Quyoshdan-da issiq mehr

G'amlarimga ham, quvonchu qayg'ularimga ham sherik mehribon onajonim! Bugun yana qo'limga qog'oz va qalam olib sizga atalgan dil izhorlarimni to'kishga tutindim. Onajon, hozir sizga aytgim kelayotgan gaplarni hech qachon yuzingizga aytolmasam kerak...

Bilaman, onajon, hayotim boshqalarniki kabi bir tekisda kechmas, taqdir meni turli sinovlar xumdonida obdan pishityapti. Shu qisqa hayotim davomida turli niqobdagi kishilarga ham duch kelyapman. Qandaydir manfaat ko'zlab yonimda yurgan odamlar hozir ham topiladi. Lekin, bilasizmi, onajon, hayotimda neki bo'lmasin, men hech qachon shunday taqdir egasi ekanimdan afsuslanmayman. Sizning yoningizda bo'lish uchun yo'qotganlarimga hech qachon achinmayman.

Onajon, quyoshdan-da issiq narsa nima ekanini bilasizmi? Eng yoqimli va eng to'kis baxt nima ekanini-chi? Istasangiz, o'zim aytmayman... Nafaqat men, balki har bir farzand uchun eng issiq narsa bu ona mehri... Eng yoqimli baxtni hamma insonlar qatori men ham issiq bag'ringizda ekanimda tuyaman. Hayot sinovlaridan horib ketgan chog'larimda meni oldinga intilishga kuch va iroda beradigan his ham aynan ana shu. Men uchun eng og'ir holat sizning ko'z yoshlaringizni ko'rish. Faqatgina shu narsani ko'rishga bardoshim yetmaydi.

Onajon, sizga bu gaplarni shunchaki aytayotganim yo'q. Bularning bari mening qalb kechinmalarim, yuragimning tub-tubidan otilib chiqayotgan dil izhorlarim. Xudodan so'raydiganim faqat bitta: baxtimga sog' bo'ling, mehribonim!

Mavluda
Buxoro shahri
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar