Oyoq ostidan chiqqan omad

Hosila ertalab do'konga chiqqandi, navbat kutib biroz turib qoldi. "Odamlarni qara-ya, nimalar yeyishmaydi, - deya o'yladi u turli yeguliklar xarid qilayotgan barvasta erkakka havas bilan tikilib. - Pishloq, kolbasa, sosiska, dudlangan go'sht, quritilgan baliq, tushyonka... Shuncha narsa-ya? Xotiniyu bolalariga maza ekan-da. Erkak degani shunaqa uddaburon bo'lsa..."

Hosila xayol surib o'tirgani uchun navbati kelganda birdan dovdirab qoldi. Qo'lida o'ynab o'tirgan tanga pullarni sotuvchiga uzatdi. Aksiga olib tangalardan biri pastga yumalab tushdi. Yerdan egilib uni olishga atrofdagilardan uyaldi. Lekin olmasa bo'lmaydi. Nonga puli yetmaydi. Eri har doimgiday saharlab ishga jo'nagan. Koshki shu ishining foydasi bo'lsa. Har kuni erta tongda zavodaga ketib, uyga yarim kechasi keladi. Kun bo'yi itday ishlaydi. Lekin hech biri ikki bo'lmaydi. Bolalari ham katta bo'lib qolishdi. Hademay to'ng'ichi maktabga boradi. Unga kiyim-kechak, kitob-daftar deganday... Hosila shularni o'ylarkan, sotuvchi uzatgan bulka nonni oldi-da, chuqur xo'rsinib, do'kondan chiqdi.

- Siz ham bunday odamlarga o'xshab uddaburon, pishiq bo'lmadingiz! - dedi eri ishdan kelishi bilan Hosila ertalabki yeguliklarni ko'z o'ngidan ketkizolmay. - Hech bo'lmasa, ikkita patir non ko'tarib kelolmaysiz-e uyga. Odamlarni ko'ring, nimalar olib borishmaydi oilasiga... Bizda bir buxanka nonga arang pul topiladi. Unday narsalarni biz faqat orzu qilamiz...

Farhodning yuzi tundlandi. Charchoq zabt etgan ko'zlari battar qisildi. O'zi necha kundan beri siqilib yurgan erkakka xotinining gapi o'lganning ustiga tepganday ta'sir qildi. Ayni paytda uning gapirishga-da holi yo'q edi.
- Buncha noliyverasan? - dedi Farhod kiyimlarini almashtirib, yuvinib chiqqach. - Xudoga shukr qilmaysanmi, och-yalang'och qolib ketganing yo'q, boshpanang bor. Qolgani sekin-asta bo'ladi-da...

Oshxonada taraq-turuq qilib ovqat isitayotgan Hosila erining gapidan battar tutaqdi.
- Qachon?! Qachon yaxshi bo'ladi? Ungacha men o'lib ketaman!... Keyin yoshginasiga uylanvolasiz!
- Topgan gapingni qara, xotin... O'zi yaxshi niyating bormi seniyam? Undan ko'ra, xo'p, degin, hammasi yaxshi bo'ladi, deb ko'nglimni ko'tar! Siqilgan yuragimni battar siqma... - Gapirayotib Farhodning o'pkasi to'ldi. Ko'zi yoshlanganini xotiniga bildirmaslik uchun balkonga o'tdi.

"To'g'ri-da, - o'yladi uyqusi qochgan Fahod, - buyam odamlarga o'xshab yaxshi yashagisi keladi. Menga tekkaniga qariyb sakkiz yil bo'ldi, nuqul yo'qchilik, yetishmovchilikdan boshi chiqmaydi. Bunchalar omadsizman-a? Kimlardir pista sotib ham mashina minyapti. Men esa... Axir men ham qarab o'tirganim yo'q-ku, nimalar qilmadim... Hamma ishga qo'l urib ko'rdim. Nima qilay, omadim chopmasa? Oxiri, mana shu zavodga ishga kirdim. Xudoga shukr, och qolganimiz yo'q, qora qozon qaynab turibdi. "Erkakning omadi ko'chada", deyishadi, bir kun yaxshi bo'lib qolar..."

O'y-xayollar girdobida yarim kechagacha uxlolmagan Farhod ertalab har doimgidan kechroq turdi. Shosha-pisha kiyinib, ishga otlanarkan, oshxonada bolalar bilan choy ichib o'trigan xotiniga:
- Uyg'otmabsan ham, uxlab qolibman, - dedi sochini barmoqlari bilan taragancha.

Hosila eriga xo'mrayib qaradi. Uning qarashida "Uyg'onib ham nima ishni qoyillatardingiz?" degan iddao bor edi.
- Ma, o'g'lim, choyingni ich, - dedi ayol erining gapiga javob berish o'rniga piyoladagi shirin choyni bolasiga tutarkan.

Farhod bunga e'tibor bermadi. Uning ertalabdan kayfiyatini buzgisi yo'q edi. Chunki kun bo'yi ishda ko'ngli xira bo'lib yurmasligi uchun uydan urush-janjalsiz chiqib ketishi kerak. U indamay tuflisini kiyishga tutingandi, qarasa, tozalanmagan. Avvalari xotini hamma kiyimlarini top-toza qilib yuvib, dazmollab, poyabzaligacha yaltiratib qo'yardi. Oxirgi paytda kiyimlari qo'l uchida yuvilyapti. Mana, ikki-uch safardan beri tuflisini ham o'zi tozalaydi...
- Namuncha ertalabdan qovog'ingdan qor yog'masa, - dedi Farhod tuflisini artayotib. - Sabr qilsang, bir kun yaxshi bo'p qolar...

Erining gapi Hosilaga taskin emas, tarsaki bo'lib tegdi.
- Sabr qil, sabr qil! O'lsin-da shu sabr ham! Oxiri bormi sabrning? - dedi ko'ziga yosh olib.

Hozir uni biror so'z bilan ovutib bo'lmasdi. Bir og'iz gap ham ayolning dard xaltasini titkilab tashlardi. Shuning uchun Farhod indamaslikni afzal bildi. Uydan chiqarkan, yelkalarini ko'tarib chuqur nafas oldi.

Bekatda toqati toq bo'lib kutib o'tirarkan, ataylab qilganday avtobus ham kechikib keldi. Ishxonasiga borsa, ustiga-ustak, eshik oldida boshlig'i kutib o'tirgan ekan. "O'ldim, gap eshitadigan bo'ldim", deb o'yladi Farhod qadamini tezlatib.
- Iye, Mirvaliyev, qayoqlarda yuribsiz, soat nechchi bo'ldi? - dedi Javlon Tolipov soatiga qaragancha Farhodni xonasiga boshlarkan. Uning yuzida nihoyatda yoqimli, samimiy ifoda bor edi. - Sizni siylamoqchi bo'lsag-u, siz esa qochib yursangiz...

Farhod avvaliga nima gapligini bilolmay, angrayib turdi, keyin gapning nishabi qay tomonga ketayotganini anglab sergaklandi. Yigit o'zining mehnatkashligi, kamtarligi va halolligi va boshqa fazilatlari bilan ishxonada hurmat qozongandi. Buning ustiga, zavodning texnik bazasini besh qo'liday biladi. Shularni inobatga olgan Javlon Tolipov uni ish boshqaruvchilikka loyiq ko'rdi. Boshliqning xonasidan chiqarkan, Farhodning kayfiyati a'lo darajada edi. Shu kuni u har doimgidan ham ikki baravar ko'proq g'ayrat bilan ishladi.

Tez orada zavodning ish faoliyati gurkirab, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab oshdi.
- Manavinga o'zingga, bolalarga kiyim-kechak ol, - dedi Farhod maosh olgan kuni xotinining qo'liga bir dasta pulni tutqazib. - Yetmaganiga o'n besh kundan keyin yana beraman.

Hosila eridan buni kutmagandi. Kechagina bir buxanka nonga arang pul topayotgan erkak birdaniga shuncha pulni qayerdan oldiykin? Yo boshqa joyga ishga kirdimikin? Balki, bu pullar qarzga olingandir? Yo'q, eri qarz olishni yomon ko'radi. Buning ustiga ularga kim ham qarz berardi? Qaytarishga qurbi yetmaydi, deb birov bir so'm bermay qo'ygan. Hosila shularni o'ylarkan, egnidagi uvadasi chiqib ketgan xalatiga bir qur ko'z yugurtirdi-da, kaftida siqib turgan pullarni uning cho'ntagiga solib qo'ydi. So'ng eriga yaqinroq boqib:
- Aytgancha, yanagi oyda opamnikida to'y bor, - dedi fursatdan foydalanarkan. - Ungayam tuzukroq to'yona qilmasak bo'lmaydi...
- Bu yog'idan xavotir olma, oyligim anchagina oshdi. To'yona qilishga bemalol yetadi.

Xudo beraman desa, qo'sh qo'llab berarkan. Farhodning topish-tutishi yaxshilanib, tez orada mashinali bo'lishdi. Hosilaning ham ko'zlari quvonchdan porlab, fe'li o'zgarib qoldi. Endi u serzarda, badqovoq emas, shirinsuxan va ochiq yuzli ayolga aylangandi. Tansiq taomlar pishirib, ochilib-sochilib, erini kutib oladi. Bolalarini ham hadeb urishavermay, erkalab gapiradi. "Kecha qanday yashardig-u, bugun qanday? - ko'nglidan kechirdi Hosila shkafning changini artayotib. - Odamning fe'li, kayfiyati ham uning sharoitiga bog'liq ekan-da. Kechagina asabiy, hayotdan norozi bo'lib yurgan edim, mana, endi mendan baxtiyor ayol yo'q. Ilohim baxtimiz bardavom bo'lsin-da..."
- Dadasi, buncha narsani kim yeydi? - dedi Hosila dasturxon boshida uyib tashlangan kolbasayu shirinliklarni ko'rib. - Avvalgilarini yeb tugatmadig-u, yana shuncha yegulik olib kelibsiz...

Farhod piyoladagi choyni xo'plarkan,  yuragida faxrmi, iftixormi, shunga o'xshash bir tuyg'u uyg'ondi.
- Qo'yaver, onasi, indama, - dedi ko'zini bir nuqtadan uzmay. - Avval olib kelmagan kunlarimning hisobidan ham keltiraman endi.

Hosila kenja o'g'ilchasini quchoqlab o'tirib, bundan bir yil oldin aytgan achchiq-tiziq gaplarini eslab, eridan uyaldi. U ayol kishi har qanday vaziyatda tiliga erk bermasligi, vazmin bo'lishi kerakligiga, baxtning kaliti sabr-qanoatda ekanligiga ishonch hosil qilgandi. Bir zum o'yga tolarkan, qiyinchilik kunlari kino lentasiday ko'z oldidan o'tdi. "Shu kunlarga yetkazganiga shukr", deb qo'ydi so'ng ichida.

Zarina
Buxoro shahri
Manba: www.hazon.uz

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish