Ilk uchrashuv

- Yashil tuflingni kiydingmi? Uningning sal poshnasi pastroq emasmi?
- Ammajo-ey...
- Sarvqomat bo'lib ko'ringin, deyman-da, yigitning bo'yi biru yetmish ekan...
- Nima, uchrashuvga chiqishdan avval bo'yini qarichlashibdimi? - ammaning qaynonasi bir "nishi"ni suqib oldi.

Ammo uncha muncha gapni yonidan o'tkazib yuboradigan amma qaynonasining kesatig'idagi zaharni bilib, bilmaganga oldi.
- Qarichlasa, qarichlashgandir. Hozir nafaqat bo'yi, qiziqishi, burji - hamma-hammasi so'rab-surishtirilyapti, - dedi ammasi ingichka qoshlarini uchirib. So'ng poshnasi baland tuflini kiyib chiqqan Gulsanamga so'z qotdi:
- Ana, endi binoyiday qiz bo'lding. "Ichimdagini top" bo'lib yerga qarab o'tiraverma, dadil-dadil gapir.

Qaynona yana gapga aralashdi:
- Tuppa-tuzuk qizni yo'ldan urasiz-a, kelinposhsha! Tilsizning tilini qayraysiz. Nima qiladi dadil bo'lib? O'zi Gulsanamsiz ham dadil qizlar urug'lab, shoxlab, yaproqlab ketgan... Mo'mingina bo'l, bolam. Aqlli yigit bo'lsa, "Menga xotin, bolalarimga ona bo'ladigan ayol kerak", desa, shunaqa fe'l-atvorli qizni tanlaydi.
- Guli, xotinlarning oldidan chiqib ketish kichkina odamning majlisdan chiqib ketishidan ham qiyinroq. Yur tezroq, kal taraguncha to'y tarqabdi, deganlariday sen borguncha kuyovto'ra ketib qolmasin!

Ammasining o'g'li Samad shu tarzda gapira-gapira Gulsanamni mashinaga boshladi. Amma ham, qaynonasi ham yuziga fotiha tortdi. Xuddi Gulsanamning mashinaga chiqishini kutib turgandek ertalabdab buyon goh u yoq, goh bu yoqqa o'tib yurgan uyur-uyur bulutlar tomchilay boshladi. Samad mashinasining oynayuvgichini harakatga keltirdi.
- Guli, qo'rqyapsanmi? Qo'rqma, sinfdoshim yoki guruhdoshim bilan uchrashib qoldim, deb o'yla. O'zingni erkin tut, hayajonlanma. Sovuqqon bo'lsang, es-hushingni yo'qotmaysan, hushyor turasan, - Samad ko'zlarini bir nuqtaga tikib jim ketayotgan qarindoshiga maslahat bergan bo'ldi.

Hayajonlanmay bo'ladimi? Axir bu ilk uchrashuvga chiqishi-ku. Gulsanamning tengdoshlari bunday uchrashuvni "Shunchaki repetisiya" deb atashadi. Yo'q, Gulsanam ularga o'xshab: "Menga mana buncha sovchi keldi. Buncha uchrashuvga chiqdim, bunchasi menga yoqdi, bunchasi yoqmadi", - demoqchi emas.
- Guli, nimaga buncha ma'yus bo'lib qolding? Yo ichingda boshqa niyating bormi? Yashirmay aytaver, akangman-ku men...
- Nega unaqa deysiz, Samad aka? Mening sizdan va ammamdan boshqa kimim bor?! - Gulsanamning ko'zlariga yosh halqalandi. - Shuncha o'qiganim, olti yoshdan yigirma yoshgacha sizlarga yuk bo'lganim yetar. Haliyam yaxshisizlar, haliyam hech kim: "Sen peshonasi yarqiragan qiz bo'lganingda dadang o'lib, onang boshqa erga tegib ketarmidi? Sening kuning ammangga qolarmidi?" demadi.

Shikasta ovozning so'ngi yig'iga aylana boshladi.
- Ana, xolos! Uchrashuvga ko'zingni qizartirib chiqishing qolgandi endi. "Bu qiz o'zi chiqishni xohlamagan ekan-ku, Samad majburlab olib kelibdi", deyishmaydimi? Qani, oynachangni olib, o'zingga qara-chi. Qani, jilmay, ana shunday! - Samad ortiga o'girilib, Gulsanamning burnini chimchilab qo'ydi.

Gulsanam uzun tasma bilan yelkasiga osib olgan sumkachasidan qoshiqdek ko'zgu chiqarib, sochlarini to'g'irlagan, ko'z atroflarini artgandek bo'ldi.
- Mana, aytilgan joyga ham yetib keldik. Kayfiyatni ko'taramiz, bir, ikki, uch... - dedi Samad hazillashib.
- Odatlaringiz bo'yicha meni uchrashuvga kelinoyilar olib chiqishi kerak edi, - dedi Gulsanam. Unda Samadning gaplari ta'siridanmi yo o'zi shuni xohladimi, kayfiyatni ko'tarishga moyillik sezila boshlagan edi.
- Voy, puchuqvoy-ey, hozir zamon boshqacha. Olam o'zgaryapti, unga qo'shilib biz ham o'zgaryapmiz. Agar shu o'zgarishlar bo'lmaganda, izimda yurgan ming oshiqlarimning bittasiga kennoyilik libosini kiydirib, senga ergashtirib yuborardim, - Samad gapni hazil ohangida boshladi-da, birdan jiddiy tortdi. - Yigit ancha o'zini tutib olgan, mustaqil ekan. "Men yolg'iz o'zim boraman, qiz ham yolg'iz kelsin", debdi. - Samadning gap ohangidan yigitning hozirdan shart qo'yayotgani unga u qadar ma'qul emasligi sezilib turardi. Lekin Gulsanam birov tugul qarindoshining gap ohangidan ham ayni paytda biror mazmun anglaydigan ahvolda emasdi. Titroq oyoqlarigacha yetib borgan, bir haftalab och qolgan yoki bahorning "ilik uzildi" kunlarini boshidan kechirayotgan bemordek darmonsizlana boshlagan edi.
- Ketging kelsa, gudok tashlab qo'y. Darrov yetib kelaman, - dedi Samad. - Kuyovni payg'ambarlar siylagan, deyishadi. Meni ko'rmay qo'ya qolsin. Hozirdan gapini ikki qilmay turaylik. Qiz bergan aybdor, degan gap bor bizda.

Gulsanam mashina motorining shovqinida Samadning so'nggi gaplarini eshitmadi ham. Yuziga muzdek yomg'ir tomchilari tekkach, shoshib soyabonini ochdi.

"E, Xudo, bunchalar qiyin ekan bu uchrashuv deganlari. Kim o'ylab chiqargan ekan? Umringda ko'rmagan yigit bilan uchrashish qanaqa bo'lar ekan? Nima deysan unga?" Gulsanamning lablari qovjirab, tili tanglayiga yopishib qolgandek edi. Yuragining gursillashi o'ziga ham eshitila boshladi.
- Siz Gulsanammisiz?

O'ktam ovozdan Gulsanam bir cho'chib tushdi. Titrog'i o'n, yigirma baravar kuchaydi. Tili kalimaga kelmas, "Nima deyishim kerak edi? Ha, siz Abbos aka siz-a, deyishim kerakmidi? Yo'q, avval salom berishim kerak edi, shekilli", deya o'ylardi shoshilib.
- Assalomu alaykum, - dedi so'ng eshitilar-eshitilmas. Yigit qo'lini uzatdi. Gulsanam bunday bo'lishini kutmagandi, birpas angrayib turdi-da, u ham yigitga qo'lini uzatdi. Yigitning baquvvat qo'llari ichida nozik qo'lchalari yo'qolib qolgandek bo'ldi. "Buncha sovuq ekan" degan o'y o'tdi xayolidan. "Ismiyam Abbos... Qandaydir yomon bir xotira bilan bog'liqday bu ism. Nega avval o'ylamagan ekanman..."
- Uchrashuv uchun tanlagan kunni qarang. Doim oftob charaqlab yotardi. Yomg'irning quyishini ko'rmaysizmi? Xuddi birov osmondan chelaklab ag'darayotganga o'xshaydi. Qayerga boramiz endi? Bunaqa havoda soyabon ostidan ishonchliroq joy yo'qqa o'xshaydi...

Gulsanam endigina yigitning gaplarini sal-pal ilg'ay boshladi. "Birinchi uchrashuv uchun boshqa gap yo'qmikin? Buncha nolimasa! Yo'g'-ey, nega darrov bunaqa deyapman o'zi? Ammam "Gulijon, uchrashgan odamingdan, eng avvalo, fazilat topishga harakat qil! Nuqsonsiz odamning o'zi yo'q", degan edi-ku. Lekin hozir bu yigitning gapiga nima javob qilsam, to'g'ri bo'lar ekan".

Gulsanamning ajib bir andisha ichida goh qizarib, goh oqarib indamay turaverishi yigitni ajablantirdi, shekilli:
- Nima, avvalgi uchrashuvlarda: "Ko'p gapiradigan qiz ekan", deb sizni xohlashmagan edimi yoki uyingizdagilar: "Kamgap bo'lsang, reytinging ko'tariladi", deb jo'natishganmidi? - dedi. Gulsanam yigitning bu gapidan avval nimadir demoqni o'ylayotgan edi. Ha, "Barcha kunlar Xudoning kuni-da", demoqchi edi, shekilli, endi esa hech narsa aytolmadi...

* * *

Gulsanam ilk uchrashuv taassurotlarining mingdan birini ham oilasidagilarga gapirmadi.
- Nega qorachig'ingda bir tomchi yosh yarqirab turibdi? O'sha yigit seni xafa qildimi? Bir og'iz bir narsa de, agar seni xafa qilgan bo'lsa, - dedi Samad Gulsanamni uchrashuvdan olib kelayotib yolg'ondakam po'pisa bilan mushtini do'laytirarkan.
- Yo'g'-ey! O'zim shunday. Juda g'alati bo'larkan, - dedi Gulsanam.

- Xo'sh, gapir, sen nima deding, u nima dedi? - deya savolga tutgan ammasini ham qanoatlantiradigan biror jo'yali gap aytmadi. Qiyg'ich qarash qilgan ammasining qaynonasiga-ku, umuman, indamadi. Lekin ko'nglida: "Mayli-da, baland-past gapirib, kafega olib kirdi. Bir piyola choyga taklif qildi. Yuz-ko'zlarimda nigohining izi qoldi. Muzday qo'llari kaftimga bir lahza tekkan bo'lsa-da, baribir, tegdi-ku. Endi meni kechagi kungiday oppoq qog'ozdagi qand emasman. Shuning uchun agar o'sha yigit tarafdan "ha" degan bir ishora bo'lsa, men bosh chayqab, oyoq tirab o'tirmayman. Peshona ekan-da, deb rozilik beraveraman", - Gulsanam ortiqcha ikkilanib o'tirmasdan shu qarorga kelgan edi. Ammo yigit taraf: "Biz maslahatlashib, o'zimiz qo'ng'iroq qilamiz", deganicha jim bo'lib ketdi.

Gulsanamning parishonxotir bo'lib qolganini ko'rgan ammasi:
- Hadeb nosqovog'ini yo'qotgan devonadek xayol suraverma. Qiz bolani o'nta uydan so'rab keladi, bittasi oladi. Bu hali boshlanishi. Yo o'sha Abbos degani jigaringdan ura qoldimi? - dedi.
- Yo'g'-ey, nega unaqa deysiz?

"U bilan kafeda ro'parama-ro'para o'tirdik, xolos. U ko'zimga qarab gapirdi, qo'limni ushlab salomlashdi", demoqchi edi, deya olmadi, tomog'iga nimadir tiqilgandek bo'ldi.
- Qo'yaver, oq-sariqdan kelgan, ko'zlari ko'k bola ekan. Bir jurnalda o'qigandim: "Ko'k ko'zli odamlar xiyonatga moyil bo'ladi", deb. Uning ustiga, yigit kishining oppoqligi ham uncha yaxshimas. Qorachadan kelgan, yuzida chandiq-pandig'i bo'lsa yanayam yaxshi, - dedi oradan bir-ikki kun o'tgach ammasi yigit tarafdan biror yorug'lik chiqmasligiga ko'zi yetib. Gulsanam ammasining bu gapini ham indamay eshitdi. Lekin ichida bir ovoz: "Axir u bilan qo'l ushlashib, salomlashdim, ro'paramda ko'zimga qarab o'tirdi", deya isyon qilardi...

* * *

- Voy, ko'nglimning ko'chasi-ey! "Yetim qiz ekan, buning ustiga, onasi buni ammasiga tashlab, boshqaga erga tegib ketgan ekan. Tuzuk ayol bolasini tashlab ketarmidi? Buyam hozir muloyimgina ko'ringani bilan erta-indin qon tortsa-chi", debdi onasi. Yigit o'lgur ham: "Siz nima desangiz shu", deb turganmish. Bunaqa onasining erkatoylaridan yaxshi er chiqmaydi. Sen bo'lmasang, boshqasi, degan mashoyixlar...

Ammasi bu gapni ham shunchaki xabarday aytdi, lekin bu gapning har tovushi Gulsanamning yuragiga toshdek tegdi...

"Endi nima qilaman? Axir u kafeda ro'paramda..." - Gulsanam iztirob bilan o'ylardi. Ammasi: "Bu katta shahar. Birov birovga kafillik berib, uchrashtirib, so'ng turmushga chiqadi. Bitta uchrashuv bilan hech kim yomonotliq bo'lib qolmaydi", - deya takrorlasa ham, bu odatga aylanib ulgurgan narsa o'zining pokiza qalbi, beg'ubor hissiyotlari, hatto mehr to'la nigohlarini ham bitta, faqat bitta odamga aytmoqchi bo'lgan Gulsanamning onasiga sig'masdi.

"Balki, onam dadamdan so'ng boshqa birovga tegib ketgani uchun yillar davomida bu oilada ko'ngli kamlik bilan yashaganim uchun shundaydirman. Axir hamma qiz nechtalab uchrashuvga chiqadi-ku" - Gulsanam shu gaplar bilan o'zini iztirobdan olib chiqib ketmoqchi bo'lar, lekin ichidagi o'sha ovoz halaqit berardi.

* * *

- Gulijon, tez bo'l, kiyimlaringni kiy. Sovchilar: "Qiz bilan yigit bir-birini ko'rishsin, yoqtirsa, keyin bordi-keldini boshlayveramiz", deyishibdi. Cho'zib nima qildik, bo'ladigan ishning bo'lgani yaxshi, deb uchrashuvni bugun kechqurunga belgilab yubordim, - bu safargi uchrashuvga ham ammasi odatdagidek hovliqar edi. Birinchi uchrashuv, birinchi rad etilishdan ikki oy vaqt o'tgach Gulsanam ichidagi ovozni bosiqlik bilan yenggan edi. Ba'zan o'sha ovoz: "Sening yuz-ko'zlaringda bir yigit nigohining izi bor, qo'lingda qo'lining", deya shivirladi. Ammo bu shivirlashendi Gulsanamni iztirobga solmas, avvalgidek o'rtamas edi... Shuning uchun ammasi aytgan vaqtga yaqin qolganda kiyindi, pardoz qildi. Bu gal Samad eltib qo'ymadi, ammasi ergashtirib chiqdi. Kuyovning xohishi shu ekan.

Belgilangan joyga ketar ekan, tizzalari darmonsizlanmadi, tili tanglayiga yopishgudek hayajonlanmadi. Ammasining o'gitlarini jim eshitdi.
- Bor, bora qol, gulim. Alloh peshonangni ochsin.

Ammasi duo qilib yigit turgan majnuntol tagiga kuzatar ekan, Gulsanamning yodiga butunlay boshqa bir voqea keldi. Bugun avtobusda ishga ketayotib, bir yigit bilan xiringlashib ketayotgan qizning qilig'iga chidolmagan o'rta yoshli ayol:
- Tavba, yoshgina ekan-ku, qachon beti ochilib ulgurdi ekan? - degan edi.

Hozir oyoqlarini poyma-poy emas, bir tekis tashlab, hayron qolarli darajada sovuqqonlik bilan yigit tarafga borar ekan, qayerdandir o'sh ayolning ovozi kelgandek bo'ldi. Bu ovoz ichida ilk uchrashgan yigiti - Abbosning ismi nega noxush taassurot qoldirganini ham birdan aniq esiga keldi. Hatto bu voqeani qaysi asarda o'qigani ham yodiga tushdi. Shu bois o'sha yigitga, aslida, o'zining yuragi ochilmagan ekan. Bu yigitga Xudo xohlasa, ko'ngli moyil bo'ladi. Albatta, shunday bo'ladi!

Qutlibeka Rahimboyeva
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar

  • - sitora

    ill uchrashuvga chiqishda baribur kim bo'lsa ham hayajonlanadi. yaxshi yozilgan voqea ekan.