Ishxonaga oralagan shayton

- Anchadan buyon nufuzli bir tashkilotda ishlayman. O'z ishimni, hamkasblarimni juda ham yaxshi ko'raman va ularni ikkinchi oilamday qadrlayman. Ishxonada hech kim bilan shu choqqacha sen-menga bormaganman. Shuning uchun bo'lsa kerakki, ishxonada o'zimga yarasha obro'-e'tiborga ega edim. Yaqin-yaqin kunlargacha...

Idoramizga yangi xodima keldi. Uning eri shu yerda anchadan buyon ishlardi. Xotinini kattalarga iltimos qilib, ishga joylab qo'yganini eshitganimda xursand bo'ldim. Er-xotinning birga ishlashiga nima yetsin, axir. Erining fe'li keng, og'ir-bosiq odam. Xotini esa unga mutlaqo teskari tabiat sohibasi ekan. Ishga joylashganiga ko'p bo'lmagan bo'lsa-da, o'sha ayol haqida turli-tuman gap-so'zlar oyoqladi. Ularning qay darajada rost yo yolg'onligini bilmayman. To'g'risi, uning bu ishlarini ko'zim bilan ko'rmaganim uchun bu gap-so'zlarga e'tibor qaratmasdim. Kutilmaganda kaltak mening boshimda singanida esankirab qoldim. Oxir-oqibat bu dedi-dedilarni urchitib yurgan men bo'lib chiqdim. Bir kuni u yonimga kelib: "Men barchasini eshitdim, hamma yoqni loyqalatib yurgan ekansiz. Nomimni bulg'ab nimaga erishmoqchisiz? Eridan ayiraman, deb o'ylasangiz, aytib qo'yay, chuchvarani xom sanabsiz, erim menga ishonadi, sizga emas! Men sharmandangizni chiqaraman! Tilingizni tiyib yuring!" desa bo'ladimi! Uning dabdurustdan aytgan bu gaplaridan esankirab qoldim. Umrimda birov haqida yomon gapirmagan odamman. Ko'rmaganimni ko'rdim, deydiganlar toifasidan ham emasman. Hammaning gunohi yolg'iz Yaratganga ayon. Ajrini ham o'zi beradi. Shunday ekan, men qanday qilib bir begona ayolning otini yomonga chiqarishim mumkin? Axir u oilali bo'lsa, men birovga bunday tuhmat qilishdan qo'rqaman. Men undan kimga, qachon, qayerda va nima deb aytganimni isbotlab berishini so'radim, biroq u lom-mim demadi. Mening ko'nglim esa xijil bo'lib qoldi. Hozirgacha o'sha ayolning aytgan gaplari yodimdan chiqmaydi. Yuragimni xuddi zaharli ilonday zaharlaydi, ba'zan esa go'yo tomog'imdan olib, xippa bo'g'ayotganday tuyuladi. O'sha ayol ishxonada ko'plarni menga qarshi qayrab qo'ydi. Hatto ishxonadagi yaqin dugonalarim ham mendan yuz o'girishdi. Shunchalar yomon vaziyat yuzaga kelganki, bunday ob-havo meni erkin nafas olishga qo'ymayapti. Uning maqsadini tushunmayapman. Eri ham ayolning ovqatlanish paytida meni haqorat qilayotganini ko'rib turib indamaydi. Shuncha gap-so'zlar ikkimizga ham obro' keltirgani yo'q. U esa bu haqda o'ylamaydi. Bu vaziyat tufayli rahbarimiz bizni chaqirib, ogohlantirdi. Biroq u buni boshqa tomonga yo'ydi. Meni rahbariyatga shikoyat qilishda aybladi. Endi yashirincha meni achchiq gaplar bilan chaqib olishga urinadigan bo'ldi. U bilan yaxshi gaplashib ko'rdim, foydasi bo'lmadi. Ishxonadagi g'iybat va tuhmat gaplar jonimga tegib ketdi. Avvallari ishxonaga oyog'imni olib yugurgan bo'lsam, bugun ko'zlarimni uyqudan ochganimda, ishxonaga borishni o'ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Tag'in meni bo'g'adigan muhit ko'z oldimda gavdalanaveradi. Ba'zida ishxonaga borishni xohlamay qolaman. Xuddi hamma menga ig'vogarga qarayotganday bo'laveradi. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmayapman. Iltimos, menga yordam bering.

Tursunoy
Qashqadaryo viloyati

- Tuhmat - ma'naviy jinoyat sanaladi. Jismoniy zarar yetkazgan odam jinoyatchi sanalsa, tuhmatchi ham xuddi shunday jinoyatchilar sirasiga kiradi. Shuningdek, g'iybat yo bo'hton ham jinoyatdir. Bu bilan u bir odamning yuragi xastalanib yiqilishiga, ba'zan dunyodan ko'z yumishiga sababchi bo'lishi ham mumkin. Bunday bo'lishiga, avvalo, o'zingiz yo'l qo'ymasligingiz kerak. Bo'htonlardan, atrofdagilarning munosabatidan betob bo'lib qolsangiz, kuningizga kim yaraydi? Shu haqda chuqurroq mushohada yuriting.

Sizga maslahatimiz: hammasini vaqt izmiga qo'yib bering. Tuhmatchilarning ig'vosiga e'tibor qilmaslik kerak. Ko'nglingizga ozor bergan ayol bilan olishib, uning so'zlari va munosabatidan siqilaversangiz, bundan battar azob chekasiz. Shunday ekan, bir kun hammasi suv yuziga qalqib chiqadi.

Tuhmat qilish og'ir gunoh. Tuhmat qilgan odam, baribir, jazosini oladi. Agar o'sha ayol oldida vijdoningiz pok bo'lsa, ko'p ham azob chekishingizga hojat yo'q. Rahbariyat ogohlantirgan bo'lsa, o'z ishingizni avvalgiday bajarishda davom eting. Vaqt barini o'z izmiga soladi. Mana, ko'rasiz, o'sha ayol yoningizga, albatta, kechirim so'rab keladi. Zero, qilmish - qidirmish!

Manba: www.hazon.uz

Hurmatli saytdoshlar, sizda ham biror maishiy muammo paydo bo'lgan bo'lsa va unga yechim topishda qiynalayotgan bo'lsangiz, bizga Этот адрес электронной почты защищен от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра. elektron manziliga yoki (99894) 122-60-02 raqamiga maktub yozing. Malakali psixologlar muammolaringizni hal etishda sizga yaqindan ko'mak beradi.

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish