Atirgulning qonli izi

Mahalliy poliklinikadan kelgan hamshirani ko'rgan Nodira xomush tortdi.
- Assalomu alaykum, bekorga ovora bo'libsiz-da, - dedi u yerga qarab.
- Ovorasi bormi, bu mening ishim-ku, singlim. Dushanba kuni nazoratdan o'tish uchun borishingiz kerak edi, bormadingiz?
- Oyijon, ruxsat bermadilar…
- Qaynonangiz uydamilar? O'zim tushuntirardim.

Shu mahal peshayvonning derazasi ochilib Marhamat xolaning boshi ko'rindi.
- Kim kepti, kelin?
- Poliklinikadan kelishipti.

Marhamat xola mehmonni yoqtirmaganini yashirib o'tirmay dedi:
- Ha, tinchlikmi? Nega kelishipti? - keyin bo'ynini cho'zib mehmonga qaradi. - Kiring, nega ostonada turipsiz?

Derazani yoparkan darvozaxonadagilarga eshitiladigan qilib to'ng'illadi: - Soppa-sog' odamlarniyam tinch qo'yishmaydi. Ana, borib kasallarga qara, eshikma-eshik yurib kelinlarni qo'rqitguncha!

Nodira o'ng'aysizlanib hamshiraga qaradi. Hamshira bunaqa gaplarga o'rganib ketgan shekilli, qilt etmadi. Nodiraning mulozamatini kutib o'tirmasdan ichkariga yo'l oldi.
- Xolajon, keliningizning qoni kam, bu homilasiga ham o'tishi mumkin, - hamshira yotig'i bilan Marhamat xolaga tushuntira boshladi.
- Qoni kam bo'lsa, mayiz, yong'oq yesa joyiga tushadi, aylanay, siz xavotir olmang.
- Ayni damda mayiz-yong'oq bilan qondagi gemoglabinni oshirib bo'lmaydi. Ayniqsa, bola tug'ma kamqon bo'lib tug'ilsa...
- Menga qarang, nega uyimga kelib sovuq niyat qilasiz? Indamasam, hali tug'ilmagan bolani undoq bo'ladi, bundoq bo'ladi deb kelinimni qo'rqitaverasiz!
- Mening niyatimni nima aloqasi bor, - kampirning do'qidan dovdiragan hamshira yordam so'ragandek Nodiraga qaradi. - Axir... keliningizning tashxisidan xabaringiz bormi o'zi?
- Xabarim bor! - gap tugadi degandek o'rnidan qo'zg'aldi Marhamat xola. - O'tgan gal kelganingizda aytgandingiz. Qolaversa, ketma-ket tuqqan faqat mening kelinim emas. Men beshta bolani ketma-ket tug'ib katta qilganman. Xudoga shukr, hammasi soppa-sog'!

Uy egasi tars-turs qilib chiqib ketgach, hamshira ham ilojsiz o'rnidan qo'zg'aldi.

Mehmonni kuzatib qaytib kelgan Nodira qaynonasining ko'ziga ko'rinmaslik uchun o'zini oshxonaga urdi.

Kechqurun qaynotasi ishdan qaytgach, ertalabki mavzu qayta ko'tarildi.
- Keliningiz poliklinikaga chiqib bizni yomonlagan shekilli bugun hamshira keldi.
- Yomonlagani uchun kelmagandir? - hayron bo'ldi qaynota.
- Bo'lmasa nega keladi? Yana shuni yonini olishni boshladingizmi? Hamshira o'z og'zi bilan aytdi - yaxshi ovqatlanmagani uchun qoni kam, dedi. Poliklinikadan allaqanday dorilar berarmish, o'shani ichib yursin deydi.
- Unda ichsin.
- E-ey, biram soddasizki, keliningiz har ikki kunda ishdan qochib poliklinikaga borib kelish uchun bahona bu. Keyin tekinga berilgan dori qanaqa bo'lardi? Muddati o'tib ketgan dorilarni tarqatishayotgandir-da!
- Esingni yebsan! - jahli chiqdi qaynotasining. - Homilador ayollarga yordam bo'lsin deb tarqatilyapti-ku!
- Siz qayoqdan bilasiz?
- Hamma joyda aytilgandan keyin bilaman-da.
- Ha, mayli, bunisiga ham rozi bo'ldim deylik lekin allaqanday doplermi, poplermi degan tekshiruvi bor ekan. O'shanga borishi shart deydi. Tavba, hozirgi kelinlar nozikoyim. Biz hech qanday tekshiruvlaru, analizlarsiz tug'ib kelib, ishimizni qilib ketaverganmiz. Keliningizning turgan bitgani xarajat!
- Obbo, o'sha tekshiruv necha pul turardi? Namuncha gapirding, eri topib turgan bo'lsa, sendan pul so'ramayapti-ku!
- Erining topgani do'xtirga ketgani uchun gapiryapman-da! Men ham nima niyatlarda o'g'il katta qilganman, o'g'limning davrida yayrab yashayman deganman...

Qaynota xotiniga gap uqtirib bo'lmasligini bilib, "bilganingni qil" dedi-da, televizorning ovozini balandlatdi.

Nodira tuni bilan og'riqdan ag'anab chiqdi. Ishdan kech qaytgan erini bezovta qilmaslik uchun mehmonxonadagi divanga chiqib o'tirdi.

"Yaxshi hamki, o'g'lim yig'loq emas", o'yladi u og'riq qo'yib yuborgach, ko'zini yumib. Ikkinchi farzandiga homilador bo'lgandan buyon tez-tez tobi qochadigan bo'lib qolgani uchun qaynonasi va eridan xijolat bo'lar, kasal bo'lganiga o'zini aybdor hisoblardi.

O'g'li dunyoga kelgandan keyin shifokori qaynonasiga tug'ruq og'ir kechganini, endi bir-ikki yil farzand ko'rmay turishi lozimligini tushuntirgandi. Lekin qaynonasi shifokorlar tavsiya qilgan muolajalardan qat'iy bosh tortdi, bitta boladan keyin dori ichsa keyin umuman tug'may qo'yadi, deb ko'nmadi. Nodira esa qaynonasiga e'tiroz bildira olmadi.

Birinchi bolasida ko'p qon yo'qotgan Nodira tug'ruqdan keyin ham anchagacha o'ziga kela olmadi. Yurgan yo'lida boshi aylanib ketar, bir necha marta yiqilib ham tushgandi. Shifokorlar bir haftagina yotsin, qon quyib, dori-darmon qilib gemoglabini normaga tushsa olib ketasiz deyishsa ham "o'zim qarayman" deb va'da berdi. Lekin ona-bolani uyga olib kelgach, va'dasini unutdi.

Chaqaloq ko'rgani kelgan onasi qizining ahvoli yaxshimasligini ko'rdiyu, lekin "birinchi bolasi-da, qiynalgan, yaxshi bo'lib ketadi", deb o'zini ovutdi.
- Seni uyga olib ketib, davolatay desam, qo'lim kalta. Singlingni sepini qilishim kerak...

Onasining qolgan gaplari qulog'iga kirmadi. "Hech kimning menga qarashga vaqti yo'q o'yladi u, ma'yus kulib. - Erim "men ayollarning ishiga tushunmayman, oyim nima desa shuni qilasan" deydi, onam "seni uzatdim, bo'ldi, endi tashvishingni menga ortma" deydi. Qaynonamga esa bitta xizmatkor bilan puldan boshqa narsaning keragi yo'q…".

O'g'li sakkiz oylik bo'lmasidan yana homilador bo'lgan Nodiraning ahvoli kundan kunga og'irlashib borardi. Shifokorlar "bolangizga kislorod etishmayapti, kamqonligingiz unga ham o'tadi, suyagi mo'rt, qimirlashi sust..." deb yuragiga vahima solishgani sayin battar qo'rqardi. Tuni bilan yaxshi uxlay olmagan Nodira ertalabdan supani supirarkan oyog'i tagidagi yer qalqib ketgandek bo'ldi. Yiqilib tushmaslik uchun daraxt shoxiga qo'l cho'zdi-yu, lekin qo'li yetmasdan supadan pastga qarab yiqildi. Yerga urilmasidan oldin qornidagi bolasi qattiq tipirchiladi. Nodiraning xayolidan "bolamni qo'rqitdima" degan afsus o'tdiyu, birdan hamma narsa qorong'ulikka g'arq bo'ldi...

Uyqusirab hovliga chiqqan eri, "ogorod"da atirgulning yalang'och novdalari orasida yotgan xotinini ko'rib qo'rqqanidan baqirib yubordi.

Atirgul novdalari yuz-qo'llarini tilib ketgan Nodira qonga belangancha hushsiz yotardi.

Shifokorlar zudlik bilan Nodirani operasiya xonasiga olib kirib ketishdi.
- Bolani asrab qololmaymiz deb qo'rqaman, - dedi shifokor yig'lab o'tirgan Marhamat xolaga.
- O'zi-chi? - so'radi eri ovozi titrab.
- Yaxshi niyat qilaylik... yaxshi niyat, - Marhamat xola o'ziga o'zi gapirgandek kursiga cho'kdi. Shifokor javob bermadi.

Beton qirrasiga qattiq urilgani uchun qovurg'asi sinib, ichki a'zolari zararlangan Nodirada ichki qon ketish ro'y bergandi. Bola ham zararlangan bo'lishi mumkinligini bilgan holda shifokorlar birinchi o'rinda kimga yordam berish kerak deb o'ylab ham o'tirishmadi. Avvalo onani asrab qolish lozim, buyurdi jarroh.

Dunyo yuzini ko'rishiga bir oy qolgan qizaloqning jasadini olib chiqib berishganda Marhamat xolaning yuragi uzilib tushgandek bo'ldi.

Komada yotgan Nodiraning yoniga qarindoshlarga navbati bilan kirib chiqishga ruxsat berishdi. Birinchi bo'lib kirgan onasi ko'z yoshlarini tiya olmay ichida qizining qaynonasini ayblardi: "Qizimga kun bermadi-ya, jodugar".

Undan keyin kirgan eri Nodiraning ahvoliga achinib ko'z yosh to'kdi keyin yuzida atirgul tikanlari qoldirgan qonli izlarga qarab "endi yuzida chandiq qolarkan-da" deb o'yladi.

Marhamat xola esa ko'z yoshlarini artarkan kelinining sarg'ayib ketgan yuziga qarab "hozirgi yoshlar, biram nozig-ey, ishqilib sog'ayib ketsin-da, bo'lmasa ota-onasidan naq baloga qolamiz. Endi bu yog'i nima bo'larkan, o'g'lim bitta bola bilan o'tib ketadimi endi...", deb o'yladi.

O'lim bilan olishib yotgan Nodira kirib-chiqayotganlarni ko'rmas, eshitmasdi. Uni qattiq uyqu elitar, tezroq uxlab qolib og'riqlardan qutilgisi kelardi. Endi uyquga ketaman deganida o'g'lining yig'lagani eshitilgandek bo'ldi. Ko'zini ochish uchun harqancha harakat qilmasin, iloji bo'lmadi. Uyqu zo'rlik qilaverdi. To'satdan yuziga tekkan mitti qo'lchalar taftidan seskanib ketdi. Bor kuchini to'plab ko'zini ochdi. Tepasida singlisi o'g'lini ko'targancha qarab turar, o'g'li esa qo'llarini cho'zib unga intilardi.

"Ko'zini ochdi!" "O'ziga keldi" degan shovurlarni eshitgan Nodira og'ir uh tortdiyu, yana ko'zini yumdi. "Tezroq uyg'onishim kerak, o'g'lim mensiz qiynalib ketgan... Unga kerakman" o'yladi u. Onasining ko'nglidan o'tganini sezgandek o'g'li ham unga qarab talpina boshladi...

Dilfuza Sobirova
Manba: www.darakchi.uz

Ushbu bo'limdagi yana bir maqola « Hasadgo'y opa Sayohatchi kelinning orzusi »

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish