Bir burda nonning qadri

Onam bilan dadam ajrashib ketishganda men yetti yoshda, singlim esa to'rt yoshda edik. Negadir dadam bilan onam juda ko'p janjal qilishardi. Bilishimcha, bunga ko'proq onam sababchi bo'lardi. Onam dadamni hurmat qilmas, arzimagan sabablar tufayli ham u kishini yer bilan bitta qilib tashlardi. Nazarimda, dadamning kam pul topishi onam uchun doimiy bahona edi.

Bir kuni anashunaqa janjalning ustiga dadamning onasi kelib qoldi. Onam dadamni og'izga olib bo'lmaydigan yomon gaplar bilan haqorat qilayotgandi. Bundan jahli chiqib ketgan buvim dadamga onamni haydab yuborishi kerakligini aytdi.
- Bolalarim-chi? - dedi dadam.
- Itdan bo'lgan qurbonlikka yaramaydi!

O'sha payti buvimning bu gapini tushunmagan edim. Ammo vaqt o'tib, buvim dadamni bizdan ham voz kechishga undaganligini tushundim. Xullas, tog'amning uyida yashay boshladik. Katalakdek hovlida ikkita tog'am va sakson yoshni qoralab qolgan buvim yashar edik. Tog'alarim uylangan, har birining ikkitadan bolasi bor, qisqasi, biz bu uyda ortiqcha edik. Yangalarim va tog'alarim asta-sekin bizni turtkilay boshlashdi. Bunga chiday olmagan onam har kuni ular bilan janjallashardi. G'urbatlardan bezor bo'lgan buvimning esa qon bosimi ko'tarilib, tez-tez tobi qochib qolardi. Oradan bir yil o'tgach, onam tog'alarimga turmushga chiqmoqchiligini, ular bilan bu uyda bir kun ham yasholmasligini aytdi.
- Juda yaxshi! Itvachchalaringni ham olib ket! - dedi katta tog'am.

Shunda yuragimga nashtar sanchilgandek bo'ldi. Nega hamma bizni it deyishini tushunmasam-da, dilimda yaqinlarimga nisbatan adovat paydo bo'lgandi. Shu bois bo'lsa kerak, onamning turmushga chiqishi bizga yorug' kunlar olib kelishiga ishondim. Ammo...
- Itvachchalar menga ham kerak emas! - dedi onam kutilmaganda.

Titrab ketdim va onamga nisbatan qalbimda shunaqa kuchli nafrat paydo bo'ldiki, oradan shuncha yillar o'tsa-da, hanuzgacha bu saqlanib kelyapti. Tog'am va buvim qattiq qarshilik qilishsa-da, onam bizni qadrsiz qarindoshlarimga tashlab, turmushga chiqdi-ketdi. Shu kundan boshlab singlim bilan men it azobida yashay boshladik. Uyning hamma yumushi bizning yelkamizga tushdi. Agar biror ishni noto'g'ri qilgudek bo'lsak, avval yangalardan, keyin tog'alarimdan kaltak yerdik. Kamiga buvim "He, juvonmarg bo'lgurlar!" deya qarg'ab qolardi. O'zimdan ham ko'ra singlimga ko'nglim achirdi. Mushtdek boshi bilan katta-katta chelaklarda kanaldan uyga suv tashirdi. Sochi oylab yuvilmaganidan bitlab, unga azob berardi. Yangalarim shuni bahona qilib, uni molxona yaqinidagi kichkinagina hujraga qamab qo'yar, qishda bu uyda umuman pechka yoqilmasdi. Yupqagina ko'rpacha va qushning qanotidek ko'rpada singlim bechora g'ujanak bo'lib yotar, qishin-yozin quv-quv yo'talardi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay buvim qazo qildi. Shundan bizning yanada og'ir kunlarimiz boshlandi. Singlim birinchi sinfda o'qiyotganda o'pka shamollashidan vafot etdi. Uning o'sha paytdagi holati ko'z o'ngimdan ketmaydi. Uy to'rida to'shalgan ko'rpachada qisqa-qisqa nafas olib yotardi sho'rlik. Shunda yangam bir savat issiq nonni uyga olib kirib, dasturxonga o'ray boshladi. Nonning yoqimli hidi dimog'iga urildi, shekilli, singlim arang boshini ko'tarib, o'sha tomonga mo'ltirab qaradi. Keyin menga astagina, birov eshitmaydigan qilib:
- Issiq non yegim keldi, - dedi.

Ammo mening jur'atim yetib, yangamdan singlim uchun bir burdagina non olib berolmadim. Mana shu armon hamon yuragimni ezadi, tushlarimda singlim hamon mendan issiq non so'raydi...

Xullas, singlim vafot etdi. Onam esa uni qabristonga olib ketishayotganda keldi. Shunda menga qayerdan kuch keldi, bilmayman, o'tinxonada turgan kaltakni olib, onam tomon yugurdim. Hamma hay-haylab qo'limga yopishdi. Onam esa dodlagancha sochini yulib yig'lay boshladi.

Qalbim zada bo'lib ulg'aydim. Maktabni tugallashim bilan poytaxtga kelib ishlay boshladim. Kasb-hunarli bo'ldim. Uylanib, bola-chaqa orttirdim. Ammo shu yillar ichida biror marta ona qishlog'imga borolmadim. Borsam, singlim bilan bog'liq xotiralar uyg'onib, qattiq azoblanishdan qo'rqardim. Oila qadrini o'zim oila qurgach anglab yetdim. Ammo shunday tinch-totuv yashab yurgan shunday kunlarning birida, onam meni yo'qlab keldi. Aftodahol, kasalmand, sochlari oqarib ketgan shu ayol mening onam ekanligiga ishonmadim avvaliga. U kishidan ko'nglim qolib ketgan bo'lsa-da, uyimdan joy berdim. Axir "Eshikdan kelganni it qopmaydi", degan naql bor. Bir kun qaradim, ikki kun qaradim, ammo onamning ketadigan cho'ti yo'q. Axiyri ko'ngliga qo'l soldim. Onamning aytishicha, eri vofot etgach, o'gay bolalari uni uydan haydab chiqaribdi. Hozir borarga joyi yo'q emish. Shu bois endi men bilan yashamoqchiligini aytdi. Bu gapdan tepa sochim tikka bo'lib ketdi. Axir onam bizni tashlab, erga tegib ketmaganda, hozir singlim ham hayot bo'lmasmidi?! Jahldan o'zimni bosolmay, onamni ko'chaga quvib soldim. Ko'nglimda bir tuyg'u to'g'ri qilding, derdi. Mana, oradan o'n kun vaqt o'tdi. Ammo yana bir ko'nglim ongangni ko'chaga quvib bekor qilding, axir uning boradigan joyi yo'q, deydi. Menga, maslahat bering, qanday yo'l tutay?

Muaffar
Samarqand viloyati

Yaqinlaridan juda bo'lish hammamiz uchun og'ir. Bunga kimlarnidir aybdor deb topsak-da, ammo bu taqdir. Albatta, onangiz xato qilgan. Norasida go'daklarini mehrsiz qarindoshlariga tashlab, o'z tinchini ko'zlab, turmushga chiqib ketishi kechirib bo'lmaydigan holat. Ammo shuni bilingki, o'shanda onangizga ham qiyin bo'lgan. U chorasizliklar aro chora topmoqchi bo'lgandir, balki. Men turmushga chiqib ketsam, tog'alari go'daklarimga mehrsizlik qilmas, balki, deb o'ylagandir. Nima bo'lganda ham, u - onangiz. Har kimning xatolari uchun jazo berguvchi Zot bor. Barchasini Yaratganning hukmiga havola etish kerak.

Onangiz hozir juda nochor ahvolda. Unga yordam berish farzandlik burchingiz. Sizdan najot izlab kelgan insonni ko'chaga quvib solishingiz yaxshi emas. Axir saxovatli kishilar hatto begonalarga ham yaxshilik va muruvvat ko'rsatishadi-ku.

Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhissalom o'ziga jannatdan kim qo'shni bo'lishini bildirishini so'rab, har kuni Alloh taologa iltijo qilarkan. Bir kuni samodan shunday nido kelibdi:
- Ey, Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi qo'shning va do'sting bo'ladi.

Muso alayhissalom qiziqib qassobning qaysi ibodati uchun bunga munosib ko'rilganini bilish niyatida yo'lga chiqibdi. Borib, qassobni axtarib topibdi. Qassob hazrati Musoning haq payg'ambar ekanini bilgan va bunga iymon keltirgan, lekin payg'ambarning o'zini ko'rmagan ekan. Shuning uchun uni tanimabdi. Kechqurun qassob hazrati Musoni uyiga olib ketibdi. Ovqatlanishga kirishishdan oldin u devorga osig'liq turgan bir savatni yerga tushiribdi-da, undan qimirlashga madori qolmagan bir qari kampirni chiqaribdi. So'ng xuddi go'dakni ovqatlantirgandek uni yediribdi, ichiribdi va yana savatga solib, devorga ilib qo'yibdi. Shunda kampir nimalardir deb pichirlabdi. Uning nima deyayotganini tushunmagan Muso alayhissalom qassobdan so'rabdi:
- Bu kampir kimingiz bo'ladi?
- Bu ayol mening onam. O'tirib-turishga, yeb-ichishga madori yetmaydi. Shuning uchun o'zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tozaliklariga qarayman, - debdi qassob.
- Hozirgina nimadir deb pichirlagandi, shunda nima dedi? - so'rabdi hazrati Muso.
- Parvardigorim, men o'g'limdan roziman, sen ham undan rozi bo'l! Jannatda uni hazrati Musoga qo'shni qil, deb duo o'qidi.

Shunda Muso alayhissalom o'zini tanitish vaqti kelganini tushundi va:
- Men Allohning payg'ambari Musoman. Allohdan jannatdagi qo'shnim kim bo'lishini so'rab, iltijo qilgan edim. Janobi Haq sen ekaningni ma'lum qildi. Senga xushxabar bo'lsin, onangga qilgan xizmatlaring evaziga Alloh sendan rozi bo'ldi. Onang duosini qabul ayladi va seni jannatda menga qo'shni qildi, - dedi.

Qissadan hissa shuki, ona rizoligida hikmat ko'p. Kimki buni vaqtida anglab yetsa, unga ikki dunyo saodati baxshidadir.

Hazon
Manba: www.hazon.uz

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish