Yolg'oni boshiga yetgan qiz

Bu voqea mening dugonam bilan 2011-yilda sodir bo'lgan. O'shanda 9-sinfda o'qirdik. Dugonamning otasi farzandlariga kompyuter sovg'a qildi. Internetdan yaxshi narsalar topib o'qish, o'rganish mumkinligini tanish-bilishlaridan eshitib, internet tarmog'iga ham ulatib berdi.

Lekin dugonam va uning ukalari (2 ta ukasi bor edi) buning o'rniga ijtimoiy tarmoqlarga berilib ketishdi. Otasi kun bo'yi ishda bo'lgani sabab buni sezmadi. A'lo baholarga o'qiydigan dugonam rosa dangasa qizga aylandi. Dangasa emas, balki, dars tayyorlamaydigan o'quvchiga. Soatlab kompyuterda o'tirgan o'quvchidan nima ham kutish mumkin axir. Qo'shimchasiga qulog'iga naushnik taqib olib, qo'shiq ham eshitardi. Darslar esa oxirgi o'ringa tushib qolgandi.

Bu voqea sodir bo'lgan kuni ham dugonam dars tayyorlamay, tungi soat 02:00 ga qadar "odnoklassniki"da o'tirdi. Ertalab turib esa uy vazifalari qilinmagan holda darsga keldi. O'shanda tarix darsi edi. O'qituvchimiz Lola opa keksa bo'lsa-da, o'ta talabchan va qattiqqo'l ayol edi. U dugonamni o'rnidan turg'izib, o'tgan mavzu bo'yicha savol bera boshladi. Mavzuni aqalli ochib ham qaramagan dugonam bo'lsa indamay turdi. Savollari javobsiz qolgan ustoz ko'zoynagini olib, dugonamga qaradi-da:
- Sen yaxshi o'qir eding-ku, uyingda hammasi tinch­mi? - deya mehribonlarcha so'radi.

Shu payt dugonamning xayolidan "Aldasam-chi, uyimga borib so'rarmidi, shunda ikki baho olmayman, ota-onam esa maktabga chaqirilmaydi", degan fikr o'tadi va u o'ylab ham o'tirmasdan, "Onam betob, uy ishlariga yordam beryapman", dedi.
- Mayli, bir safar kechiraman. Keyingi gal tayyorlanib kelishga harakat qil, - dedi Lola opa.

Xullas, dugonam qutulib qolganidan xursand bo'lib ketdi. Ammo uyga kelganida bu hursandchiligidan asar ham qolmadi. Sababi, uyining eshigi oldida "Tez yordam" mashinasi turardi. Ma'lum bo'lishicha, dugonamning onasi hushidan ketib qolgan ekan. Tez orada ayolning og'ir dardga chalingani ma'lum bo'ldi. Dugonamning onasi 6 oydan oshiq yashadi, xolos. Ana shunda tushundimki, yolg'on hech qachon yaxshi natijaga olib kelmaydi. Bundan tashqari, so'nggi paytda olimlar so'zning qudratli kuchga ega ekanligini, har kuni takrorlaydigan so'zlaringiz hayotingizga juda katta ta'sir ko'rsata olishini isbotlashmoqda. Shunday ekan, bizga berilgan imkoniyatlardan to'g'ri foydalanaylik.

Dugonamga keladigan bo'lsak, u qilgan ishidan qattiq pushaymon. Lekin onani qaytarib bo'lmaydi. Hozir u yaxshi o'qib, universitetni tamomladi. Shu voqeadan so'ng har narsani gapiravermaydigan, har bir gapini o'ylab gapiradigan bo'ldi.

Manba: "7 Mo''jiza" gazetasi


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .
  • Fikr bildirilmagan