Restoranda boshlangan adovat

- Yakshanba kuni fotiha, Guli. Yuragim hapqirib ketyapti. Taqdir deganlari shumikin? O'zini ko'rmay, bir og'iz gaplashmay, rozilik berib o'tiribman-a?

Sadaf shuday deb dugonasi Gulrangning yelkasiga bosh qo'ydi. Ammo uning ovozida hadik, xavotir yo'q edi.
- Odam ham o'zining taqdiriga shunaqa beparvo bo'ladimi? Ibrat xolam: "Yigit chetda ishlayotgan ekan, ham o'qirkan. "Sadafni yaxshi taniyman, o'zim rozi bo'lib, o'zim xohlab, onamni unikiga sovchi qilib yuboryapman", debdi. Rasmini ko'rdik, binoyidek yigit ekan. Sadaf ham bu gal injiqlik qilmay rozi bo'ldi, shunday qilib, fotiha, yozda to'y", - desa, og'zim ochilib qolibdi. Uchrashuvga chiqqanida botinkasining ipidan tortib, sochining rangigacha tekshiradigan, so'ng yotib olib bir hafta o'ylanadigan Sadafmi shu, deb hayron qoldim, - dedi Gulrang.

Sadaf kulimsiradi:
- O'zim ham o'zimga hayronman. Tag'in chetda ishlayotgani bilan hali men xohlagan yigit emas ekan. Dadasi mohir oshpaz bo'lgan ekan. Badavlat odamlarga xizmat qilgan ekan. Xo'jayinlarining dushmanlari zaharlab qo'ygan taomdan yeb, vafot etgan ekan. Adam: "Surishtirdim. Bo'lajak kuyovimizning dadasi taomni nafsi hakalak otganidan yemagan, balki, taomning rangiga qarab, ko'ngliga shubha tushib, xo'jayiniga berishdan avval totib ko'rgan ekan. "Yemang, zaharlangan", deyishga ulguribdi. Shunaqayam kuchli zaharlar bo'larkan-da… Bu qabihlikni qilganlar jazosini olishibdi. Oshpazning sodiqligi uchun xo'jayinlari hanuz bu oilaga yordam berib turarkan. Xullas, yaxshi oiladan chiqqan", dedi. Onasi, singlisi hamshira ekan…

Sadaf o'rtog'ining ko'ziga termildi, undan bir qo'llovchi ifoda kutgandek bo'ldi. Lekin Gulrang indamay, bosh chayqadi. So'ng:
- Rasmini ko'rsatarsan, - dedi.
- Albatta, - dedi Sadaf va sakrab o'rnidan turib, noutbukini ochdi.

Tugmachalarini bir-ikki bosgandi, bir yigitning rasmi ko'rindi. U ko'zoynak taqqan, uzun plashchda bo'lib, yelkasiga sumka osib olgandi.
- Xo'sh, qalay? - dedi Sadaf bir ko'zini qisib, rasmga goh uzoq, goh yaqindan qarab ko'rayotgan Gulrangga.
- Chakkimas. Ko'zidagi ko'zoynagini olsa-yu… Yoqqan-yoqmaganligini o'shanda aniq aytsa bo'ladi, - dedi Gulrang. - Ko'zoynaksiz tushgan rasmi yo'qmi?
- Bo'lib qolar, - dedi Sadaf. - Guli, chin dildan ayt, ko'ngling nima deyapti? Shu yigit bilan baxtli bo'lib ketarmikinman?
- Uni qayerdadir ko'rgandekman… - dedi Gulrang va o'rtog'ining yuzi o'zgarganini ko'rib, qo'shib qo'ydi. - Balki, kimgadir o'xshatganim uchun shunaqa tuyulayotgandir…

* * *

- Kuyov ishtirokisiz ham fotiha to'yi bo'larkanmi?
- Bo'larkan-da. Mana, Sadaf bilan Baxtiyorning fotiha to'yi bo'ldi-ku. O'rtada dasturxon, tog'ora, sarpo-suruq borib kelaverdi. "O'zbekchilikda unashtirish bilan fotihani xotin-xalajlar hal qiladi. Kelin-kuyov to'yda o'tirib bersa bo'ldi", degan gaplar to'g'ri ekan-da…

Bu tarzdagi gaplar Sadafning atrofida aylanib yurardi. Qilingan sarpolardan ko'ngli to'lgan, ammo Baxtiyorning o'zidan internet orqali bir og'iz gap kelmaganiga ba'zan hayron bo'lardi qizgina.
- Baxtiyorga qilingan sarpolarni yubordik. Juda xursand bo'ldi. Hammasi o'ziga qolipdek mos tushdi. Rahmat, dedi…
- Baxtiyorga Sadafning fotiha sarpolarini kiyib tushgan suratlarini jo'natdik. "Parizod bo'lib ketibdi", dedi…

Sadaf bunday gaplarni eshitganda ko'ngli sal yorishar, lekin: "Nega o'zi men bilan internet orqali bo'lsa-da gaplashmaydi? Balki, to'y oqshomida, yo'q, undan bir oy avval rasmiy nikohdan o'tish uchun ariza berganimizda butunlay "ochilmagan qo'riq"ni kashf etishni istayaptimi? Axir "Hozirgi yoshlar syurpriz qilishni yaxshi ko'radi", degan gapni kunda-kunora eshitamiz-ku. Balki, mening sabrimni sinamoqchidir".

Sadaf shunday goh og'ir, goh yengil xayollar bilan o'zicha to'yga tayyorlanarkan, ba'zan bu savollar zalvoridan toliqib ketgandek bo'lardi. Birdan… Ehtimol, "Falonchining qizi pismadonchining o'g'liga unashtirilibdi", degan gapni ularning besh-oltita qarindoshi yo uch-to'rtta qo'shnisi eshitar, lekin "Fotihasi buzilibdi", degan gapni shu atrofdagi teshik quloq borki, hammasi eshitadi. Avval bu qaytish - iztirobli qaytish Sadafga kuyovning navbatdagi g'ayritabiiy odatidek tuyuldi.
- Kuyov: "Fotiha to'y emas, fotihani qaytaringlar, ota-onasidan uzr so'ranglar… Sadaf bilan men o'zim gaplashaman», deganmish, - deya onasi yig'lab yoniga kirganida qiz avval bir sapchidi.
- Adangning rosa xunobi chiq-yapti. "Yaramas bolani nima qilsam qilaman, yurtga qadam bosmaydigan qilmasam, Kamol otimni boshqa qo'yaman", deyapti. "Qizingdan so'ra-chi, oralaridan nima gap o'tdi ekan?" deyapti adang…

Sadaf birpas karaxt bo'lib o'tirdi-da:
- Bilmayman, hech narsani bilmayman, - deya boshini changalladi.

Rostdan ham, Sadaf biror narsani anglab, to'g'ri tahlil qilib, to'g'ri xulosa chiqaradigan holda emasdi.

Keyingi kunlarda Sadafga berilayotgan savollar tobora achchiq va alamli edi. Ko'zidan yoshi tinmayotgan onaning yoniga xolalar, ammalar qo'shilgan edi.
- "Bilmayman"dan nariga o'tmayaptimi, qizing bir baloni biladi. Qistovga ol uni!
- Chetda yurib, to'g'ri yo'ldan ozgan boladir, balki. Ehtimol, biror kasallik yuqtirgandir… Bir gulday qizning umriga zavol bo'lmay degandir, vijdoni uyg'ongandir…
- Unday bo'lsa, falokatimiz aribdi…
- Balki, boy-badavlat, yallo qilib yashash imkoniyatiga ega odamning qiziga uylangandir. Qaytmoqchi emasdir… Bedorliklar, horib-tolishlar evaziga o'qish joniga tekkandir?
- Onasi o'g'lining bu qilmishini qanday izohlayapti axir? Bir narsa degandir fotihani qaytarganida?
- Nimayam derdi? Shumshayib kelib, shumshayib ketdi. "Baxtiyorning o'zi aytgani uchun boshlagan edik bu ishni, endi yana uning xohishi bilan to'xtatyapmiz", deb turibdi.
- Bir balosi bor…

Sadafning toqati toq bo'ldi. Sabri kosasidan toshdi.

* * *

"Baxtiyor aka… Bu ism menga qadrdon bo'lib qolgan edi. Go'yo tug'ilganimdan buyon shu ismning tovushlari orqali nafas olayotgandek edim. Endi bu izhori dil nechun? Men qaror qabul qilib bo'ldim, orqaga qaytmayman, deyapsizmi? Balki, qilgan ishingizga izoh ham bergingiz kelmayotgandir? "Men senga uylanganim yo'q-ku. Boz ustiga, hech qachon hech narsa deb va'da ham bermadim, sening oldingda mutlaqo majburiyatim yo'q", demoqchidirsiz? Ehtimol, "Sen qanaqa aqli noqis qizsan-ki, ko'rmay, bilmay, bir marta gaplashmay, faqat chetda o'qiyotganimga ishonib, men bilan taqdiringni bog'lashga rozi bo'lding? Ayb o'zingda. Men bunaqa kaltafahm qizga turmush o'rtoq bo'lishni istamayman", degan bahonangiz bordir. Nima bo'lsayam qilgan ishingizni izohlang! Mening buni talab qilishga haqim bor…"

Sadaf kompyuterning oldida o'tirib, o'zini anchadan beri qiynab kelayotgan savollarga javob topish uchun yuqoridagi gaplarni ming azob bilan yozdiyu, Baxtiyorga jo'natib yubordi.

* * *

"Salom, Sadaf. Men sizga bejiz sovchi yubormaganimni boshidayoq bilgansiz, - Sadaf yigitdan kelgan maktubni o'qiy boshlar ekan, vujudiga titroq kirdi. - Siz mening taklifimni qabul qilganingizni", "taniyman" degan gapimni muhabbat o'rnida qabul qilganingizni eshitib, "Bu qizning bema'ni kibri sinibdi, uylansam, uylanaveraman", deb o'yladim. Ammo keyin ayol bo'lsangiz ham birinchi bo'lib yarim qadam tashlamaganingizni his etib, "Fotiha qilyapsanmi, endi uylanasan-da", degan pisandangizni sezib, fikrimdan qaytdim. Siz o'sha meni "Choliqushi" restoranida yomonotliq qilgan Sadafsiz, o'zgarmabsiz…"

Birdan Sadafning ko'z oldi qorong'ulashdi. Harflar ostin-ustun bo'lib ketdi. "Choliqushi" restorani. Nega shu paytgacha Sadaf bu voqeani umuman eslamadi? Baxtiyorni osmondan tushgan shahzoda deb xayol qildi?

Lekin o'shanda - litseyning oxirgi bosqichida o'qiyotganida o'ylovsizligi rost edi. Ammo "Choliqushi" restoraniga ovqatlangani yo ko'ngil yozgani uchun emas, guruhdosh dugonasining to'yiga borgandi. Ularning stoliga xizmat qilayotgan ofitsiant yigitcha qaddi-qomati kelishgan, jiddiy, sipoligi bilan boshqa hamkasblaridan ajralib turardi. Tabiiyki, o'n yettidan o'n sakkizga qarab ketayotgan qizlarning bir ko'zi yigitlarda bo'ladi.
- Sadaf, o'zimizning chiroyli ekanimizni bilarkanmiz-a?
- Be, kim bo'libmiz? Bitta yugurdakmiz-da bor-yo'g'i. Hozir manavi idishdagi ichimligimni to'kib, o'rniga boshqa ichimlik qo'y, desam, ikki bukilib quyadi.

Sadaf yonidagi o'rtog'i Gulrang bilan muhabbat fasliga mos yoshlariga xos kibr bilan kinoya to'nini bir-biriga otishar, ularga qiyo ham boqmayotgan yigitchaning e'tiborini o'zlariga tortmoqchi bo'lishardi.
- Ichimlik qo'ying…
- Negadir bu ichimlikni ichgim kelmay qoldi, yaxshisi, boshqasini quying…
- Yo'q, boshqasini xohlayotgan ekanman.

Ofitsiant yigitcha bir-ikki bor qizlarning istagini bajo keltirdi-yu, so'ng gaplarini umuman eshitmaganga oldi.
- Ja, o'zimizni olarkanmiz-da…
- Hozir xo'jayiniga aytsak, dumini likillatib qoladi. Hamma-hamma bilan edi-yu…

Sadaf bilan Gulrangning ermagi shu mag'rur yigitcha bo'ldi… Balki, "Ichmasalaring, restoranga nega keldilaring? Kelin-kuyovga baxt tilamas ekansizlar, uylaringda o'tiravermaysizlarmi?" deya kinoya qilib, ichkilik ichirgan qitmir guruhdoshlari qilmishlarining ta'siridir bu…

Har holda Sadaf bilan Gulrang davra bo'lib o'yinga tushayotgan o'rtoqlari doirasida bir-ikki bor aylanib kelishdi-yu, birdan ular o'tirgan stolda qiy-chuv ko'tarildi.
- Telefonim yo'q, hozirgina shu yerda qoldirgandim…
- Albatta, anavi odamga ola qaraydigan yugurdak olgan…
- Har kuni odamlar yemagan ovqatni uyiga tashiyverib, nazari och bo'lib qolgan bularning.

Sadaf bilan Gulrangga qo'shilgan guruhdosh yigitlar ham ofitsiantni o'rtaga olishdi. Restoran zalining mudiri rang-quti o'chib yugurib keldi.
- Hoy, baraka topgurlar, odamlarning diqqatini tortmanglar! To'y bo'lyapti, axir! Bu bola birovning narsasiga ko'z olaytiradigan bola emas…

Ammo o'z shovqinidan o'zi kuch olayotgan qizlar, ularga qo'shilib yigitchalar ham ofitsiantning hamma yog'ini timirskilashardi. Tomoshaga narigi stoldagilar ham kelishgandi. Nihoyat, qo'shni stoldagi qizlardan biri:
- Mana, mening oyog'im ostida yotibdi telefoningiz, pastga tushib ketibdi, - deb qoldi.
- Boyagina qaraganman, yo'q edi. Manavi yugurdakning o'zimi, og'aynisimi tashlab yuborgan bo'lsa kerak o'takasi yorilib…

Sadaf telefonini qo'liga olgach ham past kelmadi. Yigitchalar ofitsiantni o'z holiga qo'yishgan bo'lsa-da, undan birortasi uzr so'ramadi. Yigitcha katta-katta ko'zlarini ochib, bu mojaroni boshlagan Sadafning ro'parasiga kelib:
- Hech bo'lmasa siz bir og'iz kechirim so'rasangiz bo'lardi… Birovni nohaq ranjitdingiz-ku, - dedi.

Sadaf esa pinagini buzmay:
- Bor, toshingni ter! Kelib-kelib odam qurigandek sendan uzr so'raymanmi? - dedi…

Bu voqealar g'alati tush kabi o'tib ketganiga ancha bo'lgan edi. Sadaf Gulrang bilan litseyni emas, institutni ham bitirishdi. Bir yil ishlab ham qo'yishdi. Sadaf uni o'poq, buni so'noq deb yurib, ancha vaqtini boy berdi. Tengdoshlari birin-ketin uzatilib, oilali bo'lishgach, "Mendaqa qiz hech qachon ko'chada qolmaydi", - deb yurgan Sadafning ham shashti pasaya boshladi. Ayniqsa, Fotima-Zuhraday bo'lib qolgan Gulrangning ham to'yi bo'lgach, Sadafning to'rt yog'idan sovuq shamollar esa boshladi. Endi o'ziga sovchi qo'ygan yigit haqidagi "chetda o'qir ekan" degan ta'rifni osmon bilib, qatorga kirdim, deb suyunganida bu ahvol…

Sadafda xatning davomini o'qishga majol yo'qdek edi. Lekin o'qishi shart bo'lgani uchun ko'zini yana kompyuterga tikdi:
"Ha, ha, siz o'sha Sadafsiz. O'shanda men siz o'rtog'ingiz bilan qayta-qayta tilga olgan "yugurdak" bo'lsam-da, nufuzli bir universitet talabasi edim. Soat to'rtda uyqudan turib, restoranimizga chopardim. Soat sakkizgacha ishlab, universitetga yugurardim. Darsdan so'ng kutubxona stoliga bir soat bosh qo'yib, mizg'ib olardim-da, ikki soat darsimni qilib, kechki xizmatga borardim. Kontrakt pulimni o'zim to'layotganim bilan, har oqshom uyimga ozmi-ko'pmi choychaqa ishlab kelib, onamga yordam berayotganim bilan faxrlanardim. O'sha restorandagi mojarodan so'ng boshlig'imiz: "Yaxshimi, yomonmi, mening restoranimda janjal bo'lmasligi kerak. Men har bir odamga: "Bu bolaning qo'lidan o'g'irlik kelmaydi", deb izoh berib o'tirmayman. Undan ko'ra: "Uni ishdan bo'shatib yubordim", deyish osonroq", dedi. Darhaqiqat, shunday. Birovning javobgarligini zimmangga olgandan ko'ra undan qutulib qo'ya qolgan oson… Shunday qilib, sizning sharofatingiz bilan ko'chaga haydaldim, rizqim qiyildi. Yarim och, yarim yalang'och qolsam ham mayli edi-yu, lekin men, albatta, o'qishimning pulini to'lashim shart edi. Qayerga borsam (restoran ma'nosida, albatta) avvalgi ish joyimdan nega bo'shaganimni so'rashadi. Yolg'on aytib bo'lmaydi. Hamma restoran xo'jayinlari bir-birini taniydi. Shunda men qora ishga yollandim, g'isht quydim, tunuka qoqdim, xandaqda loy pishitib berdim, loy otdim. Oyoqlarim-qo'llarimda qadoqlar paydo bo'ldi. Atir hidi ufurib turadigan nozikta'b xizmatchidan yollanma ishchiga aylandim. "Mehnatning aybi yo'q", - der edim-u, ba'zan xo'rligim kelardi. Ana shunday paytlarda: "Bir martaga o'sha qizning kibrini sindiraman", deb ont ichganman. Ontimda adolat bo'lsa kerakki, to men sovchi yubormaguncha sizga baxt darvozalari ochilmadi. Men sizga uylanib, xor qilib, xor bo'lgan yillarim alamini olsam ham bo'lardi. Lekin siz qilgan nohaqlikni qaytargim kelmadi. Yarim yo'lda to'xtadim. "Qalbingizni qasosga bermang. Qasos o'ti avval o'zingizni kuydiradi", - deydi donishmandlar. Men ham fotihani - Xudo muhrini ermak qilganim uchun bir kunmas bir kun jazo olsam kerak. Lekin har qancha og'ir, vazmin, bosiq yigit bo'lsam-da, qasos halovatidan voz kecha olmadim. Har qanday kibrli qiz bir yigitning tortgan adolatsiz jazosi, singan g'ururi, egilgan hamiyati oldida javob berishi shart, deb o'yladim. Sizning bugungi to'kayotgan ko'z yoshingiz, taqdiringizga tushgan yamoq, "fotihasi qaytgan qiz" degan tavqi la'nat mening nazdimda, o'sha javob…"

Sadaf Baxtiyorning xatini oxirigacha o'qiy olmadi, qatordan qatorga xat emas, o'zi kichrayib borayotgandek edi. Shu zaiflik aro "Bu o'tib ketadi, mening hayotimga ta'sir qilmaydi", deb o'ylaganimiz kichkina adolatsizlik ham bir kuni oldimizni tog' bo'lib to'sishi mumkinligini ham aniq his qilardi.

Qutlibeka Rahimboyeva
Manba: www.hazon.uz

3

  • Aziza

    Lekin qasos olib bekor qipti yigit. Yigitlardaku bunday xodisalar fojia emas lekin qiz bolaning xayotiga katta tasir qiladi. Yillar o'tsayam unutilmay qllib ketishj mumkun

    Aziza 19.11.2017 15:11
  • Aziza

    Qilmish qidirmish. Shunichunam birovni ustidan kulmaslik kerak qaytadi

    Aziza 19.11.2017 15:09
  • Jalil

    Battar bo'l

    Jalil 19.11.2017 14:07

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish