Vijdonimdagi satrlar

Esimda, birga o'sgan mahallamiz ko'chalarida, maktabimiz sinflarida, ko'chayu xiyobonlarda sen bilan tortishib, quvnoq yurgan kezlarimiz. Umrimning sarhisobini olsam, o'sha kezlar xayotimning eng nurafshon kunlari bo'lganday tuyulib ketadi. Yuragim o'rtanadi.

Afsusmi, sog'inchmi, qandaydir noma'lum hislar ta'sirida qolib ketaman. Biz yurgan o'sha maktab, o'sha ko'chalardan sening qadamlaringni izlaganday, parishon o'tib qolsam, boshim egiladi. Seni sog'inaman. Do'stligimizni qo'msayman. Eng yaqin dugonam eding axir. Yodingdami o'sha kunlar? Men doim asabingga tegish ishtiyoqida hazil qilaverardim: "O'sha oshig'ingga turmushga chiqsam, to'yimizga kelasanmi?" Xandon otib kulgancha qochsam, jahling chiqib, ortimdan quvlarding. Tavba, o'shanda farishtalar "omin" degan ekan-da. Sen jondan ortiq suygan, sevgingni aytolmay azoblangan yigitga men turmushga chiqdim va aynan o'sha ondan boshlab do'stligimiz poyoniga yetdi. Men senga o'zim xohlamay, biroq bilib turib xiyonat qildim. Meni hech qachon kechirmasliging, qilgan xiyonatimni hech narsa bilan oqlay olmasligim menga ayon. Biroq, shuni bilki, hamon yuragimning bir chekkasida og'riq yotadi. Bu - vijdon og'rig'i.

Roziya
Toshkent shahri
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .
  • Fikr bildirilmagan