Kosa tagidagi nim kosa

- Omonmisiz, ovsinjon? Keng uyning kelinchagi bo'lib o'tiribsizmi? "E, qayoqda? "Sichqon sig'mas iniga, g'alvir bog'lar dumiga", deganlariday, uch xonali uyda uch ovsin tiqilishib o'tiribmiz-da, aylanay", dersiz. Hay-hay, ovsinjon, og'zimdan chiqib, yoqamga yopishtirmasdan, yuzingda ko'zing bormi, demay so'zlamasdan burun aytib qo'ya qolay. Eringizning qalbi siz uchun keng saroy emasmi? Qaynonangizning yuragi boshi-yu adog'i ko'rinmaydigan elkan qasrning o'zi-ku! Faqat unga mehr ko'zi bilan boqing-da!

Bir kuni xuddi sizga o'xshab, kvartirada ovsini bilan yashab, "siqilib qolgan" dugonam bilan suhbatlashib qoldim. U gap orasida: "Ovsinim biram go'lki, asti qo'yaverasan! Ayni shu go'lligi uchun ham qaynonamga yoqmaydi. Oyijonim men tomon. Kamina uyda nima desa shu. Qaynonaginam uchun men oq degan narsa oq, qora deganim qora. Nog'oramga o'ynayotgan oyijonim ikkinchi kelinini ijara uyga bo'lsa ham ko'chirib chiqarmoqchi. Buning uchun ertayu kech zug'um o'tkazyapti. Men ham qaynonamdan qolishmayman. Uyda Sotti kelin mansabidaman, desam bo'ladi. Ovsinimning bir aybiga o'nta qo'shib qaynonamga yetkazaman. Ora-orada o'zim ham uni gap bilan o'yib-o'yib olaman. Lekin o'ziyam juda sabrli chiqdi. Qancha gapirmay, qilt etmaydi. Menga el bo'lishga urinadi. Men esa o'zimga yaqinlashtirishni xohlamayman", dedi maqtanib. Men esa o'ylanib qoldim. Shu gap endi maqtanishga arziydimi? Nima dedingiz?

Maqsuda
Samarqand viloyati


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .
  • Fikr bildirilmagan