Nafs

Salim aka sayohat, ham tijorat deganday Xorazmdan "Toshkent qaydasan?" deb yo'lga chiqdi. U mashina minishni juda orzu qilardi, oilasining kam-ko'stidan orttirib, yaqinda eskiroq bo'lsa ham avtoulov sotib oldi. "Eskini yamaguncha esing ketadi", deganlariday, mashina sotib olgandan beri uning kamchiligi tugamaydi.

Mana hozir ham otasidan qarz olib, Toshkentda ehtiyot qismlari arzonroq bo'ladi, deb yo'lga tushdi. U avval Chinozda yashovchi o'rtog'i Jo'ranikiga borishni ko'ngliga tugdi. Ular institutda birga o'qishgan, ko'rishishmaganga ham ancha bo'ldi.

Do'stini ko'rgan Jo'raning boshi osmonga yetdi. Ikki o'rtoq yoshliklarini eslab, tuni bilan suhbat qurishdi. Salimning nima maqsadda kelganini eshitgach, Jo'ra u bilan birga mashina bozoriga yo'l oldi. Ular birga aylanishdi. Salim qarasaki, puli yetmaydi, xarid qilmoqchi bo'lgan avto qismlar bu yerda ham qimmat ekan. "Na iloj, keyingi safar olarman. Endi uyga qaytsam ham bo'ladi", degan fikr o'tdi xayolidan. Buni do'stiga aytgandi, u "Hali seni ko'nglingday mehmon qilolmadim, hech qayoqqa ketmaysan", deb oyoq tirab oldi.
- Xo'p, mayli. Faqat oldin otamdan olgan pulni Xivaga jo'natib yuboraylik. Ishlatib qo'yishdan qo'rqaman, - dedi Salim.

Keyin u do'sti bilan "Abu Saxiy" bozori hududida joylashgan "Xorazm-Toshkent" yo'nalishi bo'yicha qatnaydigan taksilar turar joyga yo'l oldi. Xivaga yo'l ketadigan haydovchilarni surishtirdi.
- Men Xivaga qatnayman, - dedi o'zini Shavkat deb tanishtirgan yoshi o'ttizlardan oshgan yigit. - Xo'sh, akalar, nima xizmat?
- Pochta bor edi.
- Qanaqa pochta, kimga yetkazish kerak?

Salim otasiga pul berib yubormoqchiligini aytdi. Haydovchi pulni manzilga yetkazib berganidan so'ng xizmat haqiga 15 ming so'm olishini kelishib oldi.
- Ko'nglingiz xotirjam bo'lsin, aka, pulni otangizga, albatta, yetkazib beraman, - dedi Shavkat.

Haydovchi yigitning gaplariga ishongan Salim unga pulni, o'zi va otasining telefon raqamlarini berdi. So'ng oldindan minnatdorchilik bildirib, Jo'ra bilan Chinozga otlandi.

Nafs. U shunday bir baloyi azimki, insonni har ko'yga soladi. Uning qutqusiga uchgan kishi insoniyligidan voz kechadi, qing'ir ishlarga qo'l urib, harom luqmadan-da aslo hazar qilmaydi. Hatto azal-azaldan katta gunoh sanalgan birovning omonatiga xiyonat qilish ham, aslida, nafs quli oqibatidir. Pulni egasiga yetkazishga va'da bergan Shavkatni nafsi yo'ldan urdi: "Shuncha pul-a? Buncha pulni topish uchun necha kun eshakday ishlashing kerak. Arzimas 15 ming so'm evaziga uni egasiga yetkazgandan ko'ra, o'z maqsadlaring uchun ishlatganing ma'qul emasmi? Seni yaxshi tanimasa, bilmasa, qayerdanam topa olardi?!"

Ertasi kuni Shavkatga qo'ng'iroq qilib, "Pulni otamga yetkazdingizmi?" deb so'radi. Shavkat esa "Hozir Buxoro viloyatidaman, mashinam buzilib qoldi", deb aldadi. Oradan yana bir kun o'tdi. Salim unga yana qo'ng'iroq qilgandi, "Hozir Jizzaxdaman" deb telefonini o'chirib qo'ydi. Salim Shavkatning qilig'idan hayron bo'lib, bu haqda do'sti Jo'raga aytdi. Jo'raning ko'ngliga ham g'ulg'ula tushdi.
- Yur, do'stim, "Abu-Saxiy"ga boramiz. Taksichilardan Shavkat haqida surishtirib ko'ramiz, - dedi u.

Ikki do'st yo'lga tushishdi. "Abu-Saxiy" bozori hududida joylashgan taksilar turar joyga kelib, kirakashlardan Shavkat haqida surishtirishdi. Buni qarangki, ular Shavkatning ilgari ham o'zgalarning pulini aldov yo'li bilan olib, qaytarib bermaganini aytishdi.

Bu gapni eshitgan Salim boshini changallab qoldi. Ko'z oldiga nafaqa pulini tiyinlab yiqqan otasi keldi. Endi nima qiladi? Otasining ko'ziga qanday qaraydi? Bir kunlik bazmu jamshidga qiziqib, Chinozda qolib ketmaganida shu kunlar yo'q edi. Salimning ahvolini ko'rgan Jo'ra "Xavotirlanma, uni topamiz, hozir ichki ishlar bo'limiga boramiz", deb do'stini tinchlantirdi. Ular ichki ishlar bo'limiga kelib, ariza yozishdi. Huquq-tartibot hodimlarining sa'y-harakatlari bilan Shavkat qo'lga olindi.

Inson hayotida ro'y beradigan yaxshi-yomon voqea va hodisalarga, avvalo, uning o'zi sababchi bo'ladi. Qilgan noto'g'ri ishimiz, o'ylamay qo'ygan qadamimiz uchun javob berishimiz, ya'ni jinoyatga jazo muqarrarligi ham haqiqat. Achinarli jihati, ayrim kishilar qilayotgan ishining badalidan qo'rqmay, o'zlari xohlaganday harakat qiladi. Oqibatda esa...

Lola Shoimova
Manba: www.hazon.uz

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish