O'n yetti yil kutilgan baxt

- Hayotim qayg'uga ham, quvonchga ham limmo-lim. Ammo ortga boqib, bugungi kunimga shukr qilaman. Garchi ba'zi kunlarimni eslasam, yuragim ezilib ado bo'lganda ham ichimda "Xayriyat shunday kunlar o'tgan ekan, bo'lmasa bugunning qadriga aslo yetmasdim", deyman.

Hayot meni sinadi, tobladi, mehr bilan siyladi. Turmush atalmish bir ajib dunyoning jaziramasidan qochib, soya-salqin joylarga ketib qolmadim. Qahratoni suyak-suyagimdan o'tib ketganda ham chidadim. Issiq joy izlab bekinmadim. Taqdir peshonamga nimani bitgan bo'lsa, shuni qabul qildim. Sabrning mukofotidan esa bugun boshim ko'kda.

Onamdan juda erta yetim qolganman va shu sabab ham meni erta turmushga uzatishdi. Onamning o'limidan so'ng bizning issiq-sovug'imizdan xabar olib turadigan mehribon xolam o'n yetti yoshga to'lganimda yon qo'shnisi kelin izlayotganini aytdi. Qo'shnisining kenja o'g'li yaxshi yigitligini va u bilan bir marta uchrashib ko'rishimni maslahat berdi. Xullas, Fazliddin akam bilan shu tariqa tanishdik. Turmushimizning ilk yillarida bizdan baxtli juftlik yo'q edi. Bir-birimizni chin ma'noda hurmat qilar va yaxshi ko'rardik. Ammo kunlar-kunlarga, yillar-yillarga ulanaversa hamki, Xudo bizga farzand ato etmadi. Qilinmagan amal, borilmagan tabib qolmadi. Yetti yil qalbimizda ilinj bilan yashadik. Rahmatli qaynonam yuzimga "Ketgin!" deb ochiqcha aytmasa-da, baribir, farzandining ertangi taqdirini o'ylab, injiqlik qilardi. Tirnoq ostidan kir axtarib, janjal qilgan kunlari ko'p bo'lgan. To'y-hashamlarga chiqishga esa yuragim betlamasdi. Sababi, gap-so'zlar yomg'iri ostida qolib ketgandim. Esimda, meni ham boshqa ovsinlarim qatori yangi kelin tushgan xonadonning kelin-kuyov xonasiga taklif qilishdi. Udumlarga muvofiq kelin-kuyovga joy solinayotgandi. Burchakda qimtinib o'tirgandim, yangalardan biri:

- Turing, kelin, siz ham niyat qilib, ko'rpacha soling. Zora, Xudo farzand bersa! - deb qoldi.

Xuddi hozir ko'rpacha solsam, Yaratgan menga ertagayoq farzand beradigandek umid bilan o'rnimdan turib, ko'rpachaga endi qo'limni tekkizgandim, kuyovning onasi yugurib keldi-da, yuzingda ko'zing bormi demay:
- Yo'q-yo'q, qo'ying, kelin, siz hali tug'magansiz! - deb qo'limdagini yulib oldi va katta ovsinimga qarab: - Xolidaxon, siz ko'p bolalisiz, keling, siz soling-a, farzandlarim sizga o'xshab uvali-juvali bo'lishsin! - dedi.

Ko'zimdan tirqirab yosh chiqqan bo'lsa-da, o'zimni ming azob bilan bosganman, lekin o'sha voqea sabab uch kun yig'laganman. Ba'zan challarida yangi kelinlar men bilan ko'rishmoqchi bo'lishsa, qaynonasi o'zicha irim qilib: "Bu kishi bilan keyin ko'rishasiz, keling, mana bu yangangiz bilan ko'rishing! Bu kishi bir etak farzandlarning onasi!" derdi. Hatto "Bu tug'mas xotinni kim chaqirdi o'zi to'yga!" deb aytadigan ham topilardi. Qishlog'imiz odamlari tirnoqqa zor ayolga go'yo moxovga qaragandek qarashardi. Shunday kezlarda "Ketaman!" deb har gal narsalarimni yig'ishtirsam, Fazliddin akam yo'limni to'sib:
- Hech qayerga ketmaysan! Men sensiz yasholmayman! Xudo farzand bermasa nima qilibdi? Bola asrab olamiz. Zora, Yaratganning rahmi kelib, bizga ham tirnoq ato etsa. Noshukrlik qilma, Xudo nimaiki qilsa, yaxshilikka! - derdi.

Chindan ham shunday ekan. Har bir ishdan hikmat topib yashaydigan turmush o'rtog'im aytganiday Yaratganning bizga atalgan yaxshi kunlari ham bor ekan. Fazliddin akam bilan ezgu niyatda Umidjonga farzandim kabi mehr berdim. Kemtik baxtim but bo'lgandek edi. Taqdir bizni sabrimiz uchun mukofotladi. Uyimizda chaqaloq yig'isi eshitilishini o'n yetti yil kutdik. O'n yetti yil... Intizorning dunyoga kelishi mening eng baxtli onaga aylantirdi. Hozir u to'rt yoshni qarshilayapti. Ko'p o'tmay oilada o'g'il farzandimiz dunyoga keldi. El orasida aziz bo'lsin deb unga Azizbek deya ism qo'ydik. Men qismatimdan ming marta roziman! Bugun farzandlarimning tinch zamonda betashvish ulg'ayotganiga qarab, "Ilohim baxtimga ko'z tegmasin", deb qo'yaman. Barcha sinovlarni iroda bilan yengib, shu kunlarga yetib kelishimda Fazliddin akamning ruhiy daldasi va yordami katta bo'ldi. Taqdir menga shunday umr yo'ldosh nasib etganidan quvonaman! Sinovli kunlar hammaning boshida bor! Faqat o'sha kunlarni sabr bilan yengish kerak! Sabrning mukofoti esa shirin bo'larkan!

Ma'rifat Dostonova
Buxoro viloyati
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar

  • - muxlisa

    sabr tagi oltin deb bekorga aytishmaganda shuncha vaqt bir biriga ishonib yashab kutib sabr qilganga qoyil. mukofotga loyiq albatta