Sevishimni aytmay kelganman

Kutish
Kutgan men bo'ldimu, kutgan sen bo'lding,
Azoblar gilamdek tushdi o'rtaga.
Olovda toblanib sarg'ardi oltin,
Kunlar ham qochdilar faqat ortiga.
Ha, seni o'yladim mudroq tunlari,
Aylandim oxiri parlangan qushga.
Yillarga ko'chganda vasl onlari,
Diydor aylanarkan qo'rqinchli tushga…

Ayriliq tongida tashvishlar uchar,
Olamning rangiga siyoh tekkandek.
Yuragim tubida nigohing - xanjar,
Sanchilar, sanchilar tikandek…
Senga intilishim tamom befoyda,
Qo'yasan Majnun ham ojiz shartlarni.
Yana hayrat ichra tinglayman uyda
Yolg'iz daraxt chekkan cho'ngsiz dardlarni.

Kifoya
Buncha chiroylisan, bunchalar sara,
Olamning etagi poyingda yig'lar.
Ko'ylaklaringdagi gullardan ko'ra
Atrofingda ko'proq telba oshiqlar.
Men ular ichida eng g'aribi va
Tamomiy beimkon, bilmas nihoya.
Senga yetishmayman, bilaman. Ammo
Sevib yashashimning o'zi kifoya.

Ishq
Muhabbat abadiy yonajak tilak,
Buka olmas uni dard, armon so'zi.
Sevishdan to'xtadim, deysanmi, demak,
Sevmagan ekansan avval ham o'zi.
Majnunu Farhodning o'tmagan gali,
Ishq o'tin o'chirish aslida qiyin.
Muhabbatga qurbon bo'lish orqali
Sen yana yashaysan o'limdan keyin.

Kesishish
Xayollarim endi unutgan lahza,
Tushlarim ham etmay qo'yganda ta'qib,
Hammasini yana eslatib larza -
Ko'zgudan nurlanib kelding-ku chiqib.
Dardlarim barglari xazon to'kildi,
Poyida sarg'arib turgan men yo'qsil.
Taqdirning bir gapi bordir shekilli,
Uchrashtiraverar sen gulni nuqul.
Orzular bu palla butunlay mahol,
Kelajakka ko'chgan bir xotirasan.
Yo'llari kesishgan, ammo bemahal,
Baxtsiz baxtlilarmiz, o'ylab qarasam.

Iqror
Ko'zingizga chuqur qarayolmayman,
Bu yurak taxmini, ko'ngil taxmini.
Har qancha shod bo'lmay, yayrayolmayman,
Sizni unutishga haqqim yo'q meni.
Agar hayotimdan chiqib ketsangiz,
Tushlarimga kirib kelasiz kulib.
Xayoldan nogahon shoshib o'tsangiz,
Tabiat to'xtaydi o'zidan bilib.
Ha, tilim bormaydi iqrorga bugun,
Men endi o'tmishga qaytmay kelganman.
Hamma so'zlarimni aytishim mumkin,
Faqat sevishimni aytmay kelganman…

Yonimdasan
Yonimdasan. Dunyo buncha chiroyli,
Bulutlar qiqirlar ustimizda to'p.
Yonimdasan. Olam ko'shku saroyli,
Gullablar ketyapti har giyoh, har cho'p.
Yonimdasan. Toshlar shivirlayapti,
Kabutar qanoti sim-siyoh rangda.
Yonimdasan. Yulduz jimirlayapti,
Oy yastanib olgan yenggandek jangda.
Yonimdasan. Quyosh botgisi ham yo'q,
Sening jamolingga maningdek oshiq.
Yonimdasan. Bizga otilgan huv o'q
Havoda muallaq qotgandir shoshib…
Yonimdasan. Ilhom qo'shini paydo,
Cho'kka tushib olgan o'rtamizga baxt.
Menga yoqmagani faqat shu paytda
Buncha tez halloslab yugurmoqda vaqt?!

Yig'i
Men yig'ladim, osmonda qadr
Bir yo'qoldi mehrdan oldin.
Men yig'ladim, yonimdan, axir,
Sen ketib qolding.
Men yig'ladim, yanoqlarimda
Gullab ketdi chanqoq bahorlar.
Men yig'ladim, orzu yarimta,
Chalayovuq qotdi izhorlar.
Men yig'ladim, yig'ilarimdan
Cho'chib ketgan tog'lar o'kirdi.
Men yig'ladim, sadoqat tutgan
Eng yaqinlar yuzin o'girdi.
Men yig'ladim, xayollar tunab
Tushlarimni o'g'irlab ketdi.
Ertakdagi Yosuman sanam
Yo'llarimni sehrlab ketdi.
…Men tinmasdan yig'layveraman
Tunlargacha, oppoq tonggacha.
Men to'xtamay yig'layveraman
Sen ovutib kelar ongacha.

Iqror fasli
Hech kimni sevmadim men sendan keyin,
Meni ham hech kimsa suymabdi boshqa.
Tushungil-da, menga judayam qiyin,
Izhorim aylanib bormoqda toshga.
Muzdan muzdayroqqa aylanmoqda dil,
Hayronlar turibman o'zim o'zimga.
Sening isming aytib yurmaganmi til,
Qanday aylansin-ey boshqa ismga?!
O'tdi u zarafshon kunlarim mani,
Qarardim, boqardim senga bekanda.
Endi yotga kulib, naf topsa qani -
Ko'zlarim ham seni ko'rib qo'ygan-da…
Men shunday o'taman yakkash, ko'rasan,
Meni sevolmaydi biror bir malak.
Kimga ham kerakdir, o'ylab qarasam,
Sening isming o'yib yozilgan yurak?!

* * *
Meni ham tushuning, ko'rinib turing,
Hadeb yozg'irmasdan beayb ko'zni.
Qayoqqa qochardim kunda ming bora
Yuragim ko'zimga buyurar sizni?!
Dalliga aylandim, darveshman juda,
Ongim qotib qolgan, bu nechuk zo'r g'am:
Yashab boshlayapman o'ylar ichida,
Xayolimdan chiqing hayotimga ham…

Xayr
Dilga yopirildi tanish tuyg'ular,
Men yana esladim o'sha qayg'uni -
Hijron yuragimga bardoshlar tilar:
"Endi tongga qadar izla uyquni!"
Ha, mening azizam, dilbar g'azalni
Hamon unutmagan dil xonishlarim.
O'ngimda ko'rsam-da ne-ne go'zalni,
Seni izlayverdi qaysar tushlarim.
Manglay satrlarim yozilmish tugal,
So'ngsiz xotiralar o'tsa-da kulib,
Sezdim hamma narsa o'tkinchi ekan,
Faqat sevging qoldi adabiy bo'lib…
Ha, bizga muhabbat shunday xat yozgan,
Undan na qolib, na o'zib bo'ladi.
Sevgi ummon ekan, taqdir tosh bosgan…
Bu holda qandayin suzib bo'ladi?
O'zimiz tanladik shu og'ir chekni,
Visol naq o'rtada termular xomush.
Umrbod intildik unutmoqlikni,
Koshkiydi kifoya qilsa bu yumush.
Ketganding, jimgina yuz burganingcha,
O'shanda anglovdim, ul ajib tunda -
Yurakka kirgansan! Shu kirganingcha,
Birovga boshqa joy qoldirmay unda…
Kelmaydi dedilar toleni kutsang,
Mayli, o'tmishimiz endi o'tirik.
Chin sevgi o'ladi qachon unutsang,
Unuta olmasang, demak u tirik!
Suratim qarshida turmagin mulzam,
Men rozi - achinma holim garchi tang.
Ayriliq so'ziga yaqin ismim ham -
Xayr deb qoladi sening Xayrullang!

Ko'zlaring
Hammasi aylanib ketmoqda toshga,
Hammasi ro'yodan boshqa narsamas.
Ko'zlaring baribir hammadan boshqa,
Boshqa biron narsa unga arzimas.
Zamin suykaladi osmonga doim,
Etagin o'padi oyni beriyo.
Seni yaratganda qodir Xudoyim
Bizni bog'lab qo'ygan yermonand go'yo.
Hammasi o'tkinchi, hammasi sarob,
Sening muhabbatinggina mangudir.
Ko'zlaring boqqanda to'kilar savob,
Eski dard qo'zg'alur - yana yangidir.
Sadoqat ko'rgandek bo'ldim har qalay,
O'sha mung qorishgan dardimni tingla:
Ijozat aylagin, saning-la o'lay,
Bu chirik dunyoni unutay sen-la!

Xayrulla Hamidov
Manba: www.hazon.uz

1

  • Aziza

    Juda chiroyli sher ekan raxmat

    Aziza 19.11.2017 15:17

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish