"Seni juda yaxshi ko'raman."

Qor zarralaridan o'zimni pana qilishga urinarkanman, bekatda qalin kiyinganiga qaramasdan yuzi qizarib, boshini yelkalari orasiga olgancha dir-dirlab turgan qizga ko'zim tushdi. Negadir e'tiborimni tortdi u. Shu payt avtobusim keldi-yu, chiqishga shoshilayotgan yo'lovchilar orasiga o'zimni urdim. O'rta eshikdan chiqqach, bekatga nazar tashladim. Lekin qiz ko'rinmasdi. qayerga ketganini anglolmay qoldim.
- Yo'l haqini tayyorlab turinglar. Aka, sizda nima ekan?

Diqqatimni chalg'itgan chiptachiga norozi bo'lib tikildim-da, yo'l haqini uzatdim. Shu payt oldingi eshik oldida men uchun hamon sirligicha qolayotgan qizning tutqichni mahkam ushlab turganini ko'rib, quvonib ketdim. O'ziga sezdirmasdan kuzata boshladim. U o'ziga-o'zi pichirlar, dam kulib, dam xomush tortib qolardi. Aqli nosiqroqmikin deb o'yladim, lekin yonidagi keksaroq kishiga halal bermaslikka urinayotgani va kishiga ma'noli boqishi o'ylarimni chippakka chiqardi. Harakatlari uning aqlan sog'lom ekanini isbotlardi. Ammo...

Ko'zlarim unda-yu, miyam u haqidagi o'ylar bilan andarmon edi. Shu lahzada nigohlarimiz to'qnashdi. Uzun kipriklarining ortiga yashiringan shahlo ko'zlar hozir yig'lab yuboradigandek, kimdandir qattiq arazlagandek. Tikilib turganimni sezdi, shekilli, menga ajablanib qaradi. So'ng nigohlarini olib qochdi. Tag'in sovuq yuzini muz bilan o'ragan oynadan tashqariga boqdi. Ikki bekatni ham ortda qoldirdik. Mening manzilim-ku allaqachon ortda qolgan, faqat qiz bilan tanishish ilinjida kuzatib borardim. Nihoyat bekatiga keldi, shekilli, old eshikka yaqinlashdi, men ham ketidan tushishga hozirlandim. U avtobusdan tushdi-da, katta yo'ldan o'nnga qayrildi. Men ham ortidan ergashdim. Atigi bir-ikki qadam ortda borarkanman, gapirishga chog'lansam-da, lekin tilim aylanmasdi. Axiyri hozir gapirmasam, keyin bunday imkoniyat bo'lmasligini o'ylab, o'zimda jur'at topdim.
- Kechirasiz, o'qishdan qaytyapsizmi? - dedim nima deyishni bilmay.

Qiz ortiga o'girilib, menga hayrat aralash tikildi. So'ng hech narsa demay qadamini tezlatdi.
- Men to'g'ri ma'noda... - dedim-u, gapimni davom ettirolmay dovdirab qoldim. Qiz tag'in menga qaradi. Nimadir demoqqa og'iz juftladi-yu, ammo qo'l siltab, yo'lida davom etdi.

Izidan borishni ham, ortimga qaytishni ham bilmasdim. Qiz esa yo'l chetidagi ko'p qavatli uylarning biriga kirib ketdi. U bilan tanishish oson bo'lmasligini oldindan bilsam-da, bunchalik chorasiz qolaman, deb o'ylamagandim.

Har safar tanishuvim shunday omadsiz yakunlanaverdi. Bu borada unga o'rganib qolayotganimni sezmabman, nega ko'rgim kelaverishini, oyoqlarim o'z-o'zidan u tomon eltishini o'ylab ham ko'rmabman.

Endi ortidan ergashish befoydaligini bilib, unga xat yozdim. Ammo uni qanday qilib berish muammo edi menga. Biroq buning ham chorasini topdim.
- Agar mana bu xatni huv anavi qizga olib borib bersang, - dedim ko'cha boshida o'ynab o'tirgan yoshgina bolaga uyiga ketayotgan qizni ko'rsatib, - muzqaymoq olib beraman.

Bolakayning ko'zlari chaqnab, xatni qo'limdan yulqib oldi-da, chopqillagancha qizga eltib berdi. Qiz xatni olarkan, nigohlarini menga qadadi (bolakay xatni men berganimni aytgan bo'lsa kerak). Keyin qog'ozni cho'ntagiga solib, uyiga kirib ketdi.

Shundan so'ng o'qishdan bir vaqtda qaytadigan (agar qo'shimcha darslar qo'yilsa, kirmasdim) bo'ldim. Qiz ham bekatda avtobus kutib turgan bo'lardi. Baxtimga uyiga birgina avtobus qatnar, ortidan kuzatayotganim unga yoqmagan taqdirda ham, baribir, yo'llarimiz tutashardi. Javobsiz qolaversa-da, xat yozishdan to'xtamadim. Uning ko'chasida men qizga xatimni olib borib berishni iltimos qilmagan bolalar ham qolmadi. Bora-bora u taraflarda otning qashqasidek tanilib qoldim.

Bir safar uni kuzatib qaytayotganimda bir bola qo'limga qog'oz tutqazib ketdi. Ajablanib qoldim. Qog'ozdagi yozuvlarni o'qishga tutindim.

"Bugun ham ortimdan kelishingizni bilgandim. Shu bois ko'nglimdagilarni yozishga qaror qildim. Iltimos, meni tinch qo'ying. Anchadan beri izimdan yurasiz. O'zingizga aytmoqchi edim, uyaldim. Shuning uchun xat yozdim. Men kimningdir kuchli muhabbatiga arziydigan qiz emasman. Ishonchim komil, agar siz ham aslida, qanaqaligimni bilsangiz, bir zumda unutasiz. Boshqa ortimdan kuzatmang. O'z tengingizni toping".

Barmoqlarim titray boshladi. "Nega unutaman, axir tuppa-tuzuk qiz-ku! "Qanaqaligimni bilsangiz" deganmi? Foxishamikin, yo'g-e, sira unaqaga o'xshamaydi". Turli gumonlar miyamni kemirardi. Qachon yozgan bu xatni? Axir uni bekatdan shu yergacha kuzatib keldim. Haligi bolaga xat berganini ham ko'rmadim-ku! Balki uyiga qayrilib ketganidan so'ng bergandir. "Uyaldim" degani negadir menga yoqdi. "Xayoli qiz ekan-da", deb o'yladim. Aynan shu xulosam qat'iy qarorga kelishimga turtki bo'ldi. Unga bo'lgan qiziqishimni, mehrimni yanada orttirdi. Ichimda qandaydir tuyg'u g'alayon qilayotgandi.

* * *

Ertasi kuni ham odatdagidek avtobusdan tushib, unga ergashdim.
- Kechirasiz, maylimi gaplashib olsak, - u lom-mim demadi. - Xatingizni o'qidim, lekin yozganlaringizni umuman tushunmadim. Nega unday dedingiz, nega unutarkanman sizni?

Ammo u savollarimni javobsiz qoldirar, hatto qaramasdi ham. Qizning bilagidan shartta ushlab, o'zimga qaratdim.
- Yetar. Shuncha izingizdan yurdim, siz bo'lsa na gapridingiz, na e'tibor berdingiz. Siz bilan tanishmoqchiman, niyatim jiddiy. Ilk bor bekatda ko'rganimdayoq yoqtirib qolganman.

Qiz ko'zlarini yerga tikkancha jim tinglardi. Balki, biror nima der, deya gapirishdan to'xtadim. Qizning shahlo ko'zlariga tikilarkanman, ismini bilmasligim yodimga tushdi.
- Ismingiz nima?
- M-menga q-qarang... - dedi savolimni e'tiborsiz qoldirib, - o'sha p-payt aytdim-ku s-sizga t-tinch qo'ying deb.

Qizning tutilib gaprishini hayajonlanayotganga yo'ydim.
- Qo'rqmang, - dedim bilagidan qo'limni olib, - yomonligim yo'q. Bemalol gapiravering.

U boshini ilkis ko'tarib, shunaqangi tikildiki, seskanib ketdim. Mijjalari to'la yosh, ko'zlarining tub-tubida mislsiz dard muhrlangandek edi.
- Gapirishim sh-shunaqa, tut-tutilib gapiraman.

Boshimga birov gurzi bilan tushirgandek bo'ldi. Xatini o'qiganimda qizning qandaydir kamchiligi borligini o'ylagandim-u, bu narsa yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Bir vaqtning o'zida turli xil xayollar miyamni chirmab oldi. "Oyim ko'narmikin? Keyin qanday yashayman? E, yo'q, bunday qilolmayman. Lekin..." O'ylar girdobidan qutulganimda qiz allaqachon ketib bo'lgandi.

* * *

Kechqurun bilan dam u yog'imga ag'darildim, dam bu yog'imga. Bir to'xtamga kelolmasdim. Ikki o't orasida qolishdan yomoni yo'q ekan. Aqlim "U bilan qanday yashaysan, onang nima deydi, farzandlaring ham shunday nuqson bilan tug'ilsa-chi", deya savollarga ko'mib tashlar, yuragim esa "U ham odam, shunday bo'lib tug'ilganiga aybdor emas, bu Yaratganning irodasi. Muhimi, aqlli, chiroyli, bunga o'zing ham guvoh bo'lding-ku! Agar hozir tashlab ketsang, uning qalbini chilparchin qilgan bo'lasan", derdi. Boshi berk ko'chaga kirib qolgandek edim. Ko'rpani boshimga tortib, uxlashga, bu girdobdan qutulishga urindim. Afsauski, ko'zimni yumdim deguncha o'sha qiz xayolimga kelaverardi.

* * *

Go'shakni o'chirganim zahoti yana o'ylar ummoniga g'arq bo'ldim. Ichimdagi kurash borgan sari alangalanar, aqlim ham, yuragim ham bo'ysungisi kelmasdi. "Bunga hech kim ko'nmaydi, ayniqsa, oyim umuman rozi bo'lmaydi. Uni unutishim kerak". Axiyri shunga qaror qildim. Yuz-qo'limni yuvib, nonushta qildim-da, o'qishga otlandim. Universitet darvozasidan kirayotganimda o'sha qizni ko'rib qoldim. Ana, sochlarini shamolda hilpiratib, qayergadir shoshib ketyapti. Beixtiyor ortidan yugurib, yo'lini to'sdim. Afsuski, qarshimda begona qiz turardi.
- Sizga nima kerak? - dedi u jahl aralash.

Indamay izimga qaytdim. Ayni damda uni boshqa qiz bilan adashtirdimmi yo shunchaki ko'zimga ko'rindimi, idrok qilolmasdim. Qo'ng'iroq ovozini eshitib, darsga kirdim. "Nima qilayotgan ekan-a?! Boya uni chindan ko'rgandim-ku! Ko'zimga ko'ringan bo'lishi... Aqldan ozdimmikin?!" deya turli xayollar to'fonidan qutulolmasdim. Nigohlari ko'z o'ngimdan ketmasdi. Ko'zlari juda chiroyli edi-da o'ziyam.
- Abdiyev, senga gapiryapman!

Ustozimning baqirig'i o'ylarimni quvib yubordi. Qarasam, hammaning ko'zi menda, ustozim tepamda o'qrayib turibdi.
- Uzr, - dedim ko'zlarimni ustozning o'tkir nigohlaridan olib qochib.
- Chiqib ket!
- Lekin...

Ustoz izohlashimga ham imkon qoldirmadi.
- Chiqib ket, dedim senga!

Xarakterini bilganim uchun ustozga ortiqcha e'tiroz bildirmadim. Bir so'z demasdan chiqib ketdim. Qancha yurganimni bilmayman. Bir mahal yo'l chetida qunishibgina o'tirgan qalbim o'g'risiga ko'zim tushdi. Balkim bu safar ham adashtirayotgandirman, degan o'yda yaxshilab tikildim. Yo'q, yanglishmabman. Lekin bu yerda nima qilyapti? Atrofimga razm solarkanman, qator o'rindiqlarni ko'rdim. E, ha, men uchun qadrdon bo'lib qolgan bekatga kelib qolibman-ku! Shu lahzada ichimda nimadir portladi. Yurak urushim tezlashib ketdi. Eng muhimi, meni ancha paytdan beri qiynayotgan kurash intihosiga yetgandi. Usiz yasholmasligimni angladim. Shu lahzalarda "Seni juda yaxshi ko'raman!" deb baqirgim kelardi. Sira tinchlik bermayotgan dil izhorimni aytish ilinjida unga yaqinlasha boshladim...

Nizomjon
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar