Armon bo'lgan muhabbat

Issiqning zo'ridan xona derazalarini ochib ham bo'lmaydi. Toshpo'lat aka bir necha bor ko'zoynagini taqib-echadi. Gazetadan bosh ko'tarmay hali xom maqolalarni ko'zdan kechiradi. Kotiba qiz paxta gulli choynakda choy keltirganidan so'ng to'zg'igan xayollarini jamladi. Endi choy suzib ho'playotganida telefon qo'ng'irog'i jiringladi.
- Eshitaman!
- Allo, kechirasiz, menga muharrir kerak edi. Agar shu yerda bo'lsa, chaqirib bering, - dedi go'shak ortidan tanish ovoz.

Toshpo'lat aka darrov bu ovoz sohibini tanidi.
- Qulog'im sizda, Nosirbek. Ancha bo'ldi ko'rishmaganimizga. Qalay, kelin, bolalar, nevaralar sog'-salomat yurishibdimi?
- Ovozimni darrov taniysiz-a? Uydagilar yaxshi. O'zingizdan so'rasak. Bugun shanba bo'lsa ham, o'rningizni bo'shatmay o'tiribsiz.
- Shunday bo'lib qoldi. Xo'sh, nima yangiliklar, kursdosh?
- Gap ko'p. Eshiting, dushanbada yubiley. Men siz uchun ham…

Toshpo'lat aka Nosirbek aka nima demoqchiliginini angladi. Angladi-yu, kursdoshining gapini bo'lib dedi.
- Chatoq bo'libdi. Bo'lmasa men qatnashmayman, - degandan so'ng. Nosirbek aka gapni boshqa yoqqa burdi.
- Men shuni bilganim uchun sizga alohida xizmat aytaman, endi xafa bo'lmaysiz, kursdosh qizlarni esa xafa qilmaymiz. Xo'sh ma'qulmi?
- Shunday bo'lsin, - dedi ko'ngli taskin topgach.
- Unda yozib oling.
- Mana, hozir… Ayting, Nosirbek.

Toshpo'lat aka go'shakni joyiga qo'ygandan so'ng talabalik yillari ko'z o'ngidan charxpalakdek aylandi. Hamon yuragining tub-tubida yashab kelayotgan ilk sevgilisiga bo'lgan go'zal tuyg'ulari yana bosh ko'tardi. Har gal Qurbonoyni eslaganida go'zal chehrasi va uzun sochlari ko'z oldiga kelardi. Endi yana bir bor uni ko'rish baxti nasib etayotganidan quvonib ketdi. Axir shuncha yillar shuni orzu qilmaganmidi?! Qo'liga qalamni oldida miyasiga quyulib kelayotgan gaplarini oq qog'ozga tushira boshladi. Har safar ilk muhabbatini eslaganida ilhom parilari xuddi hozirgidek uchib kelardi. Yozaverganidan qo'llari tolib, tomoqlari quridi. Charchoqdan egilgan gavdasini ko'tarmaganida kech kirib qolganini sezmagan bo'lar edi. Toshpo'lat aka o'rnidan turib, deraza ortidan boqdi. Har doimgidek haydovchi yigit mashinada rahbarini jimgina kutib o'tirardi.
- Dushanbada bo'shsan, Umidjon, - dedi Toshpo'lat aka mashinaga joylashib o'tirib olgach. - Yigitlarga tayinlab ketaman. Mening yo'qligimni bildirishmasin. Sen ham tahririyatga kelib tur. Mashinani haydab ketaman. Yo'l olis, sen buni bir ustaga ko'rsatib qo'ygin, tag'in bir ishkali chiqib yurmasin.
- Xo'p bo'ladi, - dedi yigit.

Umidjon boshlig'ini uyiga tashlab, iziga qaytdi. Bobosining kelganini ko'rgan nevaralari Toshpo'lat akaning quchog'ini to'ldirdi.
- Faqat qaysi nevaram maktabda besh olgan bo'lsa shunga sovg'am bor. Qani, kim kundaligini olib keladi?

Nevaralari "Men-men" degancha kundaliklarini olib chiqqani xonalariga kirib ketishdi. Qo'lida oftoba bilan sochiq tutgan Nozima opa eriga peshvoz chiqdi.
- Assalomu alaykum, bobosi, yaxshi ishlab keldingizmi? Nevaralaringiz kech tushishi bilan darvozadan kelishingizni poylaydi.
- Tuzuk. O'g'illaring uydami?
- Boqqa chiqishgan, nimaydi?
- So'radim-da! Ovqating tayyor bo'lsa, suzaver. Bilasan, issiq ovqat yemayman. Men ungacha nevaralarimning kundaliklarini ko'zdan kechirib chiqaman.

Toshpo'lat aka yuz-qo'lini yuvib, sochiqqa artindi-da, derazadan qarayotgan nevaralarining darsxonasiga kirib ketdi.

Kechqurun er-xotin yolg'iz qolishgach, Toshpo'lat aka bugungi yangilikni aytishga og'iz juftladi.
- Kursdoshim Nosirbekni tanirding-a? O'sha bugun qo'ng'iroq qiluvdi. Kursdoshlar bilan yig'ilishib, o'ttiz besh yillik yubiley qilayotganini aytdi. Dushanbada ketsam, kechikaman. Shuning uchun ertaga tushdan keyin yo'lga chiqaman. Sen yaxshi kostyum-shimimni dazmollab qo'y.
- Yolg'iz o'zingiz borasizmi?
- Ha.

Nozima opa "Men ham boray. Ancha bo'ldi o'z shahrimga bormaganimga. Uydagilarimni juda sog'indim", demoqchi bo'ldi-yu, erining unamayotganini ko'rib jim bo'ldi. Biroq yuragi negadir g'ashdek. Ertasi kun erini yo'lga kuzatayotgan chog'ida ham bu g'ashlik yo'qolmadi.

Yo'l olis. Toshpo'lat aka mashinani yeldek uchirib borarkan, talabalik yillarini esladi. Bu yillar uning uchun juda qadrdon. Har safar Xorazmda aylanganida yuragi hapqirib uradi.

* * *

Toshpo'lat aka institutga kirishga musharraf bo'ldi. Talabalik yillarida sevgi atalmish go'zal tuyg'u uning yuragini zabt etdi. Kursdoshi Qurbonoyga ko'ngil qo'ydi. Biroq buni aytishga jur'at etolmadi. To'rtinchi kursga yetganda do'sti Nosirbek tufayli Toshpo'latning ishqiy nomasi qizning qo'liga yetib bordi. Qizning nomasi esa yigitga. Aslida, Qurbonoyning ham samarqandlik Toshpo'latda ko'ngli bor edi.

Shundan so'ng ko'zlar ko'zlarga, dillar dillarga bog'lanib, shirin uchrashuvlar tayinlandi. Ikki yosh ahdu paymon qilishdi. Qiz olis yurtga kelin bo'lmoqlikka rozi bo'ldi, yigit esa qizning qo'lini tutdi. Ularning shirin orzu-xayollari ko'klardan-da balandroqda parvoz etardi. Bilganlar kun kelib ayriliq ularni ayiradi deganlarida ishonishmagan bo'lardi. Biroq taqdir ekan, Qurbonoyning otasi qo'ygan shartlarga rozi bo'lmadi. Shu shaharda qolib Qurbonoyning yori bo'lishga va ichkuyov bo'lishga bosh egolmadi.

Institutni tugatib, qizil diplom bilan qaytgan Toshpo'lat otasining yuzini yorug' qildi. Ammo uning yuragi abadiy zulmat ichida qolgandek qop-qorong'u edi.

* * *

Toshpo'lat aka Nosirbek aytgan gapni yodidan chiqarmadi. Gul do'koniga to'xtab, bir quchoq atirgul xarid qildi. Do'konda Sherali Jo'rayevning "Birinchi muhabbatim" qo'shig'ini eshitib va kassetasini so'rab olishni ham unutmadi. Yo'l bo'yi manzilga yetguncha o'sha qo'shiqni qayta-qayta tinglab ruhi orom oldi. Aytilgan manzilga yetib, mashinasini joylashtirgach, hovli ichkarisiga kirib bordi.

Hammayoq suv sepib supurilgan, ayvonda lo'la bolishlarga yonboshlab olgan sobiq o'qituvchilar gurunglashib o'tirishibdi. Nosirbek aka kursdosh do'sti kelganini ko'rib, yugurib istiqboliga chiqdi. Qolganlar ketidan ergashishdi.
- Xush kelibsiz, og'a, - dedi Nosirbek aka quchoq ochib ko'risharkan bag'ridan bo'shatgisi kelmay.
- Rahmat, xushvaqt bo'ldik. Sizning ishingiz bo'lsa kerak, Nozimbek. Lekin yaxshi qilibsiz.
- O'ziyam kattalar qorni bilan semiradimi-a? Xafa bo'lmang, bu ham savlating sening.
- Biz ham ko'rishaylik, o'rtoq, - dedi kimdir Nozimbekning yelkasini qoqib.

Sobiq kursdoshlar bir-birlari bilan aka-ukalardek ko'rishisharkan, ko'zlariga yosh ham olishdi.
- Assalomu alaykum, domlajonlar, - dedi Toshpo'lat aka ayvonda o'tirganlarga qarab.
- Iya, iya, bu o'zimizni Toshpo'lat-ku. Qani, yaqinroq keling-chi.

Toshpo'lat aka nafaqadagi ustozlarini bir-bir bag'riga bosib, hol-ahvol so'radi. Ustozlari undan mamnunligini aytishdi.
- Barakalla, o'g'lim, mansablar muborak bo'lsin. Ko'p savobli ishlar qilganingni eshitdik. Bundan biz juda faxrlanamiz. Shundan buyon seni qutlagimiz keladi. Otangga rahmat, o'g'lim!
- Rahmat, domlajon. Bunda sizlarning ham mehnatlaringiz bor. Umrlaringiz ziyoda bo'lsin.

Toshpo'lat aka ustozlari qarshisida o'zini o'sha davrdagi talabadek his qildi. Ko'zlaridan o't chaqnadi. Agar biror fandan savol berishganda javob berishga ham tayyor edi.
- Toshpo'lat aka, men aytgan narsani olib keldingizmi? - dedi Nosirbek aka tirjayib.
- Nimani? - paysalga soldi Toshpo'lat aka ensasini qotirib.
- Olib kelmagan bo'lsangiz, aytaylik olib kelishsin.
- Hammasi joyidi. Hozir kerakmi?
- Ha, qizlar hovuz labida o'tirishibdi.
- Tushundim.

Ikkovlon mashinadan dasta gullarni olib, hovuz labiga yo'l olishdi. Hovlining orqa tomonida joylashgan hovuzni bejirim bezab qo'ygan xonadon egalariga tasanno aytmasdan iloj yo'q. Bulbullarning sho'x sayrog'iyu, doiraning dum-dumidan Toshpo'lat akaning yuragi shu on o'n to'qqiz yoshli yigitnikidek urardi.
- Hormasinlar endi. Qani, Toshpo'lat aka, siz ham davraga qo'shiling, - dedi Nozimbek sobiq kursdosh qizlarga qosh qoqib.

Toshpo'lat akaning ko'zlari kimningdir o'tli nigohini qidirardi. O'tirganlarga gul tutqazgan chog'ida ham hayajonini bosolmadi. Hammaning nigohi undadek go'yo.

Hovli supasiga joy qilingan stol-stullarga kursdoshlar joylashishdi. Poytaxtdan kelgan san'atkorlar davraga yanada fayz kiritdi.
- Qurbonoyga hech narsa demaysanmi, do'stim? - dedi Nodirbek aka kutilmaganda.
- Qani u? - Toshpo'lat aka atrofga ko'z yugurtirdi. - Hammamiz o'zgarib ketganmiz, hatto ayrimlarini taniyolmay qoldim. Nima deysiz, unchalik qarimagandirman-a? Qurbonoy hamon go'zaldir. Bir ko'rsam, armonim yo'q edi. Axir o'ttiz besh yil bo'ldi ko'rmaganimga. Ayting, qani u?
- Hozir yoningizga keladi. tayyorlanib turing.
- Iye, mana keldi o'zlari.

Toshpo'lat aka yoniga kelib, salomlashgan ayolni darrov taniyolmadi. Faqat uning ko'zlarigina o'sha maftunkor ko'zlarni eslatdi. Nigohlar bir zumgina bo'lsa ham to'qnashdi. Toshpo'lat aka "Men doim sizning xayolingiz bilan yashadim. Uzun qora sochlaringiz va jamolingizni yuragimga muhrladim. Yillar o'z hukmini o'tkazibdi. Shu yoshimgacha o'zimni qari chol sifatida tan olmasdim. Axir yuragim bir sizni deb sevib urardi. Sizni ko'rish, yana diydoringizga to'yish naqadar baxt, Qurbonoy", derdi xayolan.
- Katta bobo bo'libsiz. Mana yana uchrashdik. Bilmadim, yana qachon uchrashamiz.
- Baxtlimisiz, Qurbonoy, - Toshpo'lat aka shu savolni berdiyu, keyin afsus chekdi. "Bekor qildim. Agar baxtli yashamagan bo'lsa-chi?! Meni gaplarim ko'ngliga og'ir botsa-chi?!" dedi o'ziga o'zi.

- …

Qurbonoy opa ham "Hozir baxtliman desam yuragi og'riydi, sizni unutolmadim, desam ham bo'lmaydi. Biroq o'sha muhabbat meni necha bor o'limdan qutqardi. Sizni ko'rish baxtini yillar kutdim. Va yana biz uchrashdek, Toshpo'lat" derdi xayolan.

Qurbonoy opa sumkasidan sarg'aygan qog'ozlarni olib avaylabgina Toshpo'lat akaga uzatdi. Toshpo'lat aka qog'ozda bitilgan so'zlarni o'qirkan, asta jilmayib qo'ydi. U shuncha yil o'zi yozgan ishqiy nomalar yana qo'liga qaytganidan hayratda edi.

Nilufar Bekmurodova
Manba: www.hazon.uz

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish