"Do'stim bunday qismatga loyiq emasdi..."

  •  
  • Ruhiyat
  • Kuzatuvchilar: 107
  •   1

- Odam o'z taqdirini o'zi yarata olmaydi. Mehnat qiladi, intiladi va nimalargadir erishadi. Men buni esimni taniganimdan buyon his qilib yashadim. Hozir esa ancha keksayib qoldim. Bir vaqtlar institutni tugatganman, ortimda suyaguvchim bo'lmagani uchun cho'ponlik, so'ng dehqonchilikni o'zimga ep ko'rib, ishlab yuraverganman.

Umrim bo'yi erishgan eng katta lavozimim brigadirlik edi. Raisning zug'umi bilan paxtaga qo'shib yozishga majbur bo'lganimda darhol ishdan bo'shadim va boshqa qishloqqa qochib ketdim. Bu qishloqning kattalari hartugul insofli odamlar chiqib qoldi. Brigadirlar bilan kelishib, qovun-tarvuz, yeryong'oq, kungaboqar ekdik. Sotib birmuncha daromad qildik. Oilamni ko'chirib keldim. Shu yerda yashay boshladik. Ikki o'g'il, besh qizimdan tinchidim. Toshkentdagi qizim, ayniqsa, baxtini topdi. O'zi harakatchan edi. O'qidi, o'ziga munosib kuyov topilib, farovon yashab ketdi. Ularnikiga tez-tez borib turaman. Bir kuni shahar aylanib yurganimda bir lo'li ayol qarshimdan chiqdi. Lo'lini azaldan jinim suymaydi. Bu safar undan osonlikcha qutulib bo'lmasligiga ko'zim yetib, jig'ibiyron edim. Lo'li ayolga pul tutqazdim. U yonimdagi nevaramga qarab: "Mendek bo'lib yursin", dedi. Jahlim chiqib: "Bu nima deganing? Nevaram endi senga o'xshab tilanchilik qilsinmi?" dedim. "Yo'g'-e, amak, man shu yil yetmishga kirgan, shu yoshga yetsin, deyopman-da", dedi, biroq gapimdan ranjiganini yashirmadi. Keyin birdan ko'zimga tikilib qoldi-da: "Hay, amak, sizga bir sharpa ko'ropman, qora sharpa. Sizga dushmanlik qilish payiga yuribdilar!" dedi. Bu gapdan jahlim chiqib ketdi va uni haydab yubordim. Kampir pulni olib qora kamzulining cho'ntagiga solar ekan, duo qilishni ham unutib: "Shak keltirmang, amak, bir duo qilsak, balo daf bo'ladi, boshingizdan sharpa ketadi", dedi. Men uni eshitmay ortimga o'girilmasdan ketib qoldim. Kampir g'udranib qoldi. Har qancha unutishga harakat qilmay, lo'lining gaplari esimdan chiqmasdi. "Qora sharpa emish. Padaringga la'nat!" derdim ichimda. Ko'ngil yozib kelish maqsadida jo'ramning oldiga jo'nadim. Sadriddin jo'ram xotini bilan o'ttiz besh yil turmush qurdi, biroq farzandi bo'lmadi. Xotini o'tgan yili qazo qildi. So'qqabosh odamga qiyin ekan, u endi odamlar orasida yasholmasligini bilib, cho'lda qishloq mollarini boqadi. Odamlar erta bahorda unga ellik-oltmish qo'y berib, kech kuzgacha boqib turish sharti bilan tashlab ketishadi. Jo'ramni oxirgi marta yo'qlaganimda uylanish haqida so'z ochdim, biroq u meni bo'ralab so'kib berdi. Do'stim meni hech narsa bo'lmaganday kulib qarshi oldi. Men ham quvonib ketdim. Biz uzoq gaplashdik. Uni qishloqqa qaytishga undadim, biroq do'stim so'zlarimga quloq solmadi. Uyga dilgir bo'lib qaytdim. Ikki kun o'tmay, meni mahkamadan yo'qlab kelishdi. Formali odamlarni ko'rib, hang-mang bo'lib qoldim. Mahkamada so'roq paytida mendan Sadriddin haqida so'rashdi. Tergovchi: "Unda nima qasdingiz bor edi? Nega o'ldirdingiz?" deganda yuragim qinidan chiqib ketishiga oz qoldi. "Men qirq yillik og'aynimni o'ldiramanmi?" dedim. Har kuni so'roq qilishdi. Har safar ularga beholgina hech narsa bilmasligimni aytardim. Do'stimni kim o'ldirganiga aqlim yetmas, ikkimiz suhbatlashgan o'sha kechada uni kim o'ldirib ketgan bo'lishi mumkin, deb ko'p o'ylardim. Nihoyat, bir haftadan keyin haqiqiy qotillar topildi va meni qo'yib yuborishdi. Uch-to'rt bezori qo'ylarni o'g'irlagani kelgan, buni Sadriddin sezib qolgan. O'g'rilar sir oshkor bo'lishidan qo'rqib, uni o'ldirishgan ekan. Hammasi oydinlashgani uchun uyga qaytdim, biroq oshnamning qismatiga achinardim. Hozir shular haqida o'ylasam, ichimni alam tirnaydi. O'sha kuni lo'lining dilini og'ritmaganimda, ehtimol, bunday kunlar boshimga tushmasmidi? O'zimni do'stimning o'limida aybdor, deb o'ylayman gohida. U bunday qismatga loyiq emasdi.

Zuhriddin
Buxoro viloyati

- Taqdirdan hech qachon qochib qutulib bo'lmaydi. Har kimning peshonasiga bitilgan qismat bir kun, albatta, ko'rinish beradi. Bir yigit lo'li xotinga bilmay ozor berib qo'yibdi. U umringni mendan ham xunukroq xotin bilan o'tkazasan, deganda esa kulib yuboribdi. U chiroyli qizga uylanishini bilardi. O'sha qiz o'zining mahallasida turardi. To'ydan keyin ular bir muddat yashashgach, ayolda g'alati bir kasallik boshlandi. Uning yuziga va butun badanlariga husnbuzar va yara toshib,  tanib bo'lmaydigan darajada xunuklashib ketdi. Kasallik boshlangan kuni eri ish bilan band edi. Shu sababli ayolining bunday kasallikka chalinganini hali  eshitmagandi. Yigitning onasi unga bu xabarni jo'natdi. O'g'il qaytayotganda avtofalokatga uchrab, ko'rmay qoldi. Shu alfozda er-xotin 40 yil birga hayot kechirishdi. Xotin xunuk, erning esa ko'zi ojiz. Vaqti kelib, ayol vafot etdi. Eri uni yo'qotgani uchun ko'p xafa bo'ldi. Dafn etib kelingach, hamma o'z uyiga tarqash chog'ida, er ham o'z uyiga kirib ketmoqchi bo'ldi. Shunda bir kishi: "Ey, falonchi, qayerga borasiz?" deb so'radi. Er: "Uyimga", deb javob berdi. Haligi kishi: "Qanday qilib uyingizga ketasiz, axir sizni birov yetaklab olib bormasa, bir o'zingiz ketolmaysiz-ku?!" dedi. Darhaqiqat, uni doim kimdir yetaklab yurar, ko'zi ojiz bo'lgani uchun bir o'zi yurolmasdi. Shunda er haligi kishining savoliga quyidagicha javob berdi: "Men ko'r emasman. Faqatgina o'zimni shuncha yil ko'rlikka solib yurdim. Ayolim kasallikka chalingani haqidagi xabarni men ham bilganimni sezsa, uning qalbi tirnalar, dili og'rirdi. U juda yaxshi ayol edi. Shuning uchun uning qalbini yaralagim, bir umr o'zini o'ksik sezib yashashiga majbur qilgim kelmadi. Agar mening ko'rligimni bilsa: "Erim xunukligimni sezmaydi-ku!" deb u ham ko'ngli xotirjam, o'ksinmay yashaydi, deb o'yladim. Shuning uchun o'zimni 40 yil ko'rlikka soldim. O'ylaganimdek natijaga erishdim. U  kasalligini umuman o'ylamay yashadi. Unga kasal bo'lmasidan oldingi muhabbat bilan murojaat qilib, aslo o'zgarmay yashadim. Chunki bu mening qismatimga bitilgan sinov edi".

Taqdir faqat Allohgagina ma'lumdir. Uni hatto Allohga yaqin bo'lgan farishtalar ham, payg'ambarlar ham bilmaydilar. Taqdir to'g'risida har xil xayol qilish yoki bahslashish behuda ishdir. Kimki: "Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qilmadi?" desa, taqdirni rad etgan bo'lib, iymonidan ajrab qoladi.

Shahnoza Rahmonova
Manba: "Hordiq plyus" gazetasi

1

  • Aziza

    Bunda sizni aybingiz yo'q

    Aziza 12.11.2017 13:15

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish