Muhabbat qurboni

- Kishi yoshi qirqqa yaqinlashganda ham sevib qolishi mumkin ekan. Ammo teng tengi bilan topishsa yaxshi bo'larkan, - deya gap boshladi shifokor do'stim Asqar. - Bir kuni ishdan kechroq qaytayotgan edim. Qarasam, yo'lning chetida turgan qizga bezori bolalar tegajog'lik qilishayapti. Ichimda birov "Yo'lingdan qolma, bu qiz boshingga ko'p tashvish keltiradi", desa, boshqasi "Ojizalarni himoya qilish erkakning burchi", deb tortisha boshladi.

Qizga rahmim keldi. Uni ko'pincha ishga ketayotganimda yo qaytayotganimda uchratardim. Istarasi issiq, yoqimtoy bu qizning har gal odob bilan salom berishi, shirin tabassumi meni o'ziga rom qilib olgandi. Shu bois unga yordam bergim keldi.
- Ey, bolalar! Ojizalarni faqat qo'rqoq va zaiflar xo'rlaydi. Qo'yib yuboringlar uni, - deya haligi yigitchalarning yoniga bordim.
- Nima? Bizni zaif dedingizmi? Aql o'rgatadigan siz qoluvdingiz. Undan ko'ra, yo'lingizdan qolmang, - dedi ulardan biri sigaretini chuqur-chuqur tortib, tutunini yuzimga puflarkan. Bu qilig'i nafsoniyatimga tegib ketdi.
- O', tirrancha, nima qilyapsan? - dedim jahlim chiqib.
- O'zing nega oshga tushgan pashshadek kayfiyatimizni buzyapsan? - dedi bezorilarning ikkinchisi masxara qilgandek.

Bu gaplardan so'ng o'zimni tutolmadim, yigitchaning yuziga tarsaki tushirganimni bilaman, qolgani esimda yo'q. Ko'zimni ochsam, shifoxonada yotibman. Hamshiralar yugurgilab yuribdi.
- Asqar Tillayevich, qo'rqitib yubordingiz-ku, - dedi shifoxonamizning malikasi Go'zal Turdiyeva yoqimli jilmayib.
- Siz qan...
- Hech xijolat bo'lmang, yigitchilikda bo'ladi.
- Men haligi...
- Tushunaman. Sevara ham sizni poylab qoldi.
- Sevara? Kim u?
- Hali bilmaysizmi? Siz jon kuydirgan qiz-da.
- To'g'risi...
- Asqar Tillayevich, sizni tushunsa bo'ladi. Bo'ydoqsiz. Ammo qiz yoshmi, deyman-da.
- Go'zalxon, men unga yordam bermoqchi edim...
- Bilaman. Hammasi shundan boshlanadi. Mayli, qizginani chaqiray. Ko'p urintirib qo'ymang o'zingizni.

Go'zal Turdiyeva nimaga shama qildi, menga qorong'i. Lekin uning gapida jon borligini kechroq payqadim.

* * *


Avvaliga Sevarani talaba bo'lsa kerak, deb o'ylardim. Keyin bilsam birinchi yil kirish imtihonlaridan o'tolmagach, hozir repetitorga qatnarkan. Shu-shu Sevara bilan do'stlashib qoldim. Tez-tez uchrashib turardik. U meni o'ziga juda yaqin tutardi. Gohida kinoga tushsak, boshini yelkamga qo'yar, shunda sochlaridan taralayotgan xushbo'y hid aqlimni o'g'irlardi.
- Asqarjon aka, sevgi yosh tanlamaydi. Odamlar bilan nima ishimiz bor. Biz bir-birimizni tushunsak, sevsak... - deb qoldi u tungi sayrlarning birida.
- Ota-onagiz ko'nmaydi. Bu yoqda hali institutga kirishingiz bor.

Garchi Sevarani yoqtirsam-da, bahonalarni qalashtirib, bu fikridan qaytarmoqchi bo'lardim. U esa gaplarimga parvo qilmay battar pinjimga kirar, aqlimni o'g'irlab qo'yardi. Bora-bora unga bog'lanib qoldim. Bemorlarni tekshiraveramanu, aslida kech bo'lishini kutaman. Ba'zan shu paytgacha uylanmaganimga o'tgan umrimga achinardim. Axir, men tengilarni farzandlari allaqachon maktabga chiqqan. Keyin yana o'zimga tasalli berardim. Shukrki, kasbim tufayli bir bo'limni boshqaryapman. Qo'l ostimda qancha hodim bor. Ularning barchasi "Asqar Tillayevich" deb murojaat etishining o'zi katta baxt emasmi? Shularni o'ylab yana ko'nglim joyiga tushar, kasbimga mehrim ortib ketardi.

* * *

Go'zal Turdiyeva tajribali, qo'li yengil shifokor, yaxshi suhbatdosh. U bilan nafaqat ish yuzasidan, balki hayotda duch keladigan muammolar ustida ham ko'p maslahatlashardik. Uning bilmay bosgan qadamining jabrini tortayotganiga rahmim kelardi.

Go'zal, kursdosh yigiti bilan sevib-seviladi. Nikohdan o'tmay qizlik bo'ladi. Yigit esa farzandini tan olmaydi. O'z yurtiga ketadi. Shundan so'ng Go'zal qishlog'iga qaytmaydi, o'qiydi, izlanadi. Shu-shu turmushga chiqmaydi. Hayotini qizi - Umidaga bag'ishlaydi. Biroq menga befarq emas edi. Muhabbat qurboni bo'lganiga qaramay, meni sevardi. Buni uning qarashlaridan sezardim.
- Asqar Tillayevich, gulg'unchaga bog'lanib qolmadingizmi? - so'radi suhbatlarimizdan birida qoshlarini chimirib. Men unga nima deyishni, o'zimni qanday oqlashni bilmay qoldim. Chunki Sevaraga allaqachon bog'lanib bo'lgandim. - Asqar aka, xato qilyapsiz!- Go'zal sukut saqlab turishimga chidab turolmadi. Meni sevishini, uning tuyg'ularini payqamaganimni to'kib soldi. - Ikki-uchtasi og'iz solib, meni baxtli qilishini aytgan edi, rozi bo'lmadim. Nimaga shunday qildim, bilasizmi? Chunki ko'nglim sizda. O'zingizdan ham shu gapni eshitishni kutib, orziqib yashadim. Afsus, sizdan sado chiqmadi. Meni yengiltak deb o'ylamang. Birgina xatoyimni jabrini shuncha tortganim yetar. Siz ham menga befarq emassiz-ku, shundaymasmi? U hali ona suti og'zidan ketmagan go'dak bo'lsa, yoshingizda ancha farq bor, keyinroq qiynalib qolmang, deyman. Yana o'zingiz bilasiz...

Go'zal haq edi. Men xato qilyapmanmi, deb o'zimni Sevaradan olib qocha boshladim. Biroq uddasidan chiqolmadim. U har qadamda paydo bo'lar va sevishini qayta-qayta takrorlab, holi jonimga qo'ymas, istirohat bog'igami, kinoteatrgami, diskobargami yetaklardi. Ana shunday oqshomlarning birida uni o'z yotog'imga chorladim. O'shanda g'irt mast edim. Nima qilayotganimni o'zim ham bilmasdim. Ertalabki sharmandalik... Ishxonada bolalab borayotgan mish-mishlar... Sevaraning tuhmati... Keyin hammasi ayon bo'ldi.

Sevara giyohvand bo'lib chiqdi. Meni tuzog'iga ilintirishi evaziga giyohfurushlardan narkotik olib turgan ekan. Ular otamning ishi rivoj topib turgan tadbirkor ekanligini yaxshi bilishgan. Meni badnom qilish bilan qo'rqitib, otamdan mo'maygina pul undirishmoqchi bo'lishgan.

Taqdirning o'yinini qarangki, Go'zal Turdiyevaning qismati mening ham boshimga tushdi. Hali ham qonun himoyachilari katta yordam berishdi. Ular firibgar qizning va giyohfurushlarning asl niyatini fosh qilishdi. Bo'lmasa...

Badiiy nashr
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar

  • - Yelda

    Bo'lmasa yemagan somsaga pul to'lab turmaga ravona bolish xich gap emas edi. Xudo o'zi bir asrabdi sizni