Banditning singlisi

Birinchi muhabbat
Qur'on oyatlarida zino qat'iyan qoralanadi. Bahrom ham buni yaxshi bilardi. Ammo… Yoshlik qilibmi, yo ehtiros ustunlik qildimi… Sojida bilan nikohsiz yotib qo'ydi… Nima qilishsin?.. Universitetda o'qib yurib bir-birlarini sevib qolishdi. O'rtadagi muhabbat kun sayin kuchaya bordi…

Xayriyat, bu haqda boshqa kursdoshlar sezishmadi, Bahrom va Sojida imi-jimida to'yga tayyorgarlik ko'ra boshlashdi. Bahrom bo'lajak umr yo'ldoshining na oilasi, na kelib chiqishiyu, na qarindosh-urug'ini surishtirdi…

To'y ham bo'lib o'tdi. Faqat… Bahromning hovlisida emas… Universitet yotoqxonasida… Sababi, Bahromning ota-onalari birinchi ko'rishdayoq Sojidani suyishmadi. Uning kelin bo'lib yolg'iz o'g'ilning yonida o'tirishiga butkul qarshi bo'lishdi… Buni taqdir deb qo'yibdi… "Biz bir-birimizni sevsak, - o'yladi Bahrom, - Nega endi turmush qurmasligimiz kerak?.. Qolaversa, o'rtada mana bunaqangi ishlar bo'lib o'tgan bo'lsa…" Xullas, hech kimga quloq solib o'tirmay, ular turmush qurishdi. To'ydan so'ng ularni tabriklash uchun notanish bir yigit yotoqxonaga keldi.
- Tanishinglar, bu - akam Baxtiyor!.. - quvonchini ichiga sig'dirolmay dedi Sojida, - Bitta-yu bitta akam bor o'zi… Tadbirkor…

Baxtiyorning nigohlari, yuz tuzilishi juda sovuq, hatto, tabassumidan ham hayotga, insonlarga nisbatan kuchli nafrat balqib turganligini sezish qiyin emasdi.
- Xo'sh, kuyov, - dedi u ketish oldidan Bahromning qo'lini qisib, - Nimayam derdim… Baxtli bo'linglar… Faqat… Singlimni xafa qila ko'rma!.. Yolg'izgina singlim-a?! Yordam kerak bo'lsa, tortinib o'tirma!.. Mana bu "Neksiya"ning kaliti… Yaxshi kunlarda haydab yur, kuyov!..

Bahrom baqa bo'lib qoldi. Baxtiyor ketgach, u qayta-qayta akasi o'zi qanaqangi tadbirkor ekanini surishtirdi. Sojida esa… Aytmadi… Faqat… Mayin jilmayish qilib: "Vaqti-soati kelganda bilib olarsiz…" - deb qo'ydi, xolos.

Shayton Lain
Ularning hayoti bir tekis o'tib borardi. Ikki yosh bir-biriga termulib, suyib to'ymas, kursdoshlar esa, yap-yangi Neksiyaga goh havas, goh hasad bilan boqishardi. Kunlar, oylar o'tib universitetni ham tamomlashdi. Bitiruv kechasi Baxtiyor yana keldi. Yo'q… Bu safar ham quruq kelmadi. Bahromning qo'liga Toshkentning qoq markazidan sotib olingan bir xonali kvartira kalitini topshirdi.
- Yotoqxonada yashayverish jonlaringgayam tegib ketgandir, - dedi u Bahromningelkasiga qoqib. - Faqat… Yolg'iz singlimni ehtiyot qilgin-a, kuyov!..

Bahrom xuddi o'sha kecha qaynisining nima ish qilishini bilib oldi… Yo'q… Buni Baxtiyor aytmadi… Sojida… Sojida "gullab" qo'ydi. Uning aytishicha, akasi katta bir banditlardan iborat guruhga boshchilik qilarkan. Bu guruh, asosan, qora dori savdosi, kerak bo'lsa, odam o'ldirish, talonchilik bilan shug'ullanarkan… O'sha kundan boshlab Bahromning ko'ngli o'z oilasidan, Sojidadan, Baxtiyordan negadir soviy boshladi. Endi unga xotini bilan uzoq-uzoq suhbatlar qurish, shirin bo'salaridan bahra olish, umuman, bir uyda yashashning butkul qizig'i qolmagandek edi. Sojidani ilgarigidek sog'inmas, uyga sira-sira shoshilmasdi. "Nimalar qilib qo'ydim-a!.. - peshonasiga urib o'zini-o'zi koyirdi Bahrom. - Kimga ko'ngil berdim o'zi?.. Nega boshida so'rab-surishtirmadim?.."

Oradan birmuncha vaqt o'tib u aspiranturaga o'qishga kirdi. Sojida uyda o'tirib har kuni uning o'qishdan qaytishini intizorlik bilan kutar, kelishiga u yoqtirgan taomlarni pishirib qo'yar, istar-istamas ostona hatlab ichkariga kirgan Bahrom esa, Sojidaning yelib-yugurishlariga tamoman e'tiborsizdek edi…

Ana shunday kunlarning birida u tasodifan Nazirani uchratib qoldi. Nazira universitetning oxirgi kursida o'qir, kambag'algina oiladan edi. Bahrom u bilan har uchrashganda Sojidada yo'q fazilatlarni topganday bo'lar, yigitning nazarida Nazira xotiniga nisbatan ancha-muncha go'zal va jozibalidek tuyulaverardi…

Bahrom Naziraning uyida ko'p marta "mehmon" bo'lib qo'ydi. Ayolning to'shakdagi har gal yutoqib-yutoqib, ehtirosga to'lib Bahromning bo'yniga chirmashishlari uni ohanrabodek o'ziga tortaverdi. Xullas kalom, Bahromni shayton yo'ldan urdi. Endi u Sojidadan butunlay voz kechishga qaror qildi. Uyga kech qaytadigan, ba'zida umuman kelmaydigan odat chiqardi… Ayol-da, Sojida ham bu ishlardan asta-sekin xabar topgach, qalbi larzaga keldi. Tutoqib, yonib Bahromning yoqasidan oldi.
- Ilgari hech qachon sizga gap qaytarmagandim, - dedi yig'lab Sojida, - Betgachoparlik qilmagandim… Lekin, siz nomard ekansiz… Men, baribir o'sha megajinni topib, tiriklay yerga ko'maman, mana ko'rasiz!..

Muammo
Bu taxlit ko'z yoshlar, yalinib-yolvorishlar Bahromga zarracha ta'sir qilmasdi. Uning fikri-zikri ajralish… ajralish va Nazira bilan turmush qurish edi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, u Naziranikiga bira-to'la ko'chib o'tdi va hech narsa bo'lmagandek yashab yuraverdi.

Bir kuni erta tongda Nazira bilan qo'ltiqlashib uydan chiqqan Bahromning ko'zi tanish "JIP"ga tushib, ichidan zil ketdi. "Tamom, - o'yladi u qo'rqa-pisa mashinaga yaqinlashib kelarkan, - Akasi bilibdi…"

Shu lahzada Baxtiyor mashinaning qoraytirilgan oynasini tushirib, Bahromga so'z qotdi:
- Kuyov, axir men seni ogohlantirgandim-ku!.. Yaxshisi, uyga - Sojidaning yoniga qayt!.. Uchinchi marta ogohlantirib o'tirmayman…

Bahrom bu gaplarga umuman e'tibor bermadi, - "Nimayam qila olardi… Aytdi-qo'ydi-da!.." - dedi-yu, Naziranikida yashab yuraverdi… Vallohi a'lam, chamasi o'n besh kun o'tdi yo o'tmadi… Ishdan charchab, biroz sayr qilish uchun parkka qadam qo'ygandi. Orqadan kimdir kelib boshiga to'pponcha tiradi…

Qo'rqib ketgan Bahrom boshini zo'rg'a ko'tarib… Qarshisida go'yoki yuzlaridan qon tomayotgan Baxtiyorni ko'rdi.
- Men aytgandim-ku, xunasa!.. - deya ohista so'z boshladi Baxtiyor, - Uchinchi marta ogohlantirib o'tirmayman degandim-ku!.. Nega quloq solmading?.. O'zi nima yetmaydi sen hezalakka-a?.. Sen singlimni baxtsiz qilmoqchi bo'ldingmi?.. Mening obro'yimni to'kmoqchi bo'ldingmi?.. Yo'q… Bu hunaring o'tmaydi… Hozir… Sen o'lasan… Tayyor tur, kuyov!..

Nihoyat… To'pponchaning tepkisi bosildi. Bahrom shilq etib yerga quladi… Bir zumda qayerdandir tez yordam mashinasi keldi va Bahromni kasalxonaga olib ketishdi…

Men o'lganman...
Shaharning ruhiy xastaliklar shifoxonasi yana bir kasal bilan boyidi. U o'sha shayton domiga tushib yo'ldan adashgan Bahrom edi. Baxtiyor uni chin dunyoga ravona qilmagan, ya'ni o'ldirmagan. Miyasiga inson ruhiyatiga kuchli salbiy ta'sir etuvchi o'q yuborgan ekan. Bunday o'q bilan yaralangan odamni, shifokorlarning aytishicha, hech qachon davolab bo'lmaskan. Bemor bir umr jinniligicha qolaverarkan…

U o'zini o'lgan hisoblaydi. Shu sababli atrofdagilar bilan hech qachon muloqotga kirisha olmaydi…

Sojida Bahromni bir ko'rish uchun kasalxonaga keldi. Ayni o'sha paytda egniga xuddi qopga o'xshab ketadigan mato kiydirilgan Bahromni muolajaga olib ketishayotgan ekan, u hech kimga e'tibor qilmas, atrofga qaramas, faqat… Og'zidan so'lagi oqib tinimsiz javrardi:
- Vey, meni qayoqqa olib ketyapsizlar?! Axir… Men o'lganman-ku!.. Hech bo'lmasa, o'lganimdan keyin tinch qo'ysalaring-chi?..

Sojida yonida boshini ma'yus eggancha Bahromning ortidan termulib turgan akasiga alam va nafrat aralash tikilib boqarkan, beixtiyor yig'lab yubordi.

Olimjon Hayit
Manba: www.hazon.uz

Ushbu bo'limdagi yana bir maqola « Folbinning kasofati Bolasini emizgan arvoh »

1

  • Cronaldo

    Bizada toponcha ob yurishga qoymidiyu. Tembole jipda tanerovka ishonish qiyin

    Cronaldo 09.12.2017 08:49

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish