"Sochingizni tekinga olib qo'yaman, faqat..."

Yaqinda internet nashrlarida tarqalgan bir xabar ko'pchilikni to'lqinlantirib yubordi. Gap shundaki, AQShning Ayova shtatida istiqomat qiluvchi Kortni Xolms ismli sartarosh savobli ishga qo'l uribdi. U shtatida istiqomat qiluvchi bolalarning sochini tekinga olib qo'ymoqda. Buning uchun esa bolalar uning shartini bajarishi kerak ekan.

Dastlab "Bekorga tekin emas ekan-da, sharti, hoynahoy, puldan ko'proq foyda keltirsa kerak o'ziga", deb o'ylagandim. Ammo shartini o'qigach... Gap shundaki, sartarosh bolakayning sochini tekinga olish uchun o'sha bola birorta hikoya yoki asardan parcha o'qib berishi kerak edi. Kortni shu yo'l bilan bolalarning qalbida kitobga muhabbat uyg'otishni niyat qilgandi va maqsadiga yetdi. Sartaroshga sochini oldirish uchun kelayotgan bolalarning oxiri ko'rinmaydi, eng muhimi, har bir bolakayning qo'lida kitob bor. Kortni bu ishi bilan bolalarni kitob bilan chinakam do'stga aylantira oldi.

Bu holat chindan ham tahsinga sazovor. Chunki sartaroshning sharti o'ziga zarracha moddiy foyda keltirmasdi. U shunchaki insoniylik qanday bo'lishini ko'rsatib qo'ydi. Yana bir muhim jihati shuki, Kortning bu ishi boshqalarni ham bolalarning ma'naviy boyligini oshirish yo'lida biror xayrli ish qilishga undadi.

Nizomjon
Manba: wwww.hazon.uz

Ushbu bo'limdagi yana bir maqola « Jannatdagi qo'shni Senga qaysi narsa yoqguvchi? »

Fikr bildiring

Sahifa boshiga qaytish