq bo'lardi. "Endi faqat onam uchun yashayman. Sevgisi sayoz, qizlarga o'xshab arazlab yuradigan Jamol ham kerakmas!.." Oxiri shu qarorga keldim.

Inson hamma narsaga ko'nikarkan. Vaqt hamma narsaga malham, deganlari rost ekan. Onamning ahvolini ko'rib, bundan bir necha yil oldin qilgan tentakligimni eslab, o'zimni-o'zim yomon ko'rib ketaman. Singlimga kelayotgan sovchilarning keti uzilmas, onam esa menga termulardi. Jamoldan hali-hanuz javob yo'q edi. Jamolning uyiga kelib-ketayotganini eshitsam-da, g'ururim u tomon birinchi qadamni tashlashga yo'l qo'ymasdi.
- Vasilani uzatavering, oyi, - dedim bir kuni kechki ovqatda. - Aks holda, mening tentakligim uning ham baxtini boylaydi… Vaqt o'tmasin.
- Seni uzatmay turib, uni qanday uzataman? Saida, axir yoshing bir joyga borib qoldi, shuni o'ylasang-chi?! Kuni kecha ishlayotgan kasalxonangdagi bir odamdan sovchi keldi. Ikki bolasi yetim qolibdi, seni xotinlikka so'rabdi. Bundan ortiq isnod bormi? Bir nomardni deb, yo'lingni bog'lading. Qani u? Uyiga kelganida ham sendan xabar olay, demaydi. Qanaqa yigit u o'zi?
- U-mi? U juda mag'rur, oyi.
- Mag'rurligi sening boshingga yetdi. Mana, uylanayotgan ekan. Bu seni shuncha yillik sadoqating uchun javob!

Onam oldimga uloqtirgan taklifnomaga uzoq termuldim. Ammo ko'zlarimdan oqayotgan yosh undagi harflarni tobora chaplar, qo'llarim esa titrardi. Uni o'qib ham o'tirmadim. Nimta-nimta qilib yirtdim-u, derazadan uloqtirdim. Bu esa mening unga javobim!

Shu kuni qanday tong ottirganimni bilmayman. Kasalxonaga borib, menga kim sovchi qo'yganini surishtirdim. Farrosh ayollar Komil aka degan jarrohligini aytishdi. To'g'ri uning xonasiga bordim. U kishi meni ko'rib hayron bo'ldi. Keyin o'tirishga taklif qildi.
- O'tiring, Saidaxon. Kelishingizni kutgan edim. Mana, uchrashdik ham. Avvalo, meni kechiring. Xotinim  kasallik bilan uzoq kurashdi. Shifokor bo'lsam-da, uni olib qololmadim. Ikkita norasida bolam bilan ketidan yig'lab qolaverdik. Ammo nailoj? Taqdir shunday ekan. O'tmishingizni qizlar gapirib berishdi, sevganingiz uylanayotgan ekan. Balki, siz ham taqdirga tan berarsiz…

Komil akani yaxshi bilardim. Jarrohlik bo'limiga yaqinda o'tganligim bois, ikki-uchta yengil opreatsiyalarda ularga assistentlik qilganman. Qo'li yengil shifokor. Qancha odamlardan duo olgan. Men uni uzoq kuttirmadim. "Men roziman", dedim va xonadan chiqdim.

Shu asnoda onam to'y taraddudini boshladi. Xolalarim kirib-chiqib meni tabriklar, men esa hissiz qo'g'irchoq singari hammaga birdek boqardim.

Eh, qancha orzularim bor edi. Hovlimizga kuyovjo'ralarning kirib kelib, shovqin bilan raqsga tushishini, go'shanga ortida Jamolni bir boramas, ming bora tasavvur qilib, etlarimning junjikib ketganlari… Bari sarob, bari yo'qqa chiqdi. Mana, bugun to'yim bo'lsa-da, hecham ko'nglim yorishmasdi. Bormasimdan ikki farzandli ayolga aylandim. Taqdirning hukmini qarang…

Komil akaning uyidagilar meni yaxshi kutib olishdi. Farzandlari ham juda tarbiyali, ularning ko'zlariga qarasam, mungni ko'raman. Ularni o'z farzandlarimdek ko'rishga o'z-o'zimga va'da berdim. Birinchi kundanoq ularni aylantirish uchun xiyobonga olib bordim. Ular ham menga ko'nikishdi. Oyijon, deyishganda, quvonardim. Komil aka bilan birga ishga borib, birga qaytardik. Bolalarimizdan ham ko'nglimiz tinch, toki…

O'sha yillari chegarada otishma bo'lgani haqida xabar keldi. Dushmanlar chegaradan o'tishmoqchi bo'lishgan ekan. O'shanda ko'nglim tubiga ko'mib qo'ygan muhabbatim - Jamol haqida o'yladim. Harbiy gospitalga malakali jarroh va hamshira kerakligini aytishdi. Kasalxonada Komil akadan boshqa tajribali shifokor yo'q edi, ular esa o'z-o'zidan meni hamshiralikka tanladi. Olis tumandagi chog'roq kasalxonaga bordik. Yaradorlarni ko'rib, ko'nglim buzildi. Negadir yig'lagim kelar, tinmay hiqillardim. Shunda Komil aka:
- O'zingni qo'lga ol, axir bular yarador, sening yig'layotganingni ko'rib, battar tushkunlikka tushadi, - dedi.

Bizni shu kuniyoq jarrohlik xonasiga olib kirishdi.
- Harbiylardan biri  qattiq yaralangan, uni joyidan siljitib bo'lmaydi, to'rt joyidan o'q yegan. Irodasi kuchli yigit ekan, - axborot berdi shifokor. - Bir o'zim uddalay olmayman, shuning uchun sizni chaqirtirdik. Sizga yordamchi bo'laman…

Ichkariga kirdik va men anjomlarni tayyorlay boshladim. Bemorni olib kirishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki, u Jamol edi. Yo Rab! Bu ne ko'rgilik?

Uni operatsiya qila boshladik. Jamolning jarohatlari og'ir bo'lsa-da, yuragi bir maromda urar, mening esa qo'llarim sevgilimning qoniga belangandi.
- Hamshira, tampon, tezroq!

Komil akaning zardasidan cho'chib tushdim.
- O'zingizni qo'lga oling!  Bemorni yo'qotyapmiz axir!

Qarasam, chindan ham Jamolning qon bosimi tushib ketayotgandi…
- Antibiotiklarga allergiyasi yo'qmikin? Tezda tahlil qiling! - deya buyruq berdi harbiy jarroh.
- Yo'q, uning antibiotiklarga hech qanday allergiyasi yo'q…
- Siz qayerdan bilasiz?

Harbiy shifokor menga qarab turganini payqagan Komil aka hammasini allaqachon tushungan edi.
- Muolajani boshlang, tezroq. Qonni tozalash kerak…

Men tezda uning tomiriga igna sanchdim.
- Azamat yigit ekan, - hamon qoyil qolardi harbiy shifokor.

Ha, Jamol mard va jasur yigit edi, ammo taqdir sinovlariga ikkimiz ham bardosh bera olmadik…

Operatsiya ko'ngildagidek o'tdi. Hamma xursand. Tashqarida turgan yoshgina juvonni ko'rib, bu Jamolning turmush o'rtog'i ekanligini tushundim.
- Opa, nima bo'ldi? Jamol akam yaxshimilar?
- Hammasi ortda qoldi, endi uning ahvoli yaxshilanishini kutishimiz kerak… - dedim ayolga tasalli berib.

Biz yo'lga chiqdik. Ikkimiz ham jim edik. Men hadik bilan Komil akaga qarab qo'yar, o'ylamay gapirgan gapimdan uyalardim. Buni tushungan Komil aka dedi:
- Xijolat bo'lma, hammasi joyida, vaqt ziq edi, sening o'rningda boshqasi ham shunday qilardi…

Bu voqealardan keyin yana turmush tashvishlarimizga ko'mildik. Bizga harbiy komissariyatdan tashakkurnoma berishdi. Jamol ham tuzalib, ishga qaytibdi. Yaqinda uyimizga yana yangi mehmon keladi. Mening farzand kutayotganimni eshitganlar qutlashga kelishdi. Men qanchalik baxtiyorman. Yuragimning mahbubi esa… U asir qilgan yurak - endi ozod! Shunday bo'lgani barchamizga yaxshi. Axir hayot davom etyapti.

Ozoda Tursunboyeva
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar