Muhabbatning tashrifi bahor...

"Hamma ishonsa ham, men bu gaplarga ishonmasdim... Erim dom-daraksiz yo'qolgan bo'lsa-da, uni Suriyadagi jangarilar safida tasavvur qilolmayman. Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas. U meni, bizni sevadi, yuragida muhabbati bor inson esa haq yo'ldan adashmaydi..."

Qo'limdagi maktub ayni shunday so'zlar bilan boshlagandi. Mushtariylarimizdan kelgan bundan avvalgi murojatlarni o'qib, bosh muharririmizga sharhlaganimdagi kayfiyat meni butkul tark etdi. Xonanda Sharof Muqimov bilan gaplasha olmaganidan xafa muxlis qizning nolalaridan ham, nashrimizga shon-sharaflar yog'dirib, so'ngra "Savolim, albatta, aliment haqida" degan jumladan ham endi hayratlanmasdim.

"Bugun boshimdan va yuragimdan kechirganlarimni "So'g'diyona"ga yozib yuborgim keldi. Ko'nglimdagilarni to'kib solish vaqti etdi, nazarimda.

Ikki farzandning onasiman. Turmush o'rtog'im bilan deyarli tengdoshmiz. U bolalikdan sho'x, biroz to'poriroq ham edi.
- Muhabbat, shu tantiq bola sendek og'ir-bosiq qizni yaxshi ko'rishiga hammamiz hayron qolamiz-da.
- Ikkingiz ikki dunyosizlar-a. U yerga ursang, ko'kka sapchiydi. Sen esa dunyoni suv bossa, to'pig'iga chiqmaydigan qizsan!
- Endi o'qishga kirdi, seni ham tinch qo'yar, mundoq yengil nafas oladigan bo'lding, dugonajon. O'zing ham uni jiningdan battar yomon ko'rasan chog'i.
- Voy, qizlar, kecha opam dugonasini ovutib o'tirganini eshitib qoldim. "Yomon ko'rganing oldingga keladi, deb aytishadi", dedi. Muhab, sen ham ko'pam Begzodni yomon ko'raverma...

Dugonalarim biri olib-biri qo'yib, menga nasihat o'qishayotganida ko'nglimga qil ham sig'masdi. O'qishdan yiqilganim alam qilayotganda bularning aytayotgan gaplari jig'imga tegardi. Qancha tayyorlandim, qancha o'qidim?! Ana, yil davomida aniq fanlardan tayyorlangan Zilola o'z-o'zidan tibbiyot yo'nalishiga, tag'in davlat granti asosida kirib o'tirsa... Dugonalarim esa o'zlaricha o`qishdan yiqilganim uchun meni ovutishgani kelishgan-u, Begzod haqida safsata sotish bilan ovora.
- Men nima darddaman-u, bularning topib olgan gapini, deb o'tiribsan-a ichingda? Buncha tumshaymasang? O'qishdan yiqilibsan, bechora, hamdardmiz, desak, uvillab yig'lab yuborsang kerak. Ko'nglingni ko'taraylik deb, Bek haqida gapirib o'tiribmiz-da, - rangim ochilavermaganidan keyin Xurshida o'zlarini oqlash uchun yanada ovozini ko'tarib gapirdi.

Men esa miq etmadim. Qaytanga, yig'lab yuborsam bo'ladimi.

Endi dugonalarim ham og'ziga tolqon solib olishdi. Bilishayaptiki, meni ovutish uchun aytayotgan so'zlari qulog'imga kirmayapti... Yarim soatlar ora-sirada bir-biriga pichir-pichir qilib o'tirishdi-da, hartugul sekin o'rinlaridan qo'zg'alishdi. Kechga tomon dadam ishdan qaytishi bilan motamsaro qismatim ustidan hukm chiqardi.
- Yig'i-sig'i qilib yurganingdan nima naf? Ish gaplashib qo'ydim. Qo`lingda diploming bo'lsa, hamshiralik qilaverasan. O'qishga ham tayyorlanasan.

Avvaliga ro'yxushlik bermagan bo'lsam-da, dadamning gapi uyimizda qonunligi uchun bir hafta o'tar-o'tmay ishga tushib ketdim. Dardim biroz unutilayotganda esa qo'shni yigitdan sovchi keldi.
- Doim ko'z oldimizda bo'ladi. Said ham yaxshi yigit. O'qitishlari ham mumkin.

Bu so'zlar rozilik alomati edi. Oshkora yig'i-sig'i, isyon qilishga uyalardim. Menga "ha" yoki "yo'q" deya javob beradigan savol ham berishmadi - non sindirib qo'ya qolishdi.

O'sha kun ham tong doimgidek otdi. Maydalab yog'adigan yomg'ir ham, gupillagan qor ham yo'q edi. Biror esda qolarli alomatlardan xoli shunday kunda hayotimning o'zgarib ketishi xayolimning uchiga ham kelmay uyg'ondim. Ishga otlanarkanman, kelinoyim gapi borligini aytdi. Bugun bo'lajak kuyov bilan uchrashar ekanman. Necha yillardan beri yonma-yon yashaydigan yigit bilan uchrashishim nega kerakligini tushunib-tushunmay shoshib uydan chiqdim.

Ishxonaga borsam, kadrlar bo'limi boshlig'ining avzoyi buzuq. Hamshira qizlarning aytishicha, turmushga chiqayotganimdan xafa emish. Xuddi o'zim xursanddek?! To'yga to'yyona yig'ish, keyin tug'ruq ta'tiliga chiqish kabilar unga ortiqcha tashvish ekan. Uning xafaqonligini ham, nega tashvish orttirayotganimni ham tushunmay, oq xalatimni kiyib ishga kirishdim.

Kun davomida Saidni xayolimda tasavvur qilishga urinib ko'rdim. Devormiyon qo'shni yigitning negadir yuzini aniq-tiniq eslay olmadim. Garchi to sovchi jo'natguncha kuniga necha martalab yuzma-yuz to'qnash kelgan bo'lsak-da...

Ish vaqtim tugaganiga qaramay, u xonadan-bu xonaga o'tib, bemorlardan sizga hech narsa kerakmasmi deya ko'ngilli hamshira rolini o'ynab yurish o'zimga yoqayotgandi. Ammo birpasda qorong'u tushib qolishini o'ylab, taqdirga tan berdim.

Shifoxona hovlisiga chiqarkanman, kimdir meni kuzayotgandek yon-verimga alangladim. Kadrlar bo'limi boshlig'iga o'xshagan birov ko'rib qolsa, ertaga kichik axborotga ham zor yotgan bemorlar tilida doston bo'lishdan cho'chirdim-da.

Darvoza yaqinida gul ko'targan yigit ko'rinmaganidan ko'nglim taskin topdi. Balki ishida ushlanib qolgandir. Kim biladi, baxt kulib menga uylanish niyatidan qaytgan bo'lishi ham mumkin?! Afsuski, xomxayollarimning umri qisqa ekan. Yigirma metrlar yurmasimdan Said yonimda paydo bo'ldi. Gullari juda chiroyli ekan-u, baribir, ular menga quvonch bag'ishlay olmadi. Ishlarim haqidagi qator savollariga uzuq-yuluq javob berib ketayotganimizda kimdir ismimni aytib chaqirdi.
- Muhabbat!

Ovoz egasini taniy olmay ming xayolga borib, ortimga o'girildim. Bizdan ikki qadam orqada vajohatidan ot hurkadigan Begzod turardi.

Nimalar bo'layotganini tushungunimcha u Saidni chetga tortdi. Uch-to'rt daqiqa gaplashar-gaplashmas, mening yonimga keldi-da, "Uyingga boramiz", deya qat'iy gapirdi. Uning yo'limni to'sishlari, rashk qilishlaridan avvalari o'zimda yo'q xursand bo'lardim. Ammo bugun chinakamiga qo'rqdim. Tag'in unashtirilgan yigitim oldida.

Xullas, shu kuni poytaxtdan o'qishini tashlab uchib kelgan Begzod to'yni to'xtatdi. Said bizga baxt tilaganini eshitgan dadam ham noiloj Begzodning sovchilariga rozilik berdi. Oradan ikki yil o'tib to'yimiz bo'ldi".

Dom-daraksiz yo'qolgan er to'g'risidagi gaplar bilan boshlangan maktub oshiq yigitning muhabbati uchun kurashiga ulanib ketganidan kalavaning uchini yo'qotib qo'ymasin-da mushtariymiz, degan fikrga bordim. Shu payt tahririyatning raqamiga telegrammdan xabar keldi.

"Nevajno, nevajno" deb nom qo'yib olgan qizning savoliga diqqat qilmasam bo'lmasdi...

"Yigitim bilan urishib qoldim, iltimos, qanaq qib yarashsam bo'ladi, manga maslahatlariz juda zarur..."
Bor-yo'g'i shu gap. Odatda, bizga xabar yo'llaganlarning profillariga mo'ralayman. Harqalay ularning rasmlari sal bo'lsa-da murojaat egasi bilan tanishish imkonini beradi.

Elkalari ochiq qiz lablariga bo'yoq surtayapti. Tepasida quyidagi "ma'noli so'z"lar yozilgan:
"Sani xurmat qilaman lekn boysunmiman!
Sansiz hayot qizumas lekn yasholiman!
Uzr soriman lekn kechrmiman!
Qaytishini kutaman lekn kel dp yalinmiman!"

Chuqur uh tortsam-da, murojaat egasiga savolini batafsilroq yozib yuborishini aytdim. Axir vazifamiz har bir mushtariyga e'tibor qaratishni taqozo etadi. To "Nevajno. Nevajno" sevgi iztiroblarini g'ij-g'ij xatolar bilan yozib yuborguncha men Muhabbatning chiroyli husnixat bilan bitilgan xatini o'qishda davom etdim.

"Muhabbat avvalo insonning ruhini poklashiga, uni tarbiya etishiga Begzod misolida guvoh bo'ldim. U to'ygacha ijobiy tomonga o'zgardi. "Begzod olib qochib ketaman, deb qo'rqitgani tufayli unga tegayapsanmi?" deya achinish nigohi bilan qaragan dugonalarim esa chin dildan meni yupatishardi. Men esa ichimda kulib qo'ya qolardim.

To'yimizdan keyin qaynonamning amma-xolalarga aytayotgan gaplari qulog'imga chalinganda ham Begzodning qalbidagi muhabbat hali ko'p yaxshiliklarga qodirligiga yana bir bor amin bo'ldim.
- O'g'limga yaxshi ko'rgan qizini olib berib to'g'ri qilibman. Qarang, uyim-joyim deydigan, favqulodda mehribon yigitga aylandi.
- Qizg'anmayapsizmi o'zi? Kelin kelib, yakka-yolg'izingizni o'ziga og'dirib olganidan achchig'ingiz kelmayaptimi? - qaynonamning singlisi opasiga bu savolni berganida quloqlarim ding bo'lgani rost.
- Nega qizg'anaman? Axir bolamning baxtini ko'rib xursand o'tiribman, - mehridaryo oyimning javobining ta'sirida shu kuni mehmonlarga elib-yugurib xizmat etdim.

Hech yodimdan chiqmaydi. Qo'shnimizning katta iti bor. Bir kun shuning zanjiri uzilib ketibdi. Hovlini supurib yursam, bizning uy tomon chopib keldi. Qo'rqqanimdan devor yoniga tisarilib oldim. Baqirib yordamga chaqiray desam, unim chiqmaydi. Faqat qalt-qalt titrayman. It esa qo'rqanimni bilib tishlarini qayrab oldimdan jilmay turibdi. Hovli supurayotganimda yordam berish uchun chiqishga odatlangan turmush o'rtog'im itni ko'rdi-yu "Muhabbat, qo'rqma", deya men tomon yurdi. Jonivor zumda o'z hovlisiga qochdi. Begzod akam esa yonimga kelib, qo'llarimdan ushlab oldi.
- Hech narsa qilmadimi? Qo'rqma, yoningdaman... - u qo'llarim, yuzlarimni silar, bir bag'riga bosib, bir ko'zlarimga termulardi.
- Qo'shni boya uyiga chaqirdi, sening ko'zingga ko'rinishga qo'rqib o'tiribdikan kap-katta odam, - qaynonam tushga yaqin ko'chaga chiqib keldi-yu o'g'liga so'z qotdi.
- Nega? - hayron so'radi Begzod akam.
- Bir marta shu iti jo'jamizni yeb qo'yganida qanaqa kaltaklaganding jonivorni, esingdami?
- Ha... - erim nima uchundir xijolat tortdi, - Hozir ovqatlanib bo'lgach, bozorga borib, yangi zanjir olib kelaman, itini mahkam qilib bog'lab qo'ymasam bo'lmaydi...

O'g'li bozorga ketgach, oyim hol-ahvolimni yana bir bor so'radi.
- Begzod shunday yaxshi bo'lib qolganki, o'zim ham hayron qolayapman. Qarang, shu gal itning adabini berishnimas, sizni o'yladi, kelin. Odatda bunday vaziyatlarda uni to'xtatib bo'lmasdi, raqib tomonni yakson qilish uchun musht tugardi. Endi esa birov tugul, biror jonzotga ozor berishni istamaydi, - deya choy xo'pladi.

Umr yo'ldoshim sevgisini romantik syurprizlar, quchoq-quchoq gullar bilan isbotlashga urinmasdi. Qattiqroq shamoldan ham asrab mehribonchilik qilishi mehridan so'zlardi.

Ikkinchi farzandim tug'ilgach, Begzod akam xorijga ishlashga ketadigan bo'lib qoldi. Qo'shni mahalladagi o'rtog'i Rasul har kuni uyga kelaverib, oxiri birga borishga ko'ndirdi. Qaynonamning ko'ngli chopmagan bo'lsa-da, qaynotam "Erkak kishi musofirlikni ko'rsa, yanayam pishiq, irodali bo'ladi", deya rozilik berdi.
- O'zimning ham sizlarni tashlab ketgim kelmayapti. Lekin ko'rayapsan-ku, Rasul "Bir yilda millioner bo'lib ketamiz, sendek injenerlar kerak ekan", deya qo'ymayapti. Bir borib ko'ray, qiynalsanglar aytasizlar, darrov qaytaman.

Begzod akamni safarga kuzatgach, "Dadam qachon keladi, bugun kech bo'lganidami?", deya tinmaydigan bolalarning savollari bir tomon-u, qaynonamning har kuni "Yaxshimikan? Issiq kiyinib yuribdimikan? So'rang, kelin, qorni to'qmikan", deya so'rashlari bir tomon.

Bir oylar har kuni qo'ng'iroq qilib xabar olib turgan erim oxirgi ikki oy butkul yo'qolib qoldi. Rasulning uyidagilardan so'rasak, ular ham o'g'illarini topisha olmayotganlaridan tashvishda. Eng yomoni, uyimizga mahalla kattalari kelganida bo'ldi. Emishki, Begzod akam yonidagi odamlar bilan Turkiyaga ketibdi, u yerdan esa Suriyaga...
- Agar shu gap rost bo'lsa, unday o'g'lim... - qaynotam gapinining davomini ayta olmay devorga suyanib qoldi.
- O'g'limni qaysi iymonsiz yo'ldan urdiykan, u Vatanga xoinlik qiladigan odammasdi, - deya yig'lagan oyimning qon bosimi oshib ketdi.

Faqat mengina bu so'zlarga ishonmasdim. Begzod akam o'zi aytgan: "Inson kimnidir sevsa, hayotni sevadi. Vijdoni doim uyg'oq bo'ladi. Aytishadi-ku, "Ishq usturlobi Xudo".

Qaynotam qishlog'imizdan xorijda ishlaydiganlarning baridan o'g'li haqida surishtira boshladi. Afsuski, biror kishi Begzod akamdan xabar bermasdi. Buning ustiga, Rasul ham topila qolmasdi.
- Uni shu niyatlarda o'stirganmidim? Bolam irodasi bo'shlik qilib iymonsizlar tuzog'iga ilinib qolgan. Nahot endi bir umr qachon xabar chiqarkan, deb yashasam?
- Nega hech kim topolmayapti uni? Rasul ikkisi avvaldan bu ishni rejalashtirganmikan? Kelin, siz hech biror g'alati gapini eshitmaganmidingiz? - qaynotam menga savol nazari bilan tikildi.
- Yo'q, to'g'risi, bu gapga ishona olmayapman, - ularning oldida dodlab yig'lab yubormaslik uchun xonamga kirib ketdim.

Oxirgi qarorga kelishimga esa ko'p vaqt kerak bo'lmadi. Tinimsiz xabarlarim javobsiz qolayotgani, erimning telefoni ishlamayotgani, u haqda biror kimsa aniq gap ayta olmayotganiga qaramay men qat'iy ahd qildim.

Qaynota-qaynonamga "Ota-onamning xabarini tutib kelay", deya uydan chiqdim-u, ukam bilan to'g'ri aviakassaga bordim.

Chiptani olgach, uydagilarga muddaomni aytdim. Samolyotga chiqarkanmiz, o'zimda kuch bilan birga ishonchimning olovlanganini ham his qildim.

Erim menga xorijga yangi borgan paytlari turgan uy manzili to'g'risida gapirib bergandi. Hatto, ko'chalarini rasmga olib jo'natgandi ham. Ukam bilan o'sha manzilni topib bordik. Va asl haqiqatdan xabar topdik.

Erim va Rasul qabih kishilarning qo'liga tushib qolgan ekan. Ular erim ikkisini Suriyaga jangga otlanishga undashgan. Hatto, Turkiyaga uchish uchun chiptalar ham olib berishadi. Erim bilan Rasul esa aeroportga olib borishayotganlarida qochishadi-yu, ammo yuragiga yovuzlik urug'ini ekkan kimsalar ularni mashinada quvishadi. Begzod akam avtohalokatdan keyin ikki oydan buyon komada yotar, Rasul esa hech narsani eslay olmasdi. Men Begzod akamning haq yo'ldan adashmaganiga shukr qilib, ko'zda yosh bilan shifoxonaga kirarkanman, shifokorlarning jonlantirish bo'limi oldida chopib yurishganidan oyog'imning uchigacha muzlab ketdim. Erimning ism-familiyasini aytganimizda esa sochlariga oq oralagan shifokor menga qarab uzoq kutgan odamini ko'rgandek nigohlarini tikdi.
- Siz Muhabbatmisiz? U hozirgina hushiga keldi va ko'zlarini ochishi bilan "Muhabbat, keldingmi?" dedi.

Shifokorning ismimni buzib talaffuz qilgani ortidan erimning ovozini eshitgandek bo'ldim. Shosha-pisha egnimga xalat ilib muhabbatini kutib yotgan muhabbatim tomon otildim... Qulog'imga samimiy shifokorning o'z tilidagi aytgan so'zlari eshitildi. Men ham beixtiyor uning iborasini takrorladim.
- Muhabbatning tashrifi bahor...

Muxlisa qog'ozga ko'chirdi.
Manba: So'g'diyona gazetasi


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .
  • Fikr bildirilmagan