Oshkora sevgi-ovvora sevgi yoxud muhabbatning arzon o'yinlari

Balog'at fasli ta'riflanganda azaldan muhabbatga, go'zal tuyg'ularga alohida urg'u beriladi. Shu paytgacha yozilgan shoh asarlarda ham, insoniylik bitiklarida ham bu fasl ostonasidagi yigit-qizlarning ko'ngil kechinmalari shaffof buloq suvidek sof, o'zgacha mehr va ardoq bilan tasvirlanadi. Endi esa she'rlaru qo'shiqlar mavzusi o'zgaryapti. Xonanda Xadicha Qurbonovaning "Arzon bo'lib ketdi muhabbat" nomli qo'shig'ida shunday satr­lar bor: "...Ushlanmagan qo'llar qoldimi? Yurilmagan yo'llar qoldimi?.."

Bu qo'shiqni tinglab turib, beixtiyor bugungi oshiq-ma'shuqlar haqida o'yga toladi, odam. Yigit-qizlarning ko'nglidagi tuyg'ular o'z sehru jozibasini yo'qotmayaptimi? Hayotga, muhabbatga engil-elpi qarayotganlar kasriga bu qadim tuyg'uning qadri to`kilib bormayaptimi?

Sevgilimning sevgilisi bor ekan
- Malikani bir yildan beri bilardim, - deydi Akmal ismli yigit. - Uni qattiq sevardim. Tez-tez uchrashib, gaplashib turardik. Onamni sovchilikka yuborish niyatida yurganimda yo'lda notanish bir yigit bilan qo'l ushlashib ketayotganini ko'rib qoldim. Taksidan tushdimu, ularning oldiga yugurdim... Malikadan bu yigitning kimligini so'radim. U indamadi. Yonidagi yigit ham mening kimligimni so'ragan edi, qiz: "bilmasam", deb javob berdi. Aqldan ozay dedim, "Sen kimsan", deb yigitning yoqasiga yopishdim. "Kim bo'lardim, yigitiman", dedi u. "Men kim ekanman unda? Malika bilan bir yildan beri gaplashaman", desam, haligi yigit: "Men esa ikki yildan beri u bilan uchrashib yuribman", deydi. O'zimni tutolmadim, "Malikam, go'zalim, yagonam", deb yurganim o'sha qizni shu qadar yomon ko'rib ketganimdan, yuziga tuflab yubordim.
- Bu voqeani eshitib sira ham ajablanmadim, - deydi yigirma yoshli Zarifa Qurbonova. - Hozir ayrim yigit-qizlar uchun muhabbat degan so'zda hech qanday ma'no qolmagandek, nazarimda. Shunday ekan ajab­lanishga ne hojat? Men tanigan-bilgan ko'p qizlarda shunday vaziyat. Ularning aktrisalik mahoratiga qoyil qolish kerak.

Pinhona tuyg'ular qanchalar ustun edi
- Hozirgi yoshlar muhabbatni butunlay boshqa ma'noda talqin qilishadi, - deydi Muhtaram hoji aya. - Yoshligimizda qizlar u yoqda tursin, yigitlar ham yozgan xatini sevganiga berishdan hayiqardi. "Olarmikin? Birortasi ko`rib qolmasmikin?" deya xatlarini yashirincha yosh bolalardan, qizning dugonalaridan berib yuborishardi. U vaqtlardagi qizlar ham birorta yigitga ko'ngil qo'ysa, o'sha yigit sevishini aytmagunicha, tuyg'ularini ichida pinhona saqlab yuraverardi. Sevish va sevilish biz uchun juda qadrli, shirin orzu edi. Hozirgi qizlar-chi, qo'yib bersangiz, yoqtirib qolgan yigitining qo'liga o'zlari xat tutqazadi, yo'q, xat deb ham o'tirishmaydi, telefon qilib, uchrashuvga chaqiradi-qo'yadi. Sevgining qadri tushgani, yigit-qizlar o'rtasidagi munosabatlar siyqalashib borgani sayin ajrimlar ham ko'payib ketyapti. Haqiqiy sevgi ikki yosh o'rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Muhabbat er-xotin, qaynona-kelin, ona-bola o'rtasidagi munosabatlar orqali sayqallanib, go'zallashib, sabrga yaqinlashib boradi. Qizlarimizga sevgini yurakda jimgina saqlashga o'rgatmas ekanmiz, ular uni asrashni eplasholmaydi. Yoshlikdan tuyg'ulari haqida hammaga jar solishga o`rganishdimi, endi oila sirini ham baralla aytadigan bo'lishdi.

Ko'ngli qulfsiz yigitlar
- Qizlar unday, qizlar bunday deysizlar-u, yigitlar ham oppoq emas-da, - deya qizishib suhbatga qo'shiladi Nargiza ismli talaba qiz. - Shunday yigitlarni bilaman, sevgilisini har oyda almashtirib turadi. Ko'ngil eshigining qulfi, muhabbatining bekati yo'q, bunday lo`ttiboz, oliftalarni sanab sanog'iga etib bo'lmaydi. Zamonamizning bu kabi "Majnun-u, Farhod"larini har qadamda uchratish mumkin.
Xo'sh, ular muhabbatni qadrlashyaptimi? Menimcha bu soxta tuyg'ularning ko'payishiga sabab internet, televizordagi xorij filmlari va kliplari bizning milliyligimizga, urf-odatlarimizga tushov bo'layotganidadir. Vaqtini serial ko'rish-u, internetdagi behayo filmlarni tomosha qilishga sarflayotgan yoshlarimiz, sevishni ham Otabeg-u Kumushlardan emas, o'sha serial qahramonlaridan o'rganayotgandir.
- Men ham shu kunlarda o'z singlimning qilmishidan uyalib yuribman, - deydi Javohir ismli yigit. - Bozorda savdo qilaman. Bayram arafasi singlim bir-ikki marta kelib yordam bergandi. Unda yaqin sinfdoshim Akbarning ko'ngli bor, uylanish niyatida sovchi ham yuborib, unashtirgandik. Aprel oyining boshlariga to'yni belgilagandik. To'yga uch kun qolganda Akbar kechki soat 10:00 da qo'ng'iroq qilsa, singlim telefonini ko'tarmabdi. Zarur gapi borligi uchun mashinasida uyimizgacha kelgan. Mahallaning muyulishidagi ko'cha boshida singlim boshqa yigit bilan uning mashinasida gaplashib o'tirgan ekan. Akbar to'yni to'xtatib, singlimga uylanishdan voz kechdi. Mashinadagi yangi oshiq esa men savdo qiladigan bozordagi savdogar yigit bo'lib chiqdi. Singlim menga yordam bergani borganida tanishgan ekan. Ota-onamning yuzi shuvut bo'ldi. Qiz bolaning o'ylamay bosgan qadami nafaqat unga balki oilasidagilarga ham ziyon keltiradi. Shuning uchun qizlar tarbiyasida qattiqqo'l, sinchkov bo'lish kerak. Akalar singillarini nazorat qilishsa, onalar o'rtaga tushib yonini olmasin.

Manfaat bor...
- Tan olaman, mening ham ikkita oshig'im bor edi, - deya suhbatga aralashdi yigirma ikki yoshli, yaqindagina unashtirilgan Fotima ismli qiz. - Alisher akamni uzoq vaqtdan beri yaxshi ko'raman. Ammo ularning yashash tarzi, oilasi, iqtisodiy sharoiti oilamizga to'g'ri kelmaydi. Bilaman, otam u oilaga qiz bermaydi. Muhabbat yosh tanlamaganidek, vaziyatga ham qaramas ekan. Doston aka esa holi jonimga qo'ymadilar. Ularning oilasi o'zlariga to'q bo'lgani uchun rad etolmadim. Meni jonidan ortiq ko'radigan boyvachcha kuyovni nega rad etay? Hamma qizlar qatori men ham orzuimdagi baxtga erishishim uchun albatta, oilamda kamchilik bo'lmasligi kerak, deb bilaman. Qolaversa, ota-onaning ham roziligi juda muhim.
Fotimaning gaplaridan nazarimda oila muhabbat emas, manfaat ustiga qurilishi kerakdek, go'yo. Xo'sh, Alisher Navoiy asarlaridagi, xalq dostonlaridagi haqiqiy ishqni bu zamondan izlab o'tirmang demoqchimisiz? Bilaman, u kabi ishq-muhabbat hozir kamdan-kam uchraydi. Yoki umuman yo'q. Abdulla Qahhorning "Sarob" romani qahramoni Saidiy sevgilisi Munisxonga uylanolmasligining sababini bilasizmi? Saidiy ustozining o'z qiziga uylanish haqidagi taklifini rad etolmaydi. Natijada o'z hayotini, ham seviklisi Munisxonning hayotini ham barbod qiladi. Bu voqealardan har kim har xil xulosa chiqaradi. To'g'ri, kimdir hayotini sevgi-muhabbat, kimlardir esa o'zaro kelishuv ahdiga binoan quradi. Yana boshqa toifadagilar esa ikki tarafning boyligini taroziga solib, palladagi vaznga qarab yangi oilasini bunyod etadi. Har nima bo'lganda ham biz xulosa chiqarmaymiz. Baxt kimniki, degan savolga har kim o'zicha javob izlaydi. Baxt, men baxtliman deb ayta olgan odamniki emas, o'zini baxtli his qilgan odamniki, deganlar baraka topsinlar.

Vasilabonu Habibullayeva
"Oila va jamiyat" gazetasi


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .
  • Fikr bildirilmagan