Adoqsiz o'kinch

Avtobusda ketib borarkanman, yo'l yoqasidagi paxta dalalariga ko'zim tushdi. Paxta terimi boshlanibdi… Mana, bir necha yildirki, kuz kirib, ochilib yotgan paxta dalasini ko'rdim deguncha, ko'z o'ngimda o'sha mash'um voqealar gavdalanaveradi.

Bolaligim chekka bir qishloqda o'tgan. Oilamiz kambag'al oilalardan biri edi. Esimda, dadam oddiy ishchi, oyim esa uyda tikuvchilik bilan shug'ullanardi. Shu bilan kattagina bir oilaning tirikchiligi o'tib turardi. Biz oilada olti farzand edik. Opam va akam maktabda o'qir, men esa endigina olti yoshga to'lgandim. Bundan tashqari, ikki singlim va bitta ukam ham bor edi.

Elas-elas eslayman, oyim har yili paxta yig'im-terimi boshlanishi bilan yosh bolali bo'lishiga qaramasdan, mahallamizning ko'pgina ayollari qatorida terimda qatnashardi. Paxta terimi majburiy emasligiga qaramay, oyimning unda ishtirok etishi biz bolalarni ajablantirardi. Keyinroq bilsam, paxta yig'imida qatnashganlarning mehnatiga yarasha haq to'lanarkan.

Kuzning ilk kunlari. Hamma joyda paxta yig'im-terimi boshlangan. Oyim unda ishtirok etmoqchiligini dadamga aytgan edi, dadam tutaqib ketdi:
- Jinni bo'ldingmi, Zebo? Axir Shamshodbek hali go'dak-ku! Uni qanday yolg'iz qoldirib bo'ladi, axir?!
- Dadasi, yaqinda havo soviy boshlaydi, bolalarga qishki kiyim degandek…
- Yo'q, bo'lmaydi!

Oyim yana allanimalar deb ko'ndirmoqchi bo'ldi. Dadam, baribir, unamadi. Biri unday dedi, biri bunday. Axiyri jig'ibiyron bo'layotgan dadam:
- Bormaysan, men qarshiman! - dedi qat'iy. - Buni xayolingdan chiqarib tashla!

Dadamni ko'ndirishning iloji yo'qligini fahmlagan oyim:
- Xo'p, - dedi xo'rsinibgina.

Lekin oradan ikki kun o'tar-o'tmas dadam bir necha kunga boshqa viloyatga ishlashga ketdi. Oyim esa dadamga aytmasdan, yo'qligidan foydalanib, paxta terimiga qatnashmoqchiligini aytdi.
- Mahliyo, Shamshodjonga sen qaraysan, maktabdan kelguningcha unga Muhayyo qarab turadi, - dedi oyim. - Paxta dalasi uyimizga yaqin joyda. Bir necha kun borsam hech narsa bo'lmaydi. Dadang bilmagani ma'qul.
- Men maktabdan kelguncha Muhayyoning o'zi uchta yosh bola bilan qiynalib qolmaydimi, oyi? - dedi opam.
- Fotima va Zuhra endi yosh bola emas, ular opalarining aytganini ikki qilishmaydi. Qolaversa, Shamshodjon yuvosh bola, u Muhayyoni qiynab qo'ymaydi, qornini vaqtida to'yg'azib, kiyimlarini vaqtida almashtirib tursa, kifoya. Axir Muhayyo endi yosh bola emas-ku! - deya menga qarab jilmayib qo'ydi oyim. Oyimning meni aldayotgani azbaroyi yoqib ketdimi, ich-ichimga sig'may:
- Ha, oyijon, xuddi siz aytgandek qilaman! - dedim g'ururlanib.

Ertalab oyim o'ziga kerakli narsalarni tayyorlab, yo'lga otlandi. Keta turib, menga yotig'i bilan uqtira boshladi:
- Ukang va singillaringni senga omonat topshirdim, qizim. Opang va akang maktabdan kelguncha ularga ko'z-quloq bo'lib tur. Shamshodjonni uydan tashqariga olib chiqma, havo issiq - unga yomon ta'sir qilishi mumkin. Fotima va Zuhraga ham ehtiyot bo'l. Ularning katta yo'lga chiqishiga yo'l qo'yma, mashinalar serqatnov. Peshinda kelib, sizlardan o'zim xabar olaman. Senga ishondim, qizalog'im, - dedi-yu, ko'ziga yosh olib, uydan chiqib ketdi.

Uyda to'rt bola yolg'iz qoldik. Bu vaqtda ukam uxlab yotardi. Singillarim bilan uylarni saranjom-sarishta qildik. Ukam uyg'onishi bilan men unga oyim tayyorlab ketgan sutni ichirdim. Kiyimlarini almashtirdim. Hovlida Fotima va Zuhraning ovozi eshitilib turardi. Bola emasmanmi, mening ham ularning yoniga chiqqim, ular bilan o'ynagim kelardi. To'satdan "Oyim dadamdan yashirincha paxta terimida qatnashyapti-ku, men ham oyimga bildirmasdan ukamni hovliga olib chiqib, o'ynatsam nima qilibdi", degan o'y ketmay qoldi xayolimdan. Bu nechog'lik o'ynagim kelayotganidan darak edi. Oqibat shunday qildim ham. Jussam kichik bo'lgani uchun bo'lsa kerak, ukamni zo'rg'a ko'tarib, hovliga olib chiqdim. Bu paytda singillarim hovlimizdan sal nariroqda joylashgan qo'shni amakining hovlisiga o'tib ketishdi. Men juda zerikdim va hovlimizning to'rida joylashgan daraxt tagidagi so'riga borib, ukamni yotqizdim. Biroz o'tib Shamshodjon injiqlik qila boshladi. Men uni ko'tarib, so'ridan pastga tushayotganimda birdan ukam qo'limdan sirg'alib, tosh yotqizilgan yo'lakka boshi bilan tushib ketdi. Ukam chinqirab yig'lar, men esa qo'rqib ketgandim. Shunchalik qo'rqib ketdimki, buni hatto so'z bilan tasvirlashning ham iloji yo'q. Dabdurustdan "Bu mening aybim ekanini bilishmasligi kerak", degan o'y keldi miyamga. Shuning uchun birov eshitmasin deb, qo'lim bilan og'zini to'sdim va uyga olib kirdim.

Uyga kirganimizdan so'ng ukamga diqqat bilan razm soldim. U nafas olishga qiynalar, boshining orqasi biroz jarohatlangan va qonayotgan edi. Qonni oyim ko'rib qolmasin deb, yugurib borib, dokani ho'llab kelib, so'ng ukamning jarohatiga bosdim. Shamshodjon sal tinchlangandek bo'ldi.

Meni vahimali o'ylar iskanjaga olardi. "Baxtimga singillarim uyda emas, ukamni yiqitib qo'yganimni ko'rishsa, oyimga aytib berishar, oyim esa meni kechirmas edi", deb o'ylardim ichimda. Aslida, o'sha paytda bilmasdim, bu o'y qanchalik bema'niligini.

Endilikda yuragim hapqirib, qo'rqinchli xayollar girdobida akam va opamni kuta boshladim. Ular ham ko'p kuttirishmadi. Biroz o'tib maktabdan kelishdi. Kelishdi-yu, hech narsaga ahamiyat berishmadi. So'ng oyim ham kelib, bizdan xabar oldi. Xayriyat, hech kim ukamning boshidagi jimitdek yarani payqamadi. Shu zaylda 4-5 kun o'tdi.

E'tibor berib qarasam, Shamshodjon kundan kunga ko'proq injiqlik qilayotgandek edi. Kechalari harorati ko'tarilar, tinimsiz yig'lardi. Shu sababli oyim uydan chiqolmay qoldi. Kuni bo'yi Shamshodjon bilan andarmon bo'lardi. Shunday kezlarda men yurak yutib, borini aytgim kelar, ammo har gal onamning qarshisida turganimda oyoq-qo'llarim dir-dir qaltirab, kuchli qo'rquv va hayajon tufayli buning uddasidan chiqolmasdim. Bu orada dadam ham xizmat safaridan qaytdi. Bir kuni ukam kechasi bilan umuman uxlamadi, u tinimsiz yig'lardi. Lekin biroz o'tib Shamshodning ovozi tindi, u qimirlamas, toliqqan ko'zlari esa bir nuqtaga tikilgancha jonsiz haykalga o'xshab yotardi. Oyim dod soldi. Shunday uvvos solib yig'lardiki, men juda qo'rqib ketdim. Onamni zo'rg'a yupatgan dadam ukamni dast ko'tardi. So'ng ikkalasi zudlik bilan Shamshodjonni shifoxonaga olib ketishdi. Shifokorlar uni tekshirib, yaqin orada ukamning miyasi lat yegani va unga yaxshi e'tibor berilmagani tufayli asab tizimi faoliyati ishdan chiqqanligini aytishibdi. Shu ko'yi dadam "sirlar"imizdan voqif bo'ldi.

O'sha voqeadan keyin ukamni ko'rsatmagan shifokorimiz qolmadi, hisob. Hozirgacha qayerdan yangi tabib yoki shifokorning daragini eshitsak, yuragimizda yangi umid bilan Shamshodjonni olib boramiz. Lekin hech birining muolajasi ukamning sog'ligini yaxshilay olmaydi. Ukamning bunday bo'lishida hammamiz o'zimizni birdek aybdor his qilamiz. Hozir hech narsadan kamimiz yo'q, dadamning ishlari yurishib, oilamizning ahvoli ancha yaxshilangan. Uyimizda faqatgina Shamshodjonning kulgusi yetishmaydi, xolos. Uning bu qismatiga mening qo'rqoqligim sabab bo'lgan. Buni hech kim yuzimga solmagan bo'lsa-da, hamma biladi. Agar o'shanda barchasini tan olganimda ukaginam tuzalib ketishi mumkin edi. Bu mening butun umrlik o'kinchim bo'lib qoladi…

Umida Jumayeva
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar