Barchasiga aybdor g'urur

Men toparman irodani lek,
Ko'rgim kelar sizni negadir...

Bugun shafqatsizlarcha o'z istaklarimga qarshi chiqdim. Garchi bu og'ir bo'lsa-da, sizga "Boshqa kelmang", dedim. Qancha dardu hasratim bo'lsa, barchasini yig'lab-yig'lab ichimga yutdim. O'sha gapni sizga aytishga aytdim-u, lekin har kuni yo'lingizga intizor bo'lib ko'z tikdim... Yana o'sha yo'lakdan o'tib ketyapmiz, lekin endi begonalardek. Ko'zlaringizga boqib: "Unutish shunchalik osonmi?" degim keladi. Siz esa: "Kulganimga ishonma, qalbim yum-yum yig'laydi", dedingiz.

Men go'zalligimda ham, kulgu nimaligini unutganimda ham meni birdek seva oluvchi "oppoq otli shahzoda"ni orzu qilardim. Garchi o'sha otda bo'lmasa-da, siz yonimga keldingiz. Ko'zim ko'zingizga tushganda yuragim hayajondan to'xtab qolgandek bo'lardi. Men ikki qalb bir-biriga talpinsa, yana nima kerak, deb o'ylardim. Afsuski, sevish-sevilish uchun ham jasorat kerak ekan. Orzular ro'yobi yo'lida hayot sinovlari borligini unutibman. Men qo'rqoqlik qilib, osongina bosh egdim... Balki, qachondir taqdir yo'llarimiz bog'lanar. O'sha kungacha siz bilan do'st bo'lib qolishni istardim.

Uchrashamiz siz-la, baribir,
O'tsa hamki oradan yillar.
Chunki sizsiz zamin tor axir,
Chunki sizsiz befayz manzillar...

Bahor
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar