O'n yetti yoshli kelinchakni xo'rlagan er qismati

- O'n yetti yoshga kirganimda uydagilarning qistovi bilan turmushga chiqdim.  Yangi kelinchakligimda erimga tinimsiz qo'ng'iroqlar bo'lar, kech kelishu xiyonatlarning chegarasi ko'rinmasdi.

Qiynalgan oilaning qizi bo'lganim uchun ham ota uyimga qaytib borishga yuzim chidamadi. Dilim og'risa-da, ertayu kech erimga insof so'rab, duo qilishdan nariga o'tolmasdim. Oxiri pichoq borib suyakka qadaldi. Uning bema'ni qiliqlari kundan-kun avj ola boshladi. Farzandli bo'lganimizdan so'ng hatto ajralishni talab qildi. Uyimga keta olmasligimni, ota-onamga ortiqcha yuk bo'lishdan qo'rqishimni aytib, Xudoning zorini qilganlarim esimda… Qancha yig'lab-siqtamay u meni itni quvganday quvdi. Hatto ota-onasining ta'na-dashnomlariga ham e'tibor bermadi. Qo'limda go'dagim bilan zor-zor yig'lagancha uyga qaytdim. Oradan ikki yil o'tib, o'zim kabi turmushdan og'zi kuygan, lekin insofli, halol insonga turmushga chiqdim.

Mana, shuncha vaqt o'tib, meni haydagan, ko'nglimga ozor yetkazgan inson nochor ahvolga tushibdi. Ba'zan o'ylab qolaman, ehtimol, u meni xo'rlagani, dilimni og'ritgani uchun ham bugun nogiron bo'lib qolgandir. Kimsasiz, yolg'iz ekanini eshitib, bir tomondan unga rahmim keladi. Nachora, axir bu qismat!

Shaxina
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar