"Og'ir kuningda yolg'izlatmayman".

Nodira bugun o'z yo'nalishi bo'yicha xorijiy fonddan grant yutganidan xabar topdi. Lekin buni Akmalga qanday aytishni bilmasdi. Akmal o'z muammolari bilan bo'lib tanlov muddatini o'tkazib yuborgandi, tavakkal qilib topshirgan Nodira esa g'olib bo'lib o'tiribdi…

Uning boshi qotdi, rad etib, keyingi yil Akmal bilan boshqatdan omadini sinab ko'rsinmi yoki ketaversinmi?
- Esingdami, magistraturaga o'qishga kirgan kunimiz og'ir kunda hech qachon bir-birimizni yolg'iz qoldirmaymiz, birimizning omadimiz, ikkinchimiz uchun ham quvonch bo'ladi, deb so'z berganmiz, - eslatdi Akmal Nodiradan xushxabarni eshitar ekan. - Grant yutganingdan xursandman! Lekin… - u nima deyishni bilmay, tutildi.
- Nega hujjatlaringizni vaqtida topshirmadingiz? - yana koyidi uni Nodira. - Bir o'zim qanday ketaman? Balki…

Bugun Akmal sinfdoshining to'yiga borishi kerak edi. U oyog'i tormayotgan bo'lsa-da, kechqurun gaplashamiz, deb Nodira bilan xayrlashdi.

Og'aynisining to'yi, hayotini butunlay o'zgartirib yuborishi xayoliga ham kelmasdi. To'yda anchadan buyon ko'rishmagan sinfdoshlari bilan uchrashgani sababmi yoki Nodiraning ketishini o'ylabmi ko'proq ichib yubordi, rosa raqsga tushdi. Bir chiroyli qiz bilan qo'l ushlashib, sakrab-sakrab raqs tushayotgani esida… Lekin u qiz kim va qachon bu qadar qadrdon bo'lib qolishgani esida yo'q. Bir mahal qizning poshnasi sinib ketdi. Ular yetaklashib tashqariga chiqishdi, Akmal negadir bu chiroyli qizdan ayrilgisi kelmasdi, hadeb jiringlayvergan telefonini ham o'chirib qo'ydi. Keyin qizni taksida uyigacha kuzatib qo'ydi, u bilan nimalar haqida gaplashgani, qanday qilib uyiga qaytgani ham esida yo'q, faqat qizning ismi Sitoraligi yodida qolibdi. Ertalab boshi og'rib zo'rg'a ko'zini ochgan Akmal bo'lib o'tgan voqealarni eslashga urindi. Foydasi bo'lmadi. Lekin telefonida qatorlashib turgan xabarlar qiz tuni bilan uxlamay unga SMS yozib chiqqanidan darak berardi. "Sizni ovora qilganimdan xijolatdaman", "Men haqimda yomon fikrga bormadingizmi? Siz kabi olijanob yigitni sira uchratmaganman. Sizni o'ylab tuni bilan ko'zimga uyqu kelmadi. Ayniqsa, sizdek go'zal qizni umrimda uchratmaganman, deganingizni unutolmayapman…" Akmal bu shirin so'zlardan erib, ularni o'chirib tashlashni unutdi. Amallab o'zini tartibga keltirib o'qishga yo'l oldi.

Tanaffus payti telefonini Nodiraning qo'lida ko'rib, ustidan sovuq suv quyilgandek bo'ldi! Lekin endi kech edi. Nodira yoshga to'la ko'zlarini unga tikdi:
- SMSimga javob yozmaganingizga, balki yetib bormadimikan, deb o'ylayotgandim, - dedi u telefonni uzatarkan. Akmal o'zini oqlashga so'z topolmadi. Nodira rost gapirayotganiga shubhalanmasdi, chunki u Akmalga o'zidan ham ko'proq ishonar, shubhalanib telefonini tekshirishni xayoliga ham keltirmasdi. Qo'lidagi telefon qattiq jiringlaganda Akmal cho'chib tushib o'ziga keldi. Sitoradan yangi SMS kelgandi. Nodira ko'z yoshlarini artib xonadan chiqib ketdi…

To'yda uchragan qizni taksida uyigacha kuzatib qo'ygani sabab chiqqan dilxiralik shunchalik chuqurlashib ketadi, deb o'ylamagandi. Akmal Nodiradan ming martalab uzr so'radi, bu shunchaki tasodif deb ishontirishga harakat qildi. Lekin har gal uning gapini Sitoraning qo'ng'irog'i bo'lib turardi… Akmal o'zi bilmagan holda bu shirinsuxan qizga bog'lanib borardi. U Sitora bilan gaplashishini shunchaki odob yuzasidan deb o'zini oqlamoqchi bo'lardi, qiz bolaga menga qo'ng'iroq qilma, deya olmayman-ku, deb o'zini ovutardi. Lekin Nodiradan ham voz kechishni istamasdi. Shunday janjalli kunlarning birida Nodiraning telefonini oyisi ko'tardi va uning shu kecha chet elga uchib ketganini aytdi…

Oradan eldek uchib o'tgan ikki oy ichida Akmal Sitoraga uylanishga rozi bo'lganini sezmay qoldi. To'y bu qadar tezlashib ketganidan faqat dadasi xavortirga tushdi.
- O'g'ling nega birdan rozi bo'lib qoldi, surishtirsang bo'lmaydimi?
- O'g'lingizni uylantirishga zo'rg'a ko'ndirganimda qarshi chiqmoqchimisiz? Chet elga ketib qolganida nima qilardim? Qiz chiroyli, o'qigan, yana nima kerak?
- Men qiz yomondir deyotganim yo'q. Baribir, qo'shnilaridan surishtirganing yaxshi, deyman-da.
- Hozirgi zamonda qo'shnilar dushmanlik qilishi mumkin. Chunki sovchilikka borganimizda oyisi "qo'shnilarimning ichi qora, bizni ko'ra olishmaydi, yaqinda bu yerdan ko'chib ketamiz, yana bizni yomonlashsa, ishonmang", deb ogohlantirgandi. Oyisi biram shirinso'zki, muomalasidan odam erib ketadi…
- O'g'ling to'satdan uylanaman, deganiga shoshib, xato qilib qo'ymagin ishqilib. Mayli, surishtirgan bo'lsang bo'pti. Asosiysi, o'g'lingga yoqqan bo'lsa, bo'ldi, - dedi dadasi gap topib bera olmasligini bilib.

Shu gaplardan keyin ayollar rasm-rusumlarni bajarishga kirishib ketishdi. Akmal bo'layotgan voqealar xuddi unga tegishli emasdek, birovning to'yi bo'layotgandek karaxt ahvolda edi. Sitora bilan uchrashuvlarga chiqsa ham xayoli joyida bo'lmasdi. Uyda esa hech kim bilan gaplashmas, xonasiga qamalib olib nuqul musiqa eshitardi. Ilgarilari telefoni jiringlasa, yugurib xonasiga chiqib ketadigan odam, endi jahl bilan o'chirib qo'yardi. Hozir ham telefoni jiringladi, xalqaro raqamlarni ko'rib jahl bilan sim-kartasini olib sindirib uloqtirdi. Nega Nodirani bu qadar sevganini o'zi ham tushunmasdi. Endi boshqasi bilan butun hayotini o'tkazishi lozimligini o'ylasa yuragi siqilardi. Uni sevardi, usiz hayotini tasavvur ham qila olmasdi. U esa birgina xatosini kechirmay, ketdi-qoldi. Ketganda ham qo'l etmas joylarga ketdi... Nahotki olti yillik do'stliklari, orzu-umidlari birgina sinovga dosh bera olmadi. Sitora juda shirinsuxan qiz. Akmal o'zi bilmagan holda uni Nodira bilan taqqoslay boshladi. Aqli Sitoraning chiroyliroqligini ta'kidlab tursa, yuragi Nodiraning ko'zlarida mehr borligini eslatardi. Qizlarning ikkalasi ham talaba edi-yu, lekin dunyoqarashlari er bilan osmoncha farq qilardi. Sitora shunchaki obro' uchun o'qishga kirganini aytib maqtanardi. Nodira biroz qat'iyatli, Sitora esa muloyim... Akmal ularni xayolan taqqoslab charchardi…

To'y kuni Sitora juda chiroyli bo'lib ketdi. Uning husniga havas qilmagan qolmadi. Akmal avvaliga do'stlarining qo'lini qaytara olmay bir-ikki ho'plam ichdi, keyin esa hisobdan adashib ketdi. "Men umrimda ichib ko'rmaganman", degan Sitora ham dugonasiga qo'shilib bokalni bo'shatganini ko'rgan Akmal buni xursandchilikka yo'ydi. To'yga kelgan kursdoshlari xuddi suvga tushgan musichalardek hurpayib o'tirishardi. Ular Akmalga baxt tilashsa-da, Nodiraning hurmati xursandchilik qilish ko'ngillariga sig'masdi. Akmalning yuragini alam o'rtab, ketma-ket idishlarni bo'shata boshladi. Buni sezgan dadasi pochchasini uning yoniga nazoratchi qilib qo'ydi. To'ydan keyin kelin-kuyovni o'zlariga ajratilgan xonaga kuzatib qo'yishdi...

Ertalab hammadan birinchi uyg'ongan oyisi g'ira-shira tongda hovlida sigaret tutatib turgan o'g'liga ko'zi tushib yuragi shuv etdi. Akmal oyisini kutib turgandek o'rnidan sakrab turdi va uy tomon ishora qilib "ketsin", dedi... Shundan keyin o'zi ko'chaga chiqib ketdi, shu bilan qaytib u xonaga qadam bosmadi. Lekin Sitora osonlikcha jon beradiganlardan emas edi. Bir lahzada muloyimgina, shirinsuxan qizdan yalmog'izga aylangan Sitoraning og'zidan chiqayotgan gaplarga ilon ham po'st tashlardi. Akmal unga so'zsiz tikilib turarkan, shu o'tgan ikki oy davomida bugun birinchi marta atrofdagilarni ko'rib turgandek ko'zlarini katta-katta ochdi. Sitoraning oyisi ham ayuhannos soldi, qizini oppoq qanddek avaylab asraganini, hamma ayb kuyovda ekanligini aytib jar soldi. Hovlida shunaqa qiyomat bo'ldiki, kechagina xursandchilik bo'lgan uyga sira o'xshamasdi Akmalning oyisi "mayli, unda do'xtirga boramiz" degach, nafasi ichiga tushib, yukini ko'tarib jo'nab qolishdi…

Bo'lib o'tgan ishlardan qattiq tushkunlikka tushgan Akmal alamini ichkilikdan oladigan bo'ldi. Nodirani kimga almashtirganini o'ylamaslik, boshiga tushgan bu baxtsizlikni biroz bo'lsa-da, unutish uchun tinimsiz ichar, otasining koyishi, onasining ko'z yoshlari ham uni qaytara olmasdi. Ichsa, Nodira bilan birga kechgan damlarini eslab, o'zini baxtli his qilar, ichmasa Sitora esiga tushaverardi… Oxirgi paytlarda dadasi bilan ko'p urishadigan bo'ldi, uni ichkilikdan qaytara olmagan dadasi endi yomon gapirishga o'tgandi. Bugun ham dadasi bilan gap talashib qolgach, jahl bilan chiqib ketdi. Bir mahal o'ziga kelsa, bog'dagi o'rindikda o'tiribdi. Atrofga alanglab bu doim Nodira bilan o'tiradigan o'rindiq ekanini ko'rdi. Bog' hovuzida qayiqda suzayotgan baxtli yigit-qizlarga qarab ko'zlariga yosh to'ldi. G'ira-shira qorong'u tushayotgani uchun ham hech kim ko'rmaydi, deb ko'z yoshlariga erk berdi. Anchadan buyon yuragida zardobdek yig'ilib qolgan ko'z yoshlari yuzini yuvdi, yuvavaerdi...

Qancha o'tirganini bilmaydi, xayollarini o'rindiqqa kelib o'tirgan sharpa buzdi. Tinchgina yig'lashga ham qo'yishmaydi-ya, o'yladi u va shoshib ko'z yoshlarini artib boshini ko'tardi. Qaradiyu, qotib qoldi! Xuddi bir paytlardagidek suvning jimirlashini tomosha qilib yonginasida Nodira o'tirardi. Akmal hali ham kayfim tarqamabdimi, deb ko'zlarini yumib ochdi.
- Ko'zingizga ko'rinmayapman, o'zimman… - dedi qiz suvdan ko'z uzmay.
- S-sen, qachon qaytib kelding?
- Bir do'stimga hech qachon og'ir kuningda yolg'izlatib qo'ymayman, deb so'z bergandim... Eshitishimcha, hozir ahvoli yomon ekan…

Akmal uning sarob emasligiga ishonmoqchi bo'lgandek avval qo'lidan ushlab ko'rdi, keyin bag'riga bosib, o'kirib yig'lab yubordi. Nodira ham yig'lardi, u shartnomani bekor qilib qaytib kelganidan zarracha pushaymon emasligini his qilib engil tortdi.

Dilfuza Sobirova
Manba: "Darakchi" gazetasi

Ushbu bo'limdagi yana bir maqola « Asir yurakning ozodligi

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish