Bir tomchi yoshchalik qadrsiz dunyo

Jamilaning ko'z yoshlari yuzini yuva boshladi. Temur o'rnidan turib, qiz tomon ikki qadam qo'ydi-da, yuziga qaray olmay,  sovuqqonlik bilan shivirladi:
- Endi men bora qolay!
- Kim u? - hayajon aralash so'radi Jamila.
- Hech kim. Ishon, oramizda hech kim yo'q, men rostini aytdim…
- To'yni to'xtating, Temur aka, to'xtating dedim, yo'qsa, o'zimni nimadir qilaman, ishoning, keyin afsuslanasiz…

Temur qizga javob bermadi. Hatto "O'zimni nimadir qilaman" deganida ham pinak buzmadi. Shunchaki jim ketdi. Ortga qaramaslik, Jamilani shu alfozda tashlab ketish og'ir edi. Biroq qaytsa, qizning ko'zlariga tik qarab, haqiqatni aytish undan-da mushkul edi. Hech narsa demadi. Eng qizig'i esa Anvar bilan Mirjahon ham unga ergashdi. Nuqul Temur bilan Jamila janjallashib qolganda, Temurga jahldorligini aytadigan, xatoni kim qilayotganini tushuntiradigan, hamisha Jamilaning yonini oladigan o'rtoqlari bu gal tomoshatalab kursdoshlarning hammasini hayratga qo'ygancha, Temurning ortidan ergashdi.
- Nomard!!!

Bu so'z sakkiz-o'ntacha talabaning og'zidan bir paytning o'zida yangradi.

* * *

Temur bilan Jamilaning muhabbati kurtak ochganiga ancha bo'lgan, yaqin-yaqingacha gulga aylangandi ham. Chindanam guldek muhabbatlari bor edi. Hamma ularga havas bilan qarar, hatto muhabbatning borligiga doim shubha bilan qaraydiganlar ham asl sevgining kuchiga ishonishgandi. Biroq o'qishni yakunlanishiga bir yil qolganida, aniqrog'i, Jamilaning uyiga so'rab keluvchilar serqatnov bo'lib qolishganidan so'ng Temur o'zgardi. Har gal Jamila yigitga: "Uyingizdagilar qachon keladi?" deyishni boshlasa, gapni boshqa yoqqa burishga harakat qilar, juda epini qilolmasa, qo'rslik bilan biror bahona topib qo'ya qolardi. Ularning munosabatiga yechim topilmayotganining sababi ham, aslida, bir-biriga bo'lgan ishonch, bir-biriga bo'lgan mehr edi. Ya'ni, janjallari bir zumda unutilib, yana yarashib olishar, to keyingi sovchilikkacha beg'am qolishardi.

Sa'dulla akaning paymonasi to'ldi. Xotiniga qizi bu gal ham binoyidek yigitni "kasal"ga chiqarmasligini, "Ota rozi bo'lsa, Xudo ham rozi" bo'lishini yaxshilab tushuntirib qo'ydi. Og'aynisining o'g'liga rozilik berdi. Jamilaning ko'z yoshiga bolish makon bo'ldi, Jamilaning qarg'ishiga taqdir manzil bo'ldi. Yum-yum yig'lash bilan cheklanib qolmadi. Yagona umidi - yana bir marta gaplashib ko'rishga ahd qildi. Biroq Temur yuqorida eshitganingizdek, ro'yxushlik bermadi. Unga baxt tilaganicha ketdi…

* * *

"Nomard"ga aytgan so'zida turolmadi Jamila. O'zini "bir balo" qila olmadi Jamila. Ota-onasi ko'rindi ko'ziga. Taqdirga tan berishdan bo'lak chorasi yo'q edi.

To'y dabdaba bilan o'tdi. Ammo Jamilaning ko'ngli alag'da edi. Qiz kutdi, oxirigacha kutdi. Yo'llar ko'ziga qadalgan nish edi. Ammo bu yo'llarda tanish qadamlar eshitilmadi. Jamila har qancha kutmasin, Temur kelmadi…

Aldangan bitta men ekanmanmi, baxtidan ayrilgan bitta menmi, deb o'yladi Jamila. Chidagan kammi, yashab ketgan kammi, baxtli bo'lib ketgan kammi, dedi. Ko'nikishga qaror qildi. Kelin bo'lib tushgan xonadonidan baxt kutdi, eriga ko'ngil qo'yishga ahd qildi. Ammo hayot taqdirining tizginini yana uning qo'lidan olib qo'ydi.

To'ydan chamasi bir haftalar o'tdi. O'sha kuni yosh kelin-kuyovlarning xonasidan dastlab chinqiriq ovozi eshitildi. Kutilmaganda Jamila hovliga otilib chiqdi-yu, hovli o'rtasida tosh qotdi. Nasiba opa zudlik bilan kelinining oldiga chiqib, o'zi bilan olib chiqqan adyolni ich kiyimda, diydirab turgan kelinning ustiga tashlab, yuz-ko'zlarini silay boshladi.
- Nima gap, qizim? Nima bo'ldi? - nafasi tiqilib so'radi u kelinidan.

Hayal o'tmay qaynotasining ham qorasi ko'rindi-yu, endi gapiraman deb og'iz juftlagan Jamila qult-qult yutingancha qolaverdi. Yuzi lov-lov yongancha yana orqasiga qaytdi…

Qaynona-qaynota buni o'zicha tushunishdi. Ammo… Bu hol bir necha marta takrorlandi. Axiyri Nasiba opa kelini bilan gaplashib olmasa bo'lmasligini tushundi. Eri ham, o'g'li ham yo'qligida, kelinini qattiq siquvga olgandi, Jamila ichidagini to'kib sochdi:
- Ajrashaman, o'g'lingiz bilan ajrashaman! - dedi u tutaqqancha.
- Voy, o'lmasam, hay, shaytonga hay bering, qizim, axir…
- Menam shaytonga hay bermoqchiman! - yig'lamsiragancha battar baqirdi Jamila. - Chunki shayton bolangiz, eshitdingizmi, sizning bolangiz! Chaqiring eringizni. Chaqiring, dadajonimning do'stini. Menga ham aytib bersin do'stliklari haqida…
- Nimalar deyapsiz, qizim?..
- Nima deb aldadingizlar dadamni? Nimani yashirdingiz?! Farzandingiz giyohvand ekanini aytdingizmi yo alkashliginimi. Balki, uning…

Jamila birdan jim bo'ldi. Rangi dokadek oqardi. Hansiragancha nafas olib, qaynonasining oldiga arang yetib keldi-yu, oyoqlari ostiga cho'kkaladi.
- Men faqat bilmoqchiman, - dedi yuzini kaftlari bilan yashirgancha sim-sim yig'lab. - Ayting, iltimos! Otam shularga ko'z yumib, qizini qo'llaringizga tutqazdimi yoki otamni ham aldaganmidilaringiz?

Nasiba opa javob berolmadi. Kelinini mahkam quchoqlab, u ham yig'lashga tushdi.

* * *

- Temur, seni so'rab kelishibdi, bolam.

Ostonada turgan onasining holatini ko'rib, Temur hayron bo'ldi. So'rab kelishsa, nima qilibdi? Kim ekan, degan o'yda ostonaga qarab yurdi.
- Bolam, sen mening bolamsan, shuni unutma!

Onasi nimaga ishora qilayotganini yaxshi tushundi. Har gal o'g'li tushkun bo'lib qolsa, iztirob chekayotsa, ayniqsa, oldida yo'llar ko'p bo'lib, biror qaror qabul qilishi kerak bo'lsa, shunday derdi onasi.

"Onangning farzandisan, otangga tortmasliging kerak!" Bu gapdan so'ng battar ajablangan Temur boshi g'ovlagancha ko'chaga chiqdi. Chiqdi-yu, Jamilaga ko'zi tushdi…

Jamila lom-mim demadi. Temurning onasi - Malohat aya mehmonni to'rga o'tqazdi. Universitetda o'qiydigan, o'qishi sabab ularnikida yashaydigan singlisining qizi Sabohat ham uyda edi. Xola-jiyan zir-zir yugurib, dasturxon yozdi Har ikki gapining birida "Bolam, bolam"lab, ko'ngliga qaradi Malohat aya. So'ng haliyam eshikka suyanib, so'ppaygancha turgan o'g'liga ma'noli qarab, sekin Sabohat ikkalasi xonadan chiqishdi. Ularning gapiga eshik ortidan quloq osib turishdi.
- Turmushimni buzing! - dedi Jamila kutilmaganda tap tortmay.
- Nima?!
- Turmushimni buzing, deyapman, bo'ldi, ortiq chidolmayman! - Jamilaning jazavasi tutib, Temurga o'shqira ketdi. Juda uzoq gapirdi. Nolidi, yig'ladi-siqtadi, qarg'adi. So'ng javob kutdi. Temur qizning oldiga kelib o'tirdi.
- Nima bo'ldi? Nima gap?
- Men u to'ng'iz bilan yasholmayman.
- Nega?
- Iltimos, turmushimni buzing, yalinaman, yolvoraman, oyog'ingizga bosh qo'yay, faqat…

Bir bahya qoldi Temur Jamilani odati bo'yicha yupatishiga. Bexosdan hushiga keldi. O'zini qo'lga oldi.
- Nega bunday qilyapsan, Jamila? Ozgina sabr qilsang, balki, unga ko'ngling tushib qolar.
- Nima?! - xuddi ajabtovur holatga guvoh bo'layotgandek ko'zlari katta-katta ochildi Jamilaning. - Nima? Siz unga ko'nglim tushib qolishi haqida o'ylayapsizmi? O'shanga-ya?! O'sha marazga-ya? Bilasizmi, u kim? Hayvon u! Hayvon, buzuqi! Xotin zotini jinsiy ehtiyoj chorasi deb biladigan, shahvoniy hirsdan bo'lak hissiyoti yo'q murtad u! Yana giyohvand ham, yana piyonista ham! Ertaga farzand ko'rgudek bo'lsak, bolasiniyam pullab yuboradigan maraz!
- Bo'ldi qil! - bu gal Temurning ovozi baland chiqdi. - Esingni yig'ib ol. Agar aytganlaring chin bo'lsa, otangga ayt, onangga ayt. Ajrash, vassalom. Ammo boshqa mening xonadonimga qadam bosma!
- Temur aka?
- Unut Temur akangni, men uylanyapman! - dedi boshqa chorasi qolmagan Temur ayni pallada gapirishga so'z topolmay. - Unashtiruvim bo'ldi!
- Yolg'on, yolg'on gapiryapsiz, ko'zimga qarang!
- Qaramayman, nima edi?! - baqirdi Temur. - Nima qilasan? Majbur qilasanmi? Qaysi kallang bilan o'ylading meni birovning turmushini buzishga qodir deb. Yana bir gap, men uylan-yapman. Sabohat!

Eshik ortida ularga quloq osib turgan xola-jiyan yalt etib, bir-biriga qaradi.
- Sabohat dedim!

Sabohat oyoq-qo'llari qaltiragancha, dir-dir qaltirab ichkariga kirdi. Uning rangi o'chib ketgandi.
- Chaqirdingizmi? - dedi bazo'r.
- Uning ismi Sabohat, - dedi Temur Jamilaga o'girilib, - unashtirilganmiz, kelasi oyda to'y. Bu uyga boshqa qadam qo'yma. Endi ket, ko'zimga ko'rinma!

Jamila karaxt bo'lib qoldi. To'g'ri, aslida, bu yoqqa kelayotganidayoq ko'ngli sezgandi Temur unga bema'nigarchilik qilayotganini aytib, qaytarib yuborishini. Ammo bunaqa muomala bilan haydashini tasavvur etolmagandi. O'ylarini o'ylab ulgurmasidan, Temur qizning bilaklaridan ushlab, o'rnidan turg'azdi. Ostonada hamon angraygancha qolgan Sabohat ham, yo'lakda ko'z yoshlarini ro'molining uchiga artib turgan onasi ham yurak yutib biron narsa deyolmadi. Deyarli sudrab olib chiqdi Temur Jamilani. So'ng darvozaga ishora qildi. Jamila yig'lagancha ko'chaga otildi. Temur qizning ortidan eshikni yopib, darvozaga boshini suyagancha qotib qoldi.
- Bunaqada biror g'alvani boshlab qo'yadi bu qiz, - dedi onasi unga, - bekor unaqa qilding, bolam.
- Aka, - dedi Sabohat, - haliyam kech emas, yotig'i bilan tushuntirib, uni uyiga, hech bo'lmasa ota uyiga tashlab keling.

Onasi yana allanimalar dedi, xolavachchasi ham, ammo miq etmadi Temur. Ortiga o'girilib, xonasiga tomon yurdi. O'shanda ko'rib qoldi Malohat aya o'g'lining yig'layotganini.

* * *

Malohat aya tokchadagi suratni qo'liga oldi. Temurning bolaligidagi yagona surat. Boyaqish onaning ko'z oldida o'g'lining yoshligi jonlandi. O'shanda sakkiz yoshda edi. Malohat aya Xudoning zorini qilib ham eriga insof yuqtirolmaganidan so'ng taqdiriga tan bergandi. Ammo Temur ko'tarolmadi. Ko'tara oladigan, hayotni tushunadigan yoshda ham emasdi. Otasi tashlab ketayotgan kuni Temur uvvos solib yig'ladi. Qorni qor, sovuqni sovuq demay mashinaning ortidan chopdi. Malohat aya o'g'liga yetolmadi. Yarim yo'lda hansirab, yiqilib qoldi. Temurga qaradi. U hamon qo'lini ko'tarib, mashinani to'xtatishlarini otasidan tashlab ketmasligini so'rardi.

Militsiya xodimlari shu ketganicha yo'q bo'lib qolgan Temurni ikki kundan so'ng topib kelishdi. Allaqaysi dalada muzlab, qunishib yotgan ekan.

U yog'ini eslashni istamadi sho'rlik ona. Bolasining rasmini mahkam quchoqlagancha, yig'lab yubordi.

* * *

Jamila ota uyiga qaytdi. Haqiqatni bilganidan so'ng otasining o'zi qaytarib olib keldi.
= Mening ajrashadigan xotinim yo'q, - deya rosa to'polon qildi Sardor.

Ish sudga oshirildi. Suddan so'ng Sardor Jamilaga xoli gaplashib olishni so'rab, chetga olib chiqqanida, tahdid ham qildi:
- Agar meni tashlab ketsang, boshqasiga erga tegsang, o'sha odamni o'ldiraman!

Jamila erining gaplarini pisand ham qilmadi, ammo dugonasi ham eshitgach, xavotir oldi. Nozima esa bu gapdan Temurni bexabar qoldirmadi. Temurning qanchalik jahli chiqmasin, ammo hovurini bosdi. Xuddi xotirjamdek tutdi u bilan ko'rishganida.
- Jamilaga men uylanmoqchiman! Xo'sh, o'ldirasanmi meni?

Keyin o'rtalarida nima bo'lganini hech kim bilmadi. Jamila bilan Nozima mashinada qolishdi. Temur Sardorni olib chetroqqa chiqdi va zum o'tmay qaytib keldi. Shu-shu Sardor boshqa  Jamilani bezovta qilmadi.

Jamila ota uyiga butkul qaytdi. Malohat aya sovchilikka kelganida, Jamilaning ota-onasi dastlab unashmadi. Qizlarining baxtini tavakkal qilisholmadi. "Turmushidan ajragan qizingni ularning mahalla-ko'yi nima deydi, o'zlari qanday munosabatda bo'lishadi, qo'y, onasi, bir xato qildik, ikkinchisi qimmatga tushadi. Birorta o'zining tengi topilib qolar", dedi otasi. Ammo Temur unamadi. "Jamiladan boshqasi kerakmas, agar chindan qizingizning baxtini o'ylayotgan bo'lsangiz, qarshilik qilmanglar", deb turib oldi. Boshqa gapni eshitishni ham istamadi. Ostonasida yotib olgan Temurni ko'rib, endi Jamilaning nazarida ertangi kunga umid, yashashga ishtiyoq tug'ilgandek edi-yu, ammo sal o'tmay taqdir yana chappasiga aylanib ketdi. Jamilaning tez-tez mazasi qochadigan bo'lib qoldi. Tekshiruvlar esa homilador ekanini ko'rsatdi.

* * *

Malohat aya "Qaytarishdi", deganidan so'ng Temur yana qatnadi ularnikiga. Haqiqatni bilmagunigacha qo'ymadi. Haqiqat oshkor bo'lgach esa kutilmaganda Temur xotirjam tutdi o'zini. Xuddi hech narsa bo'lmagandek. Lekin endi Jamilaning qaysarligi tutdi.

Onasining: "Unday qilma, qizim, Temurdek yigit boshqa uchramaydi hayotingda, unga ishonsang bo'ladi", degani ham ish bermadi.

Temurning: "Hech qachon uni o'gay bilmayman, otaning qadrini menchalik hech kim his etmasligini o'zing bilasan-ku. Xavotir olma, unga o'zim otalik qilaman!" degani ham naf bermadi. Hatto otasi ham aralashib ko'rdi:
- U yolg'on gapirmayapti, shu yigit sening baxting, qizim, farzandingga haqiqiy ota bo'ladi, mana ko'rasan!..

Baribir, foydasi bo'lmadi. Shunda ruhshunos bitta gap aytib qoldi ularga. Jamilada kuzatilayotgan qaysarlik, injiqliklar shunchaki homiladorlikdan, keyin o'tib ketadigan holat ekan. Chindan ham, ota-onasi va Temur qizni birpas tinch qo'yishdi. Sabr qilishdi. Shunda oftob chiqdi ularning osmonida. Jamila yana Temurga rozilik bildirdi.

* * *

To'y ixchamgina bo'ldi. Aslida, Temur orzu-umidlar bilan, unga oq ko'ylak kiygizib, katta to'y qilib olib ketmoqchi edi, Jamila rozi bo'lmadi. El gap qilishidan qo'rqdi. Aslida, Temurning malomatga qolishini istamadi.

To'ydan so'ng Temur  Jamilani o'z holiga qo'ydi. Kunlarning birida esa…

Ishdan qaytgan Temur ichkarida baqir-chaqirni eshitib, sal qiya ochiq eshikdan to'g'ri kirib kelaverdi. Ish aslahalarini ayvondagi stolga qo'yib, mehmonxona tomonga quloq tutdi. Aftidan ovoz egasi qaynonasi edi. Dam-badam Sabohatning ham ovozi chiqar, u ona-bolaga urishmasligini, Temur kelsa, bafurja gaplashib olishlarini aytib, tinmay yalinardi.

Temur ichkariga kirganida, xotini ham, qaynonasi ham unga ko'zi tushishi bilan jim bo'ldi. Hol-ahvol so'radi. Temur xotinining ro'parasiga, qaynonasining yoniga o'tirdi.
- Onam qani? - deb so'radi Temur Sabohatdan.
- Xolam do'xtirga ketgandi, hozir kelib qoladi, - Sabohat ham ko'zini olib qochdi. Temur yaxshisi o'zlaridan so'ray qolay deb, ona-bolaga yuzlandi.
- Nima bo'ldi?
- Hech nima, shunchaki, ozgina tortishib qoldik, - deya qaynonasi yuzini ters burdi.
- Nima bo'ldi? - endi xotiniga yuzlandi Temur.
- O'zimiz, sal qizishib ketdik…
- Qizishib ketding?! - qoshlarini chimirdi onasi, so'ng ovozini balandlatib, qo'lini paxsa qila ketdi. - Qizishib ketib, yana nimalar qilganingni ham ayt, gapir, nega jimsan? Ayt!
- Bo'ldi qiling, ona, urish qilgani kelganmisiz? - dedi Jamila. So'ng eriga qaradi.

Temur unga shunday tikilib o'tirardiki, erining nigohiga dosh berishning imkoni yo'qdek edi. Darrov ko'zlarini olib qochdi.
- Jamila?!

Jamila Temurga qaramadi. Yana ikki marta chaqirdi uni Temur, baribir qaramadi. Shunda qaynonasining o'zi aytib qoldi. U gapni dastlab Temurdan boshladi:
- Xotiningiz bilan bemalol er-xotinga o'xshab yashayvering, kuyov bola!

Temur Sabohat uzatayotgan choyni qo'liga olgach, qaynonasi nimani nazarda tutayotganini anglay olmay, unga tikildi.
- Nega angrayasiz? Endi hammasi ortda qoldi, qizim homilador emas!

Temur qaynonasidan ko'zini uzmas, ammo uning nima deyayotganini yaxshi anglayotgan ham emasdi. Jamila onasiga boshqa gapirmang, deb iltimos qilganida, aksincha, onasi tutaqib ketdi. Baqirib yubordi, kuyoviga qarab, qizini ko'rsatib yig'lay boshladi:
- Bu ahmoq allaqanday tabletkalar ichib yurgan ekan. U endi homilador emas, o'g'lim, u bolasini o'ldirdi. U homilasini nobud qildi. Nobud qildi. Do'xtirlar uning majruh tug'ilishini aytishgan ekan, bu ahmoq Xudoga ishonmay, do'xtirlarga ishonib qo'ya qolgan, bolam, qizim farzandini o'ldirdi…

Temur kar-soqov, shol bo'lib qolgandi. Qaynonasining xonadan yig'lagancha o'qdek otilib chiqqanini ham, uni yupatish uchun ortidan Sabohat ketganini ham sezmadi. U faqat Jamila kelib qo'llaridan tutganida o'ziga keldi. Xotiniga o'girildi. Temurning nigohidan biror ma'noni uqib olish amrimahol edi. Ko'zlari ham bema'no boqardi.
- Nega bunday qilding? - deb so'radi Jamiladan.
- Temur aka!
- Bilasanmi nima? - dedi Temur yuzini boshqa tomonga burib. So'ng eshitilar-eshitilmas shivirladi. - Bolaligimda, ikki kun qishning qahratonida ko'chada qolib ketganman.

Temur nega bunday deganini Jamila yaxshi tushunmadi. Uning gapini davom ettirishini istab, og'ziga mahtal bo'ldi.
- Men ota bo'lolmayman, Jamila, chunki  men o'shanda…

Temur ortiq gapirolmadi. Ko'zidan bir tomchi yosh dumalab tushdi. Allaqayerdandir, radiomi yoki magnitafondanmi notanish hofizning tanish dard haqidagi qo'shig'i elas-elas quloqqa chalinardi:

Goh savob, goh gunoh, tinim bilmaydi,
Odamlar gumrohmi, sabrsizmi yo?
Ayblaring yuvmoqqa izn bermaydi,
Bir tomchi yoshchalik qadrsiz dunyo!

Humoyun
Manba: www,hazon.uz

1

  • Lazizbek

    Daxwat

    Lazizbek 19.11.2017 15:58

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish