Qo'ymaydilar…
Bo'lim: Armonlarim

Qo'ymaydilar…

Hurkak ko'nglim,
Yovvoyi ko'nglim,
Ko'p ichida savdoyi ko'nglim,
Endi ravon bo'lganda yo'lim,
Qo'ymaydilar…

Banner

Haqiqiy muhabbatning ta'rifi
Dunyoning bevafoligi xususida soatlab majlis qurib tonglar orttiramiz. Afsus, ertalab umrimizning eng g'ayratga to'la damlarini oxirat uchun emas, dunyo uchun musobaqalashib o'tkazamiz.
 
Og'ir kuningda yolg'izlatmayman
Oradan yeldek uchib o'tgan ikki oy ichida Akmal Sitoraga uylanishga rozi bo'lganini sezmay qoldi. To'y bu qadar tezlashib ketganidan faqat dadasi xavortirga tushdi.

Zulmatda qolgan muhabbat

Maftuna talabalikka qabul qilinganidan buyon universitet kutubxonasiga endi kiryapti. Ikki oydan beri shu joyda o'qiyapti-yu, bu maskanga ilk bor mo'ralashi. Qo'lida bir dona fotosurat, a'zolik badali uchun pul va talabalik guvohnomasi.

Bir amallab mahobatli kutubxonaning a'zosiga aylanishi bilan bog'liq masalalar tugaganidan so'ng kerakli kitobga buyurtma berdi. Kutubxonachi qiz biroz kutishi lozimligini aytdi va buyurtma kelguniga qadar bo'sh stullardan birida o'tirib turishni taklif qildi.

Maftuna shu yerga yaqinroq stullardan biriga joylashdi. Undan keyingi stulda uch yigit o'tirardi.
- Chiroyli qiz ekanmi? - dedi orqadagi yigitlardan biri past ovozda.
- Bo'ladi, ammo sen unga ko'z olaytira ko'rma, men urinib ko'rmoqchiman, - dedi boshqasi.
- Bekorlarning beshtasini aytibsanlar, ikkalang ham umidingni uz, bu qizga yaqinlashsanglar, mendan ko'rasanlar, - deya do'q urdi yana biri sheriklariga.
- Axir, Ali?..
- Jim bo'l, men shunday dedimmi, demak, bo'ladi. Istasanglar garov o'ynaymiz, yaqin orada shu qizning men bilan yetaklashib yurganini ko'rasanlar.

Juda hayratlanarli, yigitlar kim haqida gapirishayotgan ekan? Maftuna u yoq-bu yog'iga qaradi. Qizlar ko'p, birontasining ustida bahslashayotgandir-da. Ahmoqlar, qiz bolaning ustida ham garov o'ynab bo'ladimi? To'g'ri, past ovozda pichirlab gaplashishyapti, lekin bemalol eshityapti-ku!
- Buyurtmangiz tayyor. Kelib kitobni olib keting! - kutubxonachi qiz unga yuzlandi.

O'rnidan turib, kitobni olish uchun yurdi, qaytishda uchovlonga yana ko'zi tushdi. Ular yuzsizlarcha o'ziga tikilib turishardi. Qaysi biri Ali ekan bularning? Juda o'ziga ishonib yubordi-da shunisi. "Yaqin kunlarda men bilan ko'rasanlar", emish. Qaysiligini bilsaydim, mana shu kitob bilan boshiga...

Hoy, to'xta, kitobda nima ayb? Kitoblar mutolaa uchun nashr qilinadi, boshga urish uchun emas.

Qiz joyiga o'tirib, kitobni varaqlayapti, bahs esa hanuz davom etyapti. Yigitlar qizlarni tuzog'iga ilintirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida shunaqa gaplarni gapirishardiki, Maftuna borgan sari asabiylashib ketayotgandi. Shunda bittasi qizning yoniga keldi va:
- Bo'shmi? - dedi yonidagi stul suyanchig'ini ushlab.
- Band, - deb javob berdi qiz ovozini biroz dag'allashtirib.
- Ha, mana endi band bo'ldi, - dedi o'sha yigit kursiga joylashar ekan. So'ng Maftunaning yuziga qarab qo'shimcha qildi: - Orqadagi stulda uchalamiz tiqilib qoldik, shu yerda joy bor ekan, bemalol o'tiraylik, a?

Orqadan "Bo'sh kelma, Ali!" degan pichirlashlar va masxaromuz piqir-piqir kulgilar eshitilardi. Ali degan shunisi ekan-da. Nima qilsin ekan, kitob bilan tushirsamikin? Yana kitob deydi-ya.
- Uzr, siz bilan yaqinroq tanishsak bo'ladimi? - dedi Ali.
- Nega, yaqin kunlarda yetaklashib yurishimiz uchunmi?
- Men unday demadim, - dedi u yelkasini qisib.
- Hozirgina sheriklaringizga aytdingiz-ku! Turing o'rningizdan!
- Noto'g'ri tushungandirsiz. Biz axir...
- Ha, aynan shunday dedingiz. Hammasini to'g'ri eshitdim. Bilib qo'ying, biron qizning siz bilan yetaklashib yurganidan ko'ra it bilan yetaklashib yurgani yaxshiroq.

"Voy, men chidolmasdim, Ali! U itni sendan yaxshi dedi, lekin yomon uyatga qolding-da o'ziyam", deb mazaxlab kuldi orqadagilar.

Ali boshqa hech narsa demadi. Bir orqadagi do'stlariga, bir Maftunaga tikilib qarab qoldi. So'ng o'rnidan turib, kutubxonachining oldiga kitobni qo'ydi-yu, chiqib ketdi.
- Yanga, yomon bopladingiz lekin, - deb qiyqirib qolishdi ortidan yigitlar.

Ertasiga birinchi dars tugaganidan so'ng yo'lakda ketayotsa, kechagi yigitlardan biri kelayotgan ekan. Yoniga yaqinlashganida "Yaxshimisiz, yanga?" deb o'tib ketdi.

Oshxonaga kirib kompot ichayotganida esa xushro'ygina qiz yoniga kelib, "Yoqimli ishtaha, yanga", dedi kulib. MAyna qilishyaptimi, Xudo jazongni bergurlar. Shu tariqa kun davomida besh-olti kishi unga "yanga" degan murojaat bilan so'rashib o'tdi.

Nima qilsa ekan bu Alini? O'sha kuni kitob bilan tushirsa bo'larkan, esiz, shunday imkoniyatni yo'qotdi-ya.

Ertasi kuni darsga birinchi bo'lib keldi. Undan keyin kirgan kursdosh yigit "Yo, hazrati Ali" dedi partaga to'nkarilgan stulni yerga olib qo'yar ekan, o'ziga o'zi gapirgan ko'yi, ammo sinovchan nigohi zimdan Maftunaga qadalgan edi. Endi kurs ichida ham "Ali, Ali" degan tegdirmalar qulog'iga chalinayotgandi.

Kimdandir biror nima so'rasa, "E, Ali akaning hurmati bor, sizga yo'q demaymiz", deyishardi. Mana, yo'q joydan yanga ham bo'lib oldi. Alining o'zini durustroq tanimaydi-ku, ko'pchilik uni o'sha yigitning himoyasidagi qiz deb o'ylayotgani yomon-da.

Bilib oldi, Ali deganlarining talabalar orasida obrusi kuchli ekan. Uchinchi kursda o'qirkan. Uni ko'pchilik juda yaxshi tanirkan. O'sha yigit Maftunaning kursdoshlariga: "Bo'lajak yanganglar shu qiz, agar ozgina hurmatim bo'lsa, hammangiz uni "yanga" deb chaqiringlar", deb tayinlabdi.

Kursdosh yigitlar u bilan iloji boricha gapni qisqa qilishar, chunki Alidan hayiqishardi. Uni biron-bir munosabat bilan yig'ilishadigan tadbirlarga chaqirishsa, borgan joyida, albatta, Ali o'tirgan bo'lardi.

Chor atrofida Ali ismi aylanar, o'zini peshonasiga Ali degan tamg'a bosilganday his qilardi. Bu yigit yo'q joydan erkinligini tortib oldi, u el qatori o'qishiga, hamma qizlar kabi yayrab yurishiga yo'l qo'ymayotgandi. Eng yomoni buni boshqalarning qo'li bilan qilayotgani. Zero, o'sha kutubxonadagi bahslashuvdan keyin u boshqa bir og'iz ham so'z qotgani yo'q. Alining oldiga borib, "Nega bunday qilyapsan?" deb so'rashga betlamadi. Xuddi nochor ahvolga tushib, yalinib borganday bo'ladi. Yaxshisi, e'tibor bermagani ma'qul.

Maftuna hech kimga qo'shilolmaganidan so'ng darsdan keyin vaqtini kutubxonada o'tkazishga odatlandi. Albatta, "yanga"chilar u yerdayam bor, ammo endi bu qochirimlarga parvo qilmay qo'ygandi. Shunday kunlarning birida yoniga Ali kelib o'tirdi.
- Ahmoqlik qilyapsiz, - dedi Maftuna unga qarab.
- Bu hammasi sizni asrash uchun, yoningizga yomon niyatlarni yaqinlashtirmaslik uchun, - dedi Ali.
- Yaxshi, ammo bu sizga nega kerak bo'lib qoldi?
- Boshqalar tugul, o'zimdan ham sizni qizg'anganim uchun.
- Mening ko'nglimni bilmaysiz-ku...
- Bilganim shuki, sizni yaxshi ko'raman. Boshqasi bilan ishim yo'q!
- Mening tuyg'ularim-chi?!
- Sizda tuyg'uning o'zi yo'q, - dedi Ali andak jahl bilan.
- Men muhabbat buyuk bo'lishi kerak, deb o'ylayman. Shunchaki sevgi o'yinlari men uchun emas.
- Ammo buyuklik oddiylikda ekanini o'ylab ko'rmaysiz. Bu ketishda muhabbat gadosi bo'lib o'taverasiz.
- Muhabbat tilanchilarga beriladigan sadaqa emas. Duch kelgandan sadaqa so'rab ko'chaga chiqolmaganing kabi muhabbatni ham ehson qiling, deb bo'lmaydi, - dedi Maftuna chertib-chertib.

Ali o'rnidan turib, chiqib ketdi. Maftuna uning ortidan o'ychan nigohi bilan qarab qoldi. "Men o'zim o'qigan ertaklarda yashayman, - o'yladi u. - Kimsasiz daladagi yagona qasr- bu mening xayoliy o'yim. Oldida yam-yashil sholipoya yastanib yotibdi. Mayda dala gullari va oppoq moychechak go'zal hissiyotlarim, yagona do'stlarim. Yolg'izlikni yaxshi ko'raman. Ba'zan kimdir yetishmayotganday bo'ladi. Shu kimlarni topganimda esa u men qidirgan odam emasligini bilib qolaman. Alsida, men qidirgan odam bormi? Qayerda u? Qachon ro'baro' bo'laman? Qachondir duch kelamanmi o'zi unga? Yoki yo'q insonni qidiryapmanmi? Agar u yo'q bo'lsa, qidirib nima qilaman? Kimnidir qidirmasam, qandaydir ilinjim bo'lmasa, yashashdan ma'ni nima? Ammo yo'q odamni qidirishdan ham ma'ni yo'q-da. Balki qidirgan insonim Alining o'zidir. Qalbimning tubidan unga joy bera olarmikinman? Qiyin savdo..."

O'sha kungi suhbatdan so'ng u Ali bo'lgan jahlini so'ndirib bordi. Ba'zan vaziyat yuzasidan, ba'zan zarurat tufayli gaplashib turadigan ham bo'lishdi. Unchalik yomon yigitga o'xshamaydi. Ko'ngli toza, nekbin kayfiyatli, hamma bilan birdek munosabatda bo'ladiganlar toifasidan ekan. Oralaridagi munosabat do'stona ko'rinishdan hech o'zgarmagan bo'lsa ham, Alining ko'zlaridagi muhabbat cho'g'i sira so'nmadi.

Bu orada dillarni yashnatib ko'klam eshik qoqib keldi. Chor atrofdagi gul hidi, ko'ngil xidi ufuradi. Maftunaning ham qalbida ishqning sarrin sabolari esa boshladi. Yashayotganini, dunyoning latifligini, tabiatning ulug'vorligini his qilar ekan, g'ir-g'ir elayotgan tuyg'ulari tizginini biroz bo'shashtirdi. Aliga ko'rinmas bir rishta bilan bog'langan kabi uni yuragiga yaqin ola boshladi. Hissiyotlar kishini juda masrur olamga yetaklar ekan.

Ali do'stlarini garovda yutib chiqqandi. Ko'pchilik Maftunani Alining yonida ko'ra boshlashdi. Qizlar ortidan havas bilan qarab qolishar, yigitlar garchi haqiqatda unday bo'lmasa ham o'zlarini e'tiborsizday ko'rsatib o'tishardi. Ikki qalb bir-biriga talpinsa ham, hayo chizig'ini kesib o'tishmas, har ikkisining ich-ichida hamrohiga nisbatan cheksiz hurmat va mehr uyg'ongandi.

"Bu muhabbat bo'lmay nima? - deya o'yladi Maftuna. Ali yuragimga eng yaqin insondek tuyilyapti. Men uni qidirgan ekanman. Nihoyat topdim, nihoyat yaqinidaman, yonginasidaman. Qo'l uzatsa yetadigan darajada yaqinidaman. Uni yaxshi ko'ra boshladim, u dilim mulkining egasiga aylanib boryapti. O'z-o'zimga so'z berib aytamanki, bundan buyon bu yigit meni qancha izzat qilayotgan bo'lsa, men uni ikki karra ko'proq qadrlayman".

Munosabatlar kundan kunga mustahkamlanib, chuqurlashib, yaxshilanib borardi. Qizig'i shundaki, ular orasidagi munosabatga biron kishi qarshilik qilmasdi. Hamma ularning bir-biriga mos juftlik ekanini ta'kidlab, baxt tilashardi. Bu muhabbat kitoblarda yozilgan boshqalaridan farqli o'laroq, suronli, to'fonli, ziddiyatli, yaralovchi va nihoyat fojiali emasdi. Balki, tunda oy yurug'ida bir me'yorda sokin oqayotgan suv kabi jilvali va ravon edi. Yo'llarida na bir to'siq, na bir fisq-fasod bor edi. Ko'ngillar yaqin, fe'llari ma'qul, ko'rinishidan munosib.

Ha, suv oydinda bir muddat (unchalik uzoq ham, u qadar qisqa ham vaqt emas) mana shunday sokin va bir maromda oqdi. Biroq tadir degan yana bir tosh borki, qachon o'zingni baxtli sezsang, peshonangga qarsillab urilmasa...

Salomatligini tiklash va qizini ko'rib ketish bahonasida Maftunaning onasi poytaxtga kelyapti. U onasini kutib olish uchun ertaroq yo'lga chiqdi. Hali vaqt borligi sababli vokzal tashqarisidagi bolali ayol o'tirgan o'rindiqqa borib cho'kdi. Poyezd kelishiga yigirma daqiqa bor. Odamlarni kuzatib o'tirar ekan, yonidagi navnihol juvon o'ziga qarab-qarab qo'yayotganini sezdi.
- Kechirasaiz, singlim, siz Maftunamasmisiz?
- Maftunaman, - dedi hayron bo'lgan qiz.
- Darrov tanidim, - dedi juvon ko'zlari yonib.
- Ko'rishganmizmi?
- Yo'q, birinchi bor uchrashib turibmiz.
- Unda meni qayerdan taniysiz?
- Xo'jayinimning fotoalbomida bir dunyo suratlaringiz bor.
- Xo'jayiningiz kim?
- Ali... Uning xotiniman.
- Qaysi Ali?
- Haligi... Siz ham taniysiz. Mana bu o'g'lim o'ynayotgan o'yinchoqni Aliga yangi yil bayramida siz sovg'a qilgan ekansiz.

Maftuna bolaning qo'liga qarab, o'yinchoqni darrov tanidi. Uni tanlash uchun yarim kun ovora bo'lgandi.
- Iya, Ali uylanganmi? - deb so'radi Maftuna hayron bo'lib.
- Ha, o'g'limiz ikkiga kirdi.
- Qanday qilib?! Axir Alining o'zi yosh bola-ku. Undi uchinchi kursni tugatyapti. Bundan chiqdi, institutga kirmasdan oldin uylangan ekan-da?!
- Ha... To'yimiz kirish imtihonidan biroz oldin bo'lgan.
- Nega buncha tez? Ota-onalaringiz majburlashganmi? - so'radi Maftuna hamdardlik ohangida (balki, o'zini yupatish uchundir).
- Yo'q. Ali bilan uch yil sevishib yurganmiz, u meni boshqa birov ilib ketmasligi uchun darhol uylanib olgan.

"Yo'q, Ali bu ayolni sevgan bo'lishi mumkin emas. Ota-onalari majburlagani aniq. Ali meni sevadi. U hech qachon mendan boshqasini sevmagan. Kimningdir men bilan hazillashgisi kelyapti."
- Yaqinda esa u menga sizni yoqtirib qolganini, men bilan turmush qurgani anglashmovchilik bo'lganini, tezroq sud orqali ajrimga kelishuvimiz lozimligini aytdi.
- Keyin-chi? Siz nima dedingiz?
- Rozilik berishdan o'zga ilojim ham yo'q. Buning ustiga Ali tanlagan qiz, ya'ni siz noyidekkina ekansiz. Yulduzinglar yulduzinglarga to'g'ri kelsa bo'ldi. Mana, o'g'lim bilan uyga ketyapmiz.

"Qanaqa yulduz? - o'yladi Maftuna. - O'zining yulduzi bor ekan-ku. Alini qanday qilib mana bu shiringina, quyib qo'yganday o'ziga o'xshaydigan o'g'lidan judo qilaman? Buning ustiga rafiqasi farosatli, aqlli ayol ekan".
- Baribir, Ali tez orada sizlarni yoniga qaytaradi. Hech qanaqa ajrimning keragi yo'q, ketmang! - dedi hovliqib.

"Nimalar bo'lyapti o'zi, nega bunday bo'ldi? Alining ikkita hamqishlog'i bor, ular uylanganini bilmagan bo'lishi mumkin emas".

Qo'l telefonini olib chetga o'tdi va raqam terdi.
- Sobir, yaxshimisiz, sizdan bir narsani so'rayman, faqat rostini gapirasiz, bo'lmasa juda qattiq xafa bo'laman.
- Nimani so'ramoqchiligingizni tushunganday bo'ldim. Kimdan eshitdingiz, yanga, uni biz uchalamizdan boshq hech kim bilmasdi-ku, Alining o'zi aytdimi?
- Yo'q, boshqadan eshitdim. Nega bunday qildinglar, Sobir, siz es-hushli yigitsiz-ku?!
- Uning niyati jiddiy edi-da, qolaversa, yaqinda yangam bilan ajrashadi...
- Bir yangangizdan ajralib, ikkinchisiga uylanadi, shundaymi? - kesatdi.
- Ali sizni aldamayapti, u rostdan ham...
- Yetar, kerakmas! - deb aloqani uzdi Maftuna va o'ylab qoldi: "Eh, Ali, Ali. Qo'limga tushsayding, seni o'ldirardim. Ammo bunday bo'lmaydi. Chunki meni boshqa ko'rmaysan. Seni uchratishim mumkin bo'lgan hamma joydan izsiz yo'qolaman. Hammasidan kechaman. O'qishni tashlab, boshqa joyga sen taxmin ham qilolmaydigan joyga ketaman. Mana shu ayolning hurmati uchun... Oilangni saqlab qolish uchun... Ko'rinishi seni eslatadigan jajji o'g'ling uchun..."

Zulmat cho'kkan ko'nglini endi ko'p zamonlar qahraton qish tark etmasligi aniq. Dil ko'chasida lolalar yastanib ochilmaydi. Bahorni sezmay qo'yadi. Bundan so'ng hech kim "yanga" deb chaqirmaydigan joylarga ketadi.

Xosiyat Rajabova
Manba: www.hazon.uz


Tashqi yuza uchun

  • Fon uchun 1.jpg
  • Fon uchun 2.jpg
  • Fon uchun 3.jpg
  • Fon uchun 4.jpg
  • Fon uchun 5.jpg
  • Fon uchun 6-1.jpg
  • Fon uchun 6.jpg
  • Fon uchun 7.jpg
  • Fon uchun 8.jpg
  • Fon uchun 9.jpg
  • Fon uchun 10.jpg
  • Fon uchun 11.jpg
  • Fon uchun 13.jpg
  • Fon uchun 14.jpg
  • Fon uchun 15.jpg
  • Fon uchun 16.jpg

Bizga xabar yuboring

Hurmatli saytdoshlar, siz ham qalbingizda kechayotgan his-tuyg'ularni ko'ngil ko'chalarida armug'on etishingiz mumkin. Batafsil...

Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar