Sir tutilgan adovat

Zikrillaning baxt quyoshi kulib yirik korxonalarning biriga boshliq etib tayinlandi. Shu kunlarga yetib kelgunga qadar ancha-muncha issiq-sovuqni boshidan o'tkazgan Zikrilla ishga jon-dili bilan kirishib ketdi. Ammo allaqachon bu ko'chaning changini chiqarib o'tgan otasi Zikrillaning yuqorilashidan ich-ichidan quvonsa-da, dilini allaqanday qo'rquv bosardi.

O'g'lining fe'lini yaxshi bilgan ota uning haddan ziyod talabchan va qattiqo'lligi hammaga ham xush kelavermasligidan hadiksirardi. Uning bunday xislatlari hozirgi ishida ham foyda beravermasligini yaxshi bilgan ota yangi ish boshlagani sabab duo olgani kelgan o'g'liga nasihat qildi:
- Bolam, sen endi katta ishlar boshida turibsan, sening ishingda shoshma-shosharlik, qiziqqonlik, haddan tashqari qattiqqo'llik qilib bo'lmaydi. Qo'l ostingda ishlayotganlar ham o'zingga o'xshagan inson, qattiqqo'llik kerak, ammo o'z vaqtida ularga do'stona mehr, qiynalganda beg'araz yordam ko'rsatish zarur. Shunda ular senga ishonadi, hurmat qiladi va yoningda turib qo'llab-quvvatlaydi. Noo'rin talab g'azabni qo'zg'atadi, mehrni qochiradi, hurmatni so'ndiradi, ishonchni yo'qotadi. Bunday fe'lli odamlar bor joyda fitna avj oladi, zimdan dushmanlik paydo bo'ladi, har qadamingda xavf turadi. Shularga hushyor bo'lsang, uzoqqa borasan. Buni hech qachon yodingdan chiqarma, qulog'ingga quyib ol.

Zikrilla hamisha otasining nasihatlariga amal qilishga urindi. Oradan bir yil o'tdi. Sahar payti edi o'shanda. Hali quyosh yotog'idan bosh ko'tarmagan bir pallada Zikrillaning qo'l telefoni jiringlab qoldi.

"Kim bo'ldi ekan, bemahalda, tinchlikmikin?" - o'yladi Zikrilla. U kechagi charchoqdan a'zoyi badani zirqirab, bosh ko'tarishga holi kelmay, zo'rg'a telefonni oldi.
- Aka, assalomu alaykum! Otamning mazasi qochib qoldi, hozir kasalxonaga olib keldik, oyim aytdi, tez yetib kelarkansiz! - ukasining tashvishli ovozi keldi go'shakdan.

"Neksiya"ni yangi asfaltlangan tekis yo'lda haydab borarkan xayoliga nimalar kelmadi, gumonning qaysi ko'chalariga kirib chiqmadi deysiz. Axir otasi yaqinda unikiga kelib, shahar aylanib ketgan edi. Ko'rinishi ham yaxshi, hazil-mutoyiba qilib, hammani kuldirgandi. Nega birdan tobi qochib qoldi ekan?

Kasalxonaga kelib hamshiralardan so'rab-surishtirib, shoshilgancha otasi yotgan xonaga kirib bordi. Uni palatada otasiga qarab turgan kichik ukasi kutib oldi. Yuzi paxtadek oqarib, ko'zlari ichiga botib ketgan bemajol otasi uning ovozini eshitib, asta ko'zini ochdi va qo'llarini o'g'liga cho'zdi. Zikrilla hech qachon otasini bunday ayanchli ahvolda ko'rmagani uchunmi g'alati bo'lib ketdi. Ich-ichidan allaqanday to'lqin junbushga kelib, nafasi tomog'iga tiqilib gapirolmay, ko'zlaridan yosh dumaladi.
- Ota, sizga nima bo'ldi? - deya otasining qo'larini mahkam ushladi.
- Bolam, nima bo'lardi, qarichilikda, qarigandan keyin ahvol shu ekan-da, - deya ota zo'r berib jilmayishga harakat qildi.
- Ota, nega birdan qarichilikni bo'yningizga olib qoldingiz?
- Shunchaki sizlarga bir erkalik qilgim keldi-da, qani, bir ko'ray-chi, bolalarimga qadr-qimmatim qanchalik ekan, deb yotib oldim. Qo'rqma, tuzalib ketaman, o'sha va'dam va'da, yuz yoshga kiraman deganmidim, o'sh gap, - deb otasi yana hazillashib, o'zini tetik ko'rsatmoqchi edi, bo'lmadi, hali gapini aytib tugatmay, birdan o'qchiq tutdi.
- Aka, siz tashqariga chiqib turing, - dedi ukasi stul tagidan tog'orocha olib otasiga tutarkan. U chiqib ketishini ham bilmay kalovlanib qoldi. Otasining ko'ngli aylanib ancha o'qchidi, so'ng madordan ketib behol ko'zlarini yumib oldi. Zikrila bu ahvolni ko'rgach, battar dovdirab qoldi. Otasi biroz tinchlangandan keyin ukasi asta kelib, akasining tirsagidan tutib, tashqariga yetakladi:
- Otamga nima bo'lgan, to'g'risini ayt, yuragim sezyapti nimadir bo'lgan, - dedi ukasining ko'zlariga tik qarab. Ukasi uning qarashlariga dosh berolmay yig'lab yubordi.
- Aka, shifokorlar aytdi, otamning umri oz qolganmish.
- Otamni poytaxtga olib ketaman, hali umid bor, - dedi ishonch bilan Zikrilla titrab.
- Foydasi yo'q, aka, lekin...
- Nima, lekin?
- Men sizga aytolmayman, otam sizga hech narsa aytmasligimni tayinladi.

Akasining tutoqib borayotganligini ko'rib, ukasi noiloj haqiqatni aytishga qaror qildi:
- Otam qon qusyapti, shifokorlarning aytishicha, analizlar yaxshi chiqmabdi, o'zlari ham aniq bilishmayotgan ekan, ammo tekshiruv natijalariga ko'ra butun ichki a'zolari titilib ketganmish. Oshqozon va ichak yo'llarida qandaydir maydalangan shisha quyqumlariga o'xshash zarrachalar chiqibdi. Lekin hozircha buning nima ekanini aniqlash imkoni bo'lmayotganmish. Otam, umuman, ovqat yeya olmayapti. Faqat ko'rganizdek, osma ukollar bilan ushlab turibmiz.
- Maydalangan shisha quyqumlariga o'xshash zarralar, deysanmi?! Tushunarli, - dedi Zikrilla, - bu yerda bir gap borligi aniq!..
- Otam yo'talyapti, men borib qaray, - deya ukasi palata tomon yugurdi.

Yuragi allaqanday ko'ngilsizlikni seza boshlagan Zikrilla shifokorlar menga anig'ini aytishar degan o'yda bosh shifokorning xonasiga kirib ketdi. Baxtga qarshi bosh shifokor ham jo'yali bir gap aytmadi. "Hamma mendan nimanidir zo'r berib yashirayotganga o'xshaydi. Nahot o'zimga hech nimani bilolmasam? Otam mendan nimani yashiryapti o'zi? Agar aytsam, o'g'lim o'ylamay-netmay biror nojo'ya ish qilib qo'ymasin, degan o'y bilan bildirmayotgan bo'lishi mumkin. Mayli, bilib olaman, hozir otamni davolatishdan muhimroq narsa yo'q", degan bir qarorga keldi u va shifokorga yuzlanib:
- Iltimos, aka, otamga qanaqa dori kerak bo'lsa ayting, zarur dorini qayerdan bo'lsa ham topib kelaman. Iltimos, aka, qarab turmang, bir nima qiling! - dedi.

Shifokor Zikrillaga nima deb taskin berishini bilmay, yerga qaradi. Bundan "Endi barchasi Xudodan, urinishlarimiz foyda berarmikin, bilmayman", degan ma'no chiqqandi. Shunday bo'lsa ham shifokor tezda qayerlargadir telefon qilib, bir dorining nomini yozib berdi va:
- Bu dorini so'rab-surishtirdik, yangi dori ekan, o'zimizda yo'q, biz yana so'rab-surishtiramiz. Siz ham qidirib ko'ring, - dedi.

Zikrilla onasining oldiga ham bormay to'g'ri Toshkentga jo'nadi. Poytaxtga kelgach, o'nlab dorixonalarga kirib chiqdi, ko'p joylarga telefon qildi, kasalxonalardan surishtirdi va nihoyat, dorini topdi.

Dori bir necha kunga yetdi. Shu orada Zikrilla otasining bu ahvolga tushishi bilan bog'liq ayrim narsalarni aniqlaganday bo'ldi. O'zi bilgan holatlarda aniqlik kiritish maqsadida gap oralatib, otasiga bir necha savol berib ko'rdi. Tergovchilik kasbining nonini totib ko'rgan otasi o'g'li nima qilmoqchiligini sezib, gapni chalg'itar, oshqozonida avvaldan yara borligini, endi esa uni davolash foydasizligini, operasiya qilganda ham natija bermasligini, yara boshqa a'zolarini ham zararlab bo'lganini, endi esa Xudo bergan umr qancha bo'lsa shuncha yashashga roziligini aytardi. Otasi Zikrillani goh chalg'itar, goh unga taskin berib ovutishga urinardi. Do'xtirlar: "Erta-indin o'ladi", deyishgan bemor dorining kuchi bilan yana sakkiz kun yashadi. Ota umri oxirlab borayotganini, Zikrilla esa kishi bilmas yo'sinda nimalardir qilmoqchi bo'layotganini sezib, uni yoniga chaqirdi.
- Bolam, agar otam rozi bo'lsin desang, mening ahvolim bilan bog'liq ishni butunlay to'xtat. Kichkina qishloqda yashaymiz, do'st-dushman bilan yonma-yonmiz. Agar bu ishingni davom ettirsang, sir ochiladi. Meni shu ahvolga solgan Muxtor, aniqki, qamalib ketadi. Xo'sh, keyin-chi, keyin nima bo'ladi? Ular o'rtasida nizo kuchayib, dushmanlik paydo bo'ladi. Sen-ku Toshkentdasan, ukalaringning tinchi buziladi. Ziyodullaning fe'lini bilasan, bu ishni kim qilganini bilsa, uning uyiga o't qo'yishdan ham qaytmaydi. Shular senga kerakmi? Muxtor ilonning nega menga shunday qilganini bilasanmi? Buning tarixi Muxtorning o'sha sening qo'lingda ishlagan o'g'liga borib taqaladi. Yodingda bo'lsa, Muxtorning o'g'li bir vagon o'g'irlik tovar bilan qo'lga tushgach, otasi bir necha marotaba yalinib kelib: "O'g'lingizga ayting, og'ziga siqqanicha beraman, ishni yopsin, u yog'ini ham to'g'irlayman, tanishlarim bor", deb ko'p iltimos qilgandi. Uning iltimosini senga ham aytgandim. Bir qishloqning odamimiz, bolam, vaziyatni sal yumshatgin devdim, sen ko'nmaganding. Otasi oldingga ham necha marta borgandi. U senga yalinib ham, po'pisa qilib ham ko'rdi. Sen unga: "Qo'lingizdan kelganini qiling, men qonun bo'yicha ishlayman", degansan. O'shanda sen qonun bo'yicha ish qilding, Muxtor ilon ham qo'lidan kelganini qildi.

Yaqinda Muxtor xudoyi qildi. Boshqa qo'ni-qo'shnilar qatori meni ham uyga olib kelib, ochiq chehra bilan aytib ketdi. Ha, endi gina-kuduratni unutibdi-da, deb xursand bo'lib, chiqdim. Oshdan so'ng uch-to'rt nafar qo'ni-qo'shni, qarindosh urug'i bilan gurung qilib o'tirdik. Kimdir o'tirish o'xshamayapti-da, deb bir zumda musallas olib keldi. Men ichmayman, deganimga qaramay, qizil musallasdan quyib berishdi. Oramizdagi nifoqlar to'xtasin, degan o'y bilan bir piyola ichdim. Ikkinchisini Muxtor sariqning o'zi quydi. Bo'lgani shu, keyin tarqalishdik. Uyga kelib bir uxlab tursam, ko'nglim ayniyapti. Biror narsa yoqmadi, shekilli, deb o'yladim. Ammo tonggacha oshqozonimdagi og'riqdan ko'zimga uyqu kelmadi. Tongda tashqariga chiqishga qurbim yetmadi, ichimni nimadir nimtalayotgan edi.

Men nima bo'lganini darrov tushundim. O'g'lining qilmishidan pushaymon bo'lish o'rniga Muxtor bizga tish qayrab yurgan ekan. Men gap ko'paymasin, Ziyodulla bilib qolmasin deb, shifokorlarga ham bu haqda og'iz ochmadim. Shu sabab u bechoralar ham nima bo'lganini bilolmay rosa qiynalishdi. Mana, bor gapdan xabar topding, bolam. Endi surishtiruvlaringni to'xtat. Muxtorni qamasang, uning butun oilasi senga dushman bo'lib, qasos olishga tushadi. Bir kunmas bir kun senga bo'lmasa, yaqinlaringga qasd qiladi. Keyin esa sen yoki bolalaring ularga yomonlik qilasizlar. Shu tariqa ikki oila bir-biriga dushman bo'lib, o'ch olishga kirishadi. Qasd qilish to'xtamaydi. Agar mening o'g'lim bo'lsang, bunga yo'l qo'yma. Nima qilganda ham bir qishloq odamlarimiz, issiq-sovug'imiz shular bilan. O'lganimizda tobutimizni ko'tarishadiganlar shular. Shuning uchun o'zingni bilmaganga ol, jon bolam! Muxtorni Xudoga soldim, sen ham Xudoga sol, O'zi ko'rsatadi.
- Demak, sizni shu Muxtor shu ko'yga solgan ekanda! Uning ozodlikda yurishga haqqi yo'q! Qamoqda chiritaman u ilonni!

Ota yana o'g'liga yuzlandi:
- O'g'lim, sen to'ng'ichimsan, endi ukalaringni o'ylash senga qoldi. Hammangni o'qitdim, yaxshi tarbiya berdim. To'g'riso'z, haqiqatgo'y qilib voyaga yetkazdim. Sizlarni Xudoning o'zi asrasin. Yana aytaman, bu sir oramizda qolsin. Meni rozi bo'lsin desang, shunday qilishga so'z ber.

Bu gaplarni aytar ekan, ota bo'g'riqib ketdi, manglayida yirik ter tomchilari paydo bo'ldi, nafas olishi og'irlashdi. G'azab o'tida yonib, alam va iztirob ichida qovrilgan Zikrilla otasining ahvoli og'irlashib, nafas olishi qiyinlashib borayotganini ko'rib qo'rqib ketdi. Otasi yana nimadir demoqchi bo'lib, lablarini pichirlata boshladi. Uning: "Onangni chqair!" deganini arang tushunib, hovliga otilib chiqdi...

Zikrilla o'z o'y-xayollari, alam-iztiroblari va otasiga bergan va'dasi hamda qasos istagi o'rtasidagi ichki olishuv bilan uch kun qanday o'tganini bilmay qoldi. Ta'ziyaning uchinchi kuni ertalab ko'ngil so'rashga kirgan kishilar: "Muxtor akaning unashtirib qo'yilgan qizi o'zini osib qo'yibdi", degan gapni aytib qolishdi. Tushdan keyin esa: "Muxtor aka qizining jasadi ustida o'lib qolibdi", degan gap tarqaldi. Zikrilla bu ikki noxush xabarni eshitib, yoqa ushladi: "Yo alhazar, otam Xudoga soldim, O'zi ko'rsatadi, deganiga hali uch kun o'tmadi-ya..."

Zikrillaning xayolini Ziyodullaning bosiq ovozi buzdi:
- Aka, Muxtor akanikiga birrov o'tib kelaylik...

Ukasining gapidan o'ziga kelgan Zikrilla qishloqdagi urf-odatlardan ancha chiqib ketganini, ayniqsa, otasining: "Kim bo'lmasin, issiq-sovug'imizga shu qishloq odamlari kor keladi. Kim nima qilsa, savobini ham, azobini ham Xudodan topadi". deganini o'ylab yuragidagi qasos o'ti allaqanday shafqat tuyg'ulariga almashganini tuydi. Hozirgina qoziqqa ilgan choponini qayta kiyib, ukasi bilan ko'chaga otlandi...

O'ktamoy
Manba: www.hazon.uz

Ushbu bo'limdagi yana bir maqola "Uchinchi ko'zning sinoati" »

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish