Na sen uni eslading, na men unutdim...

Qadamlar bosardik biram ohista,
Bahor poyimizga gullar to'shardi.
Ko'zlarim axtarib ko'zingga tushsa,
Daryodek qalbimda ishqim jo'shardi.
Balki, sevar edim, balki, sevildim,
Sen ham indamading, men ham jim yurdim.
Saraton tashnalar etdi dilimni,
Sen eding baxtimning zilol chashmasi.

Nega aytmadim axir tutib qo'lingni -
Menga ne kerak sendan boshqasi?!
G'animat yoshligim, g'aflat yoshligim,
Sen ham bilmaganding, men ham kech bildim.
Qadamlar bosyapman ohista, yolg'iz,
Poyimda qor emas, alam g'ijirlar.
Hamon ta'rifingga izlayapman so'z,
Bedor tunlar qog'ozdek ko'nglim g'ijimlar.
Mudom yuragimda yashar ilk sevgim,
Na sen uni eslading, na men unutdim.
 
"Bugun yana tunda uyg'ondim. Yana uyquni quvgan xayollarim nima qidirayotganini unutib, boshi oqqan tomonlarga talpingancha uzoq o'tmishga, yoshlik paytimga qarab ketdi. Yoshligim oltin shahardek olis-olislardan porlab ko'rinib turardi. Unga yaqinlashgach esa yana o'sha yuragimni hapriqtirgan qo'ng'iroq jarangidek kulging eshitildi. "Kulishing menga yoqadi!" Bu gapni yana ichimda aytdim, hatto shivirlamadim ham. Mening tilimni nima bog'ladi, bilmadim. Yana sen bilan shunchaki do'stona suhbat qurdim. Ha, do'stona… Aslida, yoningda butun borlig'imni qandaydir yoqimli, hatto kuydirgandek issiq taft egallab olsa-da, shunchaki sovuqqon, ichimdan kelayotgan alangani yana ichimga yutgancha sen bilan do'stona suhbat qurdim. Go'yo ixtiyorimsiz, hatto idrokimni ojiz qoldirgancha qalbimda senga nisbatan jo'sh urayotgan tug'yonlarni oshkor qilsam, mendan xafa bo'lasan va men endi jarangli kulgingdan, betakror husnu malohatingni ko'rishdan, shirin suhbatingdan bebahra qolaman.

"Sen yaxshi bolasan!" Mana shu so'zlaringning o'zi menga eng yuksak mukofot bo'ldi. Go'yo men maqsadimga erishdim, go'yo men qalbingni zabt etdim. Menga bundan ortig'i kerak emas! Senga tuyg'ularim haqida hech narsa demadim. Kim biladi, balki pok, beg'ubor, murg'ak go'dakdek himoyasiz tuyg'ularimni shafqatsiz olamdan asragandirman. Tuyg'ularimni oshkor etib, ular taqdirini tavakkalga qoldirishni istamagandirman. Hozirgacha ular shunday sof va jo'shqinligicha qolgan. Hayot har xil in'omlarga boy bo'lsa-da, shu vaqtgacha o'sha sening yoningda his qilganim, butun borlig'im va shuurimga sig'magan baxt tuyg'usini boshqa hech ham his qilmadim. Balki, hozir sen ham xuddi mendek turmush tashvishlariga sho'ng'ib ketgandirsan?! Yoshlikning xayolot olamidan chiqib, haqiqiy hayot kechirayotgandirsan? Sevikli yor, mehribon onadirsan. Seni hozir uchratib qolsam, o'sha betakror tuyg'ularni tuyish tugul, balki tanimasman ham. Lekin qachon xayollarim meni yoshlik mamlakatimga yetaklasa, seni o'sha 17 bahorimizdagi timsolingni ko'raman. Hamon o'sha-o'sha… Sho'x, latofatli, jozibali qiz… Bu suvrating yillar o'tsa-da, ko'nglim oynasida o'z aksini hech qachon tark etmaydi. Sog'insam ham, ko'rgim, suhbatlashgim kelsa ham, men o'sha 17 yosh qizni qumsayman.

Xayollarim yoshlik mamlakatidan yana ko'zda yosh bilan qaytib keldi. Har safar shu hol… Garchi dunyo yuzini ko'rmay, qalbimning tub-tubiga mahkum etilgancha qolgan bo'lsa-da, ilk muhabbatimning yodi tufayli xayollarim u mamlakatdan ko'zda yosh bilan qaytadi.

Ko'ngil halovat topmagan tun o'z o'rnini oppoq tongga bo'shata boshlagach, qalbga zarra yorug'lik indi va tongdek oppoq qog'ozga yana bir bor sening ta'rifingni bitgancha tongning shirin allasi uyqusiz ko'zlarimga orom berdi".

Javlon Nabiyev
Toshkent viloyati
Bo'ka tumani
Manba: "Hordiq plyus" gazetasi


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar